Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | MAGDALALIK MARYAM

«Hazratimni ko‘rdim!»

«Hazratimni ko‘rdim!»

Magdalalik Maryam duv-duv oqayotgan ko‘z yoshlarini artib, osmonga qarardi. Uning mehribon Hazrati ustunda edi. O‘shanda bahor fasli bo‘lib, deyarli kunduz mahal edi, lekin «butun yerni zulmat bosgandi». (Luqo 23:44, 45) Kun salqin va u kiyimiga o‘ranib, yonidagi ayollarga yaqinroq turib olgandi. Bu zulmat quyosh tutilishi tufayli emas edi, chunki odatda u bor-yo‘g‘i bir necha daqiqada o‘tib ketadi, bunisi esa uch soatgacha davom etardi. Ehtimol, tun hayvonlarining qichqiriqlari eshitilib turardi. Ba’zi odamlarni qo‘rquv bosib: «Chindan ham u Xudoning O‘g‘li bo‘lgan ekan»,— deyishardi. (Matto 27:54) Atrofni yurakni siqadigan g‘amgin muhit qoplagandi. Isoning izdoshlari va boshqa insonlar buni Xudovand Yahova qattiq qayg‘urayotganining va g‘azabini ko‘rsatayotganining belgisiday qabul qilishgandir.

Magdalalik Maryam uchun Ustozining azoblarini ko‘rish rosa og‘riqli edi, ammo uning yonidan u keta olmasdi. (Yuhanno 19:25, 26) Iso ta’rifga sig‘maydigan azoblar chekardi. Albatta, uning onasi ham ko‘rayotganidan ichi achib ketayotgandi. U tasalli va daldaga muhtoj ekanini Maryam his etardi.

Maryam Iso u uchun qilgan barchasidan minnatdor edi. U uchun hamma narsaga borishga tayyor edi. Qachonlardir u faqirona, arzimas bir ayol bo‘lgan, lekin Iso bunga chek qo‘ygan. Iso unga o‘z qadrini bilishga va arziydigan hayotni boshlashga ko‘maklashgan. Vaqt o‘tgani sayin Maryam kuchli imon egasiga aylandi. Qay yo‘sin? Biz uning imonidan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

«O‘z mol-mulklarini... xizmat qilish uchun sarflashardi»

Muqaddas Kitobda ilk bor magdalalik Maryam haqida Iso u uchun qilgan bir mo‘jizadan bilib olyapmiz. Undan avval Maryamning hayoti dahshatli bo‘lgan. O‘sha paytlarda, jinlarning ta’siri rosa kuchli edi va ular ko‘p odamlarni izmiga solishardi, hatto ba’zilarning ichiga kirib, ularni boshqarishardi. Jinlar bechora magdalalik Maryamga qanday ta’sir qilganini bilmaymiz; uni yettita o‘taketgan yovuz va zo‘ravon jin boshqarganini bilamiz, xolos. Ming shukurki, Iso Masih uni hammasidan xalos etgan! (Luqo 8:2)

O‘shandan beri Maryam uchun yangi hayot boshlandi. U xaloskoriga o‘z minnatdorligini qay yo‘sin ko‘rsatdi? Maryam Isoning sadoqatli izdoshiga aylandi. U har qanday ishni bajarishga shay turardi. Iso va uning havoriylari ovqat yeyishi, kiyinishi va qayerdadir tunashi kerak edi. Ular boy bo‘lishmagan va ishxonaga borib pul ishlab kelishmagan. E’tiborini xushxabarni va’z qilish va ta’lim berishga qarata olishlari uchun ular moddiy yordamga muhtoj edi.

Maryam va boshqa bir nechta ayol ularga bunda yordam berishardi. Ayollar «o‘z mol-mulklarini... xizmat qilish uchun sarflashardi». (Luqo 8:1, 3) Ayrimlari boy bo‘lgandir. Muqaddas Kitobda ular ovqat tayyorlashgani, kir yuvishgani yoki qishloqlar bo‘ylab safarda yurishganda tunash uchun joy izlab topishgani to‘g‘risida aniq biron nima yozilmagan. Lekin ular sayohat qilib yurgan ehtimol, taxminan 20 kishiga chin yurakdan g‘amxo‘rlik qilishardi. Ushbu ayollar Iso va uning havoriylari o‘z diqqatini to‘la-to‘kis va’zgo‘ylik ishiga qarata olishi uchun ko‘p yordam berishgani aniq. Albatta, Maryam umrida ham Iso u uchun qilganlariga yarasha nimadir qilib bera olmasligini bilgan, biroq jon deb qo‘lidan kelganini qilardi.

Bugungi kunda ko‘plar kamtarona ishni bajaradigan kishilardan o‘zini baland olishadi. Lekin Alloh bunday insonlarga umuman boshqacha nuqtai nazarda! O‘ylab ko‘ring, Maryam Iso va havoriylarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganini qilganda va borini berganda, Xudo qanchalar mamnun bo‘lgan! Hozirgi kunda ham boshqalar uchun ko‘rinmaydigan kamtarona ishlar bajaradigan ko‘pgina sodiq masihiylar bor. Gohida biron savob ishi yoki hatto shirin so‘zi ancha narsa qilishga qodir. Yahova bunday yaxshiliklarni o‘ta qadrlaydi! (Hikmatlar 19:17; Ibroniylarga 13:16)

«Isoning azob ustuni oldida»

Magdalalik Maryam mil. 33-yili Fisih bayramida Iso bilan birga Quddusga borgan ko‘pgina ayollarning biri edi. (Matto 27:55, 56) Iso hibsga olinganini va tuni bilan so‘roq qilinganini eshitganda, u juda ham qayg‘urgan. Oldinda undan ham battar voqealar kutayotgandi. Pontiy Pilat yahudiy din rahbarlarining bosimi va xaloyiq ta’siri ostida Isoni ustunda shafqatsizlarcha o‘ldirishga hukm etdi. Maryam qonga belangan, holdan toygan Hazrati og‘riqqa bardosh berib, asta-sekin ko‘chalar aro uni mixlashlari kerak bo‘lgan katta ustunni sudrab ketayotganini ko‘rganga o‘xshaydi. (Yuhanno 19:6, 12, 15–17)

Kunduzi zulmat qoplaganda, magdalalik Maryam va boshqa ayollar «Isoning azob ustuni oldida» turishardi. (Yuhanno 19:25) Oxirigacha o‘sha yerda bo‘lgan Maryam Iso havoriy Yuhannoga onasiga g‘amxo‘rlik qilishini aytganini ko‘rgan. Iso Otasiga yolvorib murojaat qilganini ham u eshitgan. Maryam shuningdek, Iso nafasi uzilishidan oldin: «Amalga oshdi!» — deb aytgan so‘nggi so‘zlarini ham eshitgan. U rosa ozor chekkandi. Lekin u faqat Isoning o‘limidan so‘ng u yerdan ketganga o‘xshaydi. Keyin esa, u boy kishi bo‘lgan arimateyalik Yusuf Isoning tanasini qo‘ygan yangi qabr oldida o‘tiravergan. (Yuhanno 19:30; Matto 27:45, 46, 57–61)

Maryamning misoli imondoshlarimiz qiyinchiliklarga duch kelganda, nima qila olishimiz mumkinligini eslatyapti. Doim ham qaysidir fojianing oldini ololmasligimiz yoki kimnidir dardidan forig‘ qila olmasligimiz mumkin. Ammo rahm-shafqat va jasorat fazilatlarini namoyon eta olamiz. Mushkul pallada qo‘llab-quvvatlaydigan do‘stimiz yonimizda bo‘lishi katta baraka. Do‘stni tashlab qo‘ymaslik kuchli imon dalili. Bu anchagina tasalli baxsh etadi. (Hikmatlar 17:17)

Magdalalik Maryam Isoning onasi yonida bo‘lganining o‘zi ham unga tasalli bergan

«Men uni olib ketaman»

Isoning tanasi qabrga qo‘yilgach, uning tanasiga xushbo‘y o‘tlarni qo‘yish uchun Maryam boshqa ayollar bilan birga ularni sotib olish uchun borgan edi. (Mark 16:1, 2; Luqo 23:54–56) Shabbat kuni o‘tgach, u saharlab uyg‘ondi. Hali g‘ira-shira edi, Maryam boshqa ayollar bilan Isoning qabri tomon ko‘chalar bo‘ylab ketishayotganini ko‘z oldingizga keltiring. Yo‘l-yo‘lakay ular qabr og‘zidagi katta toshni qanday yumalatib olisharkan, deb o‘ylab ketishayotgandi. (Matto 28:1; Mark 16:1–3) Shunday bo‘lsa-da, ular uyiga qaytib ketishmadi. Imoni tufayli ular qo‘lidan kelganini qilishga va qolganini Yahova amalga oshirishiga umid bog‘lab ketishayotgani shubhasiz.

Maryam qabr oldiga birinchi bo‘lib kelganga o‘xshaydi. Uning kiraverishida u dong qotib qoldi. Qabr og‘zidagi tosh ag‘darilgan va qabr bo‘sh edi! Maryam chaqqon ayol edi, Butrus bilan Yuhannoga ko‘rganlarini aytib berish uchun yugurib ketdi. U chopganidan uzuq-uzuq nafas olib: «Hazratimizni qabrdan olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmaymiz»,— deb aytganini tasavvur qiling. Butrus va Yuhanno qabr tomon yo‘l olishdi, u bo‘sh ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Keyin esa uyga qaytib ketishdi *. (Yuhanno 20:1–10)

Maryam qabr oldiga qaytib kelganda, hamma ketib qolgan edi. Sahar tong sukunat edi. U bo‘sh qabr yonida turardi, chulg‘ab olgan his-tuyg‘ulardan u yig‘lab yubordi. Maryam hali ham Hazratining tanasi g‘oyib bo‘lganiga ishonmay, qabr ichiga nazar soldi va og‘zi ochilib qoldi! U yerda oq kiyimda ikkita farishta bor edi. Ular: «Nega yig‘layapsiz?» — deb so‘rashdi. Havoriylarga aytgan so‘zlarini ularga ham hayrat ichida takrorladi: «Hazratimni olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman». (Yuhanno 20:11–13)

U o‘girilib qaradi va yonida bir kishi turgan edi. Maryam uni tanimagani uchun, uni bog‘bon deb o‘yladi. U kishi mehr ila: «Nega yig‘layapsiz? Kimni qidiryapsiz?» — deya so‘radi. U javoban bunday dedi: «Taqsir, agar siz uni olib ketgan bo‘lsangiz, uni qayerga qo‘yganingizni ayting. Men uni olib ketaman». (Yuhanno 20:14, 15) Aytgan so‘zlari ustida obdan o‘ylab ko‘ring. Nozik bu ayol baquvvat va kuchli bo‘lgan Iso Masihning tanasini ko‘tarib, olib keta olarmidi?! Maryam bu haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmadi. U qo‘lidan kelganini qilishi kerakligini bilardi, xolos.

«Men uni olib ketaman»

Biz ham nazarimizda yenga olmaydigan rosa qiyin bo‘lib tuyulgan qiyinchiliklarga duch kelganimizda, magdalalik Maryamga taqlid qila olamizmi? Agar faqat o‘z zaifliklarimiz-u cheklovlarimizga diqqat qaratsak, qo‘rquv iskanjasiga tushib, noma’lumlikdan siqilishimiz hech gap emas. Biroq qo‘limizdan kelganini qilishga va qolganini Allohimizga ishonib topshirishga bel bog‘lasak, tasavvurimizdagidan ham ko‘prog‘ini amalga oshira olamiz. (2 Korinfliklarga 12:10; Filippiliklarga 4:13) Eng muhimi esa, Yahovani mamnun qilamiz. Shubhasizki, Maryam samoviy Otasini xursand qilgan va U uni ajoyib tarzda mukofotlangan.

«Men Hazratimni ko‘rdim!»

Maryamning yonidagi kishi bog‘bon emas edi. U avval duradgor, keyin Ustoz, endi esa Maryam eng yaxshi ko‘rgan Hazrati edi. Lekin Maryam uni tanimadi va teskari burilib oldi. U bitta haqiqatni xayoliga keltira olmayotgandi: Iso qudratli ruhiy shaxs sifatida tirildi. Iso unga inson sifatida ko‘rindi, ammo tanasi o‘limidan oldingiday emas edi. Tirilganidan keyingi hodisalarga boy kunlar davomida ko‘pincha hatto Isoni yaxshi tanigan odamlar ham uni tanimas edi. (Luqo 24:13–16; Yuhanno 21:4)

Xo‘sh, Iso Maryamga o‘zini qanday tanitdi? Iso unga bittagina so‘z: «Maryam!» — dedi. U o‘girilgach, oldinlari qayta-qayta murojaat qilganday, ibroniy tilida: «Rabbuniy!» — deb aytdi. Bu uning yaxshi ko‘rgan Ustozi edi. Maryam suyunib ketdi. Uni ushlab olib, qo‘yib yuborgisi kelmas edi. (Yuhanno 20:16)

Iso u nima haqida o‘ylayotganini bilardi. U: «Bo‘ldi, meni ushlashni bas qiling»,— dedi. Ehtimol, u bu so‘zlarni tabassum ila va muloyim ohangda aytib, qo‘lini astagina olib: «Men hali Otamning yoniga ko‘tarilganim yo‘q»,— deb aytganini tasavvur qilib ko‘ring. Osmonga ketish vaqti kelmagan edi. Bitirishi kerak bo‘lgan ishlari bor edi va Maryamning yordami kerak edi. U ustozining har bir so‘ziga diqqatli bo‘lgan. Iso unga shunday dedi: «Siz birodarlarim oldiga borib, men o‘z Otam va sizlarning Otangiz, mening Tangrim va sizlarning Tangringiz huzuriga ko‘tarilishimni ayting». (Yuhanno 20:17)

Hazrat unga juda mas’uliyatli vazifa topshirdi! Maryam tirilgan Iso Masihni ko‘rgan ilk shogirdlaridan biri bo‘lish sharafiga ega bo‘ldi. Endi esa, boshqalarga bu xushxabarni aytish vazifasi ham unga ishonib topshirildi. U quvonib, shogirdlarni izlab topish uchun yugurib ketganini ko‘z o‘ngingizga keltiring. Hayajonda, o‘zi va shogirdlar bir umr eslab qolgan: «Men Hazratimni ko‘rdim!» — degan so‘zlarni aytganini tasavvur qiling. U Iso aytgan hammasini ularga shoshib-pishib gapirib bergandi. (Yuhanno 20:18) Uning xabari Isoning bo‘sh qabrini ko‘rgan boshqa ayollarning so‘zlariga qo‘shimcha bo‘ldi. (Luqo 24:1–3, 10)

«Men Hazratimni ko‘rdim!»

«Ular ayollarning gapiga ishonishmadi»

Ular buni qanday qabul qilishdi? Avvaliga, uncha yaxshi emas. Xudoning Kalomida quyidagicha yozilgan: «Ular ayollarning gapiga ishonishmadi va buni quruq gapdek qabul qilishdi». (Luqo 24:11) O‘sha kishilar ayollarning fikrini inobatga olmaydigan jamiyatda ulg‘ayishgan edi; yahudiy ustozlarning urf-odatlariga binoan, ayol kishi mahkamada guvohlik bera olmasdi. Ehtimol, havoriylar hatto o‘zlari sezmagan holda madaniyatining ta’siriga berilishgandir. Lekin Iso va uning Otasi bunday narsalardan yiroqda. Ular ushbu sadoqatli ayolni sharafga loyiq deb bilishdi.

Maryam bu kishilarga xafa bo‘lmadi. U Hazrati unga ishonayotganini bilardi va buning o‘zi yetarli edi. Isoga ergashgan barcha izdoshlariga ham yetkazishi kerak bo‘lgan xabar ishonib topshirilgan. Muqaddas Kitobda u Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar deb ataladi. (Luqo 8:1) Iso izdoshlariga har bir inson ularga ishonadi yoki bu ishni qadriga yetadi, deb va’da bermagan. Aksincha, ularni umuman boshqacha narsa kutgandi. (Yuhanno 15:20, 21) Shu bois, masihiylar magdalalik Maryamning misolini yodda tutishsa yaxshidir. Hatto ma’nan yetuk birodarlari Maryamning so‘zlarini jiddiy qabul qilmagan bo‘lishsa ham, bu uning quvonchidan mahrum qilmadi va Isoning tirilgani haqida aytishdan to‘xtatmadi.

Vaqt o‘tib, Iso havoriylariga, keyin esa ko‘proq va ko‘proq izdoshlariga zohir bo‘lgan edi. Bir safar esa u birdaniga 500 dan ortiq shogirdlariga ko‘rindi. (1 Korinfliklarga 15:3–8) Isoning tirilgani haqida eshitgan va har safar ko‘rgan bunday vaziyatlar Maryamning imoniga imon qo‘shgani aniq. Maryam Hosil bayramida Quddusda to‘plangan ayollarning biri bo‘lgandir. O‘shanda Isoning izdoshlari muqaddas ruh bilan moylangan edi. (Havoriylar 1:14, 15; 2:1–4)

Shak-shubhasizki, magdalalik Maryam hayotining so‘nggi damlarigacha kuchli imonga ega edi. Iloyim, har birimiz haqimizda ham xuddi shunday so‘zlar aytilsin! Agar Iso Masih biz uchun qilayotgan barcha ishlarni qadrlab, Xudoning yordamiga tayangan holda kamtarlik ila boshqalarga xizmat qilsak, magdalalik Maryamning imoniga taqlid qilgan bo‘lamiz!

^ 12- x.b. Farishta ayollarga Iso Masihning tirilgani haqida aytganda, Maryam ketib qolganga o‘xshaydi. Unday bo‘lmaganda, Butrus va Yuhannoga farishtani ko‘rganini-yu Isoning tanasi qayerga g‘oyib bo‘lganini ham aytib bergan bo‘lardi. (Matto 28:2–4; Mark 16:1–8)