Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | ILYOS

U oxirigacha sabr-bardoshli bo‘ldi

U oxirigacha sabr-bardoshli bo‘ldi

Ilyos shoh Axab olamdan o‘tganligi haqida xabar oldi. Yoshi o‘tib qolgan bu payg‘ambar soqolini silagancha atrofga bee’tibor nazar soladi. U so‘nggi o‘n yillar davomida ushbu yovuz shoh qanday ishlarga qo‘l urgani to‘g‘risida fikr yuritadi. Ilyos ko‘p sabr-bardosh qildi. U Axab va malika Izabel dastidan xavf-xatar-u quvg‘unga duch keldi va hatto o‘lishiga sal qoldi. Shoh malika Izabelni Yahovaning payg‘ambarlarini qirg‘in qilish uchun qilgan harakatlarida to‘xtatishga urinmadi. Ochko‘z bo‘lgan Axab va Izabel begunoh hamda odil kishi Navo‘tni, uning o‘g‘illarini o‘ldirishga til biriktirishdi. Ularning bu ishi uchun Ilyos Axab va uning butun avlodiga Yahovaning hukm xabarini yetkazdi. Endi Xudoning aytganlari bajo bo‘layotgan edi. Axab Yahova bashorat qilganiday hayotdan ko‘z yumdi. (3 Shohlar 18:4; 21:1–26; 22:37, 38; 4 Shohlar 9:26)

Ammo Ilyos buyog‘iga ham sabr-bardoshli bo‘lishi kerakligini bilardi. Chunki malika Izabel hali tirik edi va oilasi hamda xalqqa yomon ta’sir qilayotgandi. Ilyos hali ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishi va hamkori-yu o‘rinbosari bo‘lgan Elishayga ancha narsalarni o‘rgatishi lozim edi. Keling, Ilyosning oxirgi uchta topshirig‘ini ko‘rib chiqamiz. Qay yo‘sin u imoni tufayli sabr-bardoshli bo‘la olganini ko‘rib, o‘zimiz ham imonimizni mustahkamlash uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

Oxaziyoni hukm qilish

Oxaziyo Axab va Izabelning o‘g‘li bo‘lib, endi Isroil ustidan hukmronlik qilayotgan edi. Ota-onasining xatolaridan saboq olishning o‘rniga, Oxaziyo ularning yomon o‘rnagiga ergashdi. (3 Shohlar 22:52) Masalan, Oxaziyo ham Baalga sig‘inardi. Baalga sig‘inganlar ma’badda fahshbozlik bilan shug‘ullanardi va hatto bolalarni qurbonlikka keltirardi. Xo‘sh, Oxaziyo bu yo‘ldan qaytish va xalq Yahovaga sadoqatli bo‘lishi uchun nimadir qiladimi?

Bu takabbur yosh shohning boshiga to‘satdan bir kulfat tushadi. U uyi tomining panjarasidan yiqilib, qattiq jarohatlanadi. Garchi hayoti qil ustida turgan bo‘lsa-da, yordam so‘rab Yahovaga yuz burmadi. Aksincha, u tuzalib ketishiga umid bor-yo‘qligini bilish maqsadida, dushmanlari bo‘lmish filistimliklarning Exron shahriga Baal-Zabubning oldiga xabarchilarni yubordi. Yahovaning sabr kosasi to‘ldi. U Ilyosning oldiga farishtalarni yuborib, o‘sha xabarchilarni to‘xtatishni aytdi. Payg‘ambar dahshatli xabarni aytib, xabarchilarni shohning oldiga qaytarib yubordi. Oxaziyo qilgan ishi bilan go‘yoki Isroilda Xudo yo‘qdek ko‘rsatib, og‘ir gunohga qo‘l urgandi. Tangri Yahova Oxaziyo hech qachon tuzalmasligini aytadi. (4 Shohlar 1:2–4)

Tavba qilmagan Oxaziyo: «Sizlarga peshvoz chiqib, bu so‘zlarni aytgan odamning ko‘rinishi qanaqa edi?» — deya so‘raydi. Xabarchilar payg‘ambar soddagina kiyinganini tasvirlab beradi va Oxaziyo shu zahoti: «Bu... Ilyos-ku!» — deydi. (4 Shohlar 1:7, 8) Darhaqiqat, Ilyos diqqatini Xudoga xizmat qilishga bag‘ishlab, shunchalik sodda hayot kechirganki, hatto u kim ekanligini kiyimidan bilish mumkin edi. Ammo Oxaziyo va mol-dunyoga hirs qo‘ygan uning ota-onasi haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ilyosning o‘rnagi Iso sodda hayot kechirish va ko‘zimizni eng muhim narsalarga qaratish haqidagi maslahatiga muvofiq yashashni eslatyapti. (Matto 6:22–24)

Oxaziyo qasos olish ilinjida ellikboshini 50ta sipohi bilan Ilyosning yoniga jo‘natib, uni hibsga olishni buyurdi. Ular Ilyosni «tog‘ tepasida o‘tirgan» * holatda topadi va ellikboshi uni xuddi asirlikka olib ketmoqchi bo‘lganday, qo‘pollik bilan shohning nomidan buyurib: «Yonimga tush!» — deydi. Buni bir tasavvur qiling! Garchi ular Ilyos «haq Tangrining odami» ekanini bilsa-da, o‘sha sipohlar Ilyosni qo‘rqitishimiz va unga dag‘dag‘a qilishimiz mumkin degan fikrda edi. Lekin ular qattiq yanglishgan edi! Ilyos ellikboshiga shunday javob qaytaradi: «Agar men Xudoning odami bo‘lsam, osmondan olov tushib, sen bilan 50ta sipohingni yutib yuborsin». Ha, Xudo aynan shunday qiladi. «Osmondan olov tushib, ellikboshi bilan 50ta sipohini yutib yubordi». (4 Shohlar 1:9, 10) Sipohlarning hayoti ayanchli yakun topgani, Yahova Uning xizmatchilarini pisand qilmaganlarni va hurmatsizlik ko‘rsatganlarni bee’tibor qoldirmasligini eslatib turuvchi yorqin misol. (1 Solnomalar 16:21, 22)

Oxaziyo yana boshqa ellikboshi va 50ta sipohni yuboradi. Bu ellikboshi oldingisidan ham surbetroq chiqdi. Ehtimol, u o‘sha yerda boyagi 51ta kishidan qolgan kulni ko‘rgan bo‘lsa-da, ularning o‘limidan hech qanday saboq olmadi. Ustiga-ustak, u nafaqat oldingi ellikboshining buyrug‘ini qaytardi, balki: «Tezda yonimga tush!» — deb buyurdi. Bu qanchalar ahmoqlik edi-ya! U va sipohlar avvalgilari kabi hayoti bilan vidolashdi. Ammo eng taptortmasi shoh Oxaziyo edi! Shaxtidan qaytmagan bu shoh uchinchi marotaba ellikboshi va sipohlarni yubordi. Yaxshiyamki, bu safargi ellikboshi donoroq kishi ekan. U kamtarlik bilan Ilyosga murojaat qilib, unga va odamlariga rahm qilishini o‘tinib so‘radi. Xudoning xizmatchisi bo‘lgan Ilyos bu kamtar ellikboshiga ko‘rsatgan munosabati orqali Yahovaning rahm-shafqatini aks etdi. Yahovaning farishtasi Ilyosni bu sipohlar bilan birga borishga undadi. Ilyos itoat etdi hamda Yahovaning yovuz shoh haqidagi hukmini qaytardi. Xudoning so‘zlari amalga oshib, Oxaziyo o‘ldi. Uning hukmronligi atigi ikki yil davom etdi. (4 Shohlar 1:11–17)

Ilyos kamtarin ellikboshiga ko‘rsatgan munosabatida Yahovaning rahmdilligini aks ettirgan

Xo‘sh, qanday qilib Ilyos atrofdagilarning o‘jar va isyonkorona munosabatiga duch kelganda, sabr-bardoshli bo‘la olgan? Mazkur savol bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega, shunday emasmi?! Siz uchun befarq bo‘lmagan inson yaxshi maslahatga quloq solmay yomonlik qilishda davom etganidan ko‘nglingiz tushganmi? Bunday xafagarchiliklarda qanday qilib sabr-bardoshli bo‘la olamiz? Biz sipohlar Ilyosni topgan joydan, ya’ni «tog‘ning tepasida o‘tirganidan» bir narsani bilib olishimiz mumkin. Ilyos nima uchun u yerda o‘tirganini aniq ayta olmaymiz, lekin shunga aminmizki, u ibodatlarni qadrlagan va o‘sha yerni sevimli Xudosiga yaqinroq bo‘lishga ajoyib imkon beradigan tinch joy deb bilgan. (Yoqub 5:16–18) Shunga o‘xshab, biz ham Xudo bilan yolg‘iz qolish uchun muntazam ravishda vaqt ajratishimiz, Uni ismi bilan chaqirishimiz va tashvishlarimiz-u xavotirlarimizni aytishimiz kerak. Shunda, odamlar bizga surbetlarcha munosabatda bo‘lib, tahdid solganda sabr-bardoshli bo‘lish osonroq kechadi.

Vazifani topshirish

Endi Ilyosning topshirig‘i o‘zgarish vaqti keldi. U nima qilganiga e’tibor bering. U va Elishay Gilgal shahridan ketish arafasida bo‘lganda, Ilyos Elishayni qolishga undab, taxminan 11 kilometr uzoqlikda joylashgan Baytil shahriga yolg‘iz borib kelmoqchi ekanini aytadi. Elishay qat’iylik bilan: «Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, sizni tashlab ketmayman»,— deb javob beradi. Ular Baytilga yetib kelishgach, Ilyos deyarli 22 kilometr uzoqlikdagi Yerixo shahriga yolg‘iz bormoqchi ekanini Elishayga aytadi. Elishay bu safar ham oldingidek qat’iylik ila javob beradi. Uchinchi safar, Yerixodan taxminan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan Iordan daryosini kechib o‘tishlaridan avval ham xuddi shunday holat yuz berdi. Bu yosh shogird yana bir bor qat’iylikni namoyon etdi. U Ilyosni tashlab ketmoqchi emas! (4 Shohlar 2:1–6)

Elishay muhim bir fazilatni — mehr-sadoqatni namoyon etayotgandi. Rut ham Naimaga shunday sevgini ko‘rsatgan edi. Bu sevgi turi biron nimaga yoki kimgadir mahkam chirmashib, uni qo‘yib yubormaydi. (Rut 1:15, 16) Xudoning xizmatchilari, ayniqsa, bugun ushbu fazilatni rivojlantirishlari lozim. Biz ham Elishay kabi buning muhimligini ko‘ryapmizmi?

Shubhasizki, yosh hamkorining bunday mehr-sadoqatini ko‘rish Ilyosga dalda bergan. Bu tufayli esa, Elishay Ilyosning so‘nggi mo‘jizasini ko‘rish sharafiga ega bo‘lgan. Tez oqar va ba’zi joylari chuqur bo‘lgan Iordan daryosining bo‘yida Ilyos kamzuli bilan suvga uradi. Shunda suv ikki tomonga bo‘linadi! Aftidan, haq topinishda boshchilikni zimmasiga olish uchun maxsus maktabda ta’lim olayotgan «payg‘ambarlar o‘g‘illaridan... 50tasi» bu mo‘jizaning guvohi bo‘ladi. (4 Shohlar 2:7, 8) Ehtimol, Ilyos u yerdagi ta’lim dasturini nazorat qilgan. Bundan bir necha yil avval u o‘zini sadoqatli qolgan yolg‘iz insonday his etgandi. O‘shandan beri Yahova Ilyosni sabr-bardoshi uchun mukofotlab, haq topinuvchilar soni o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. (3 Shohlar 19:10)

Daryoni kechib o‘tgach, Ilyos Elishayga: «Xudo meni olib ketmasidan tila tilagingni»,— deb aytdi. Ilyos shuni bilardiki, uning ketish vaqti yaqinlashayotgandi. U yosh do‘stini oldinda kutayotgan sharafli vazifalari-yu ishlariga hasad qilmagan. Aksincha, u Elishayga qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor bo‘lgan. Elishay faqatgina bir narsani iltimos qildi. U: «O‘tinaman, sizdagi ruhdan menga ikki hissa berilsin!» — deb aytdi. (4 Shohlar 2:9) U Ilyos ega bo‘lgan muqaddas ruhdan ikki hissa ko‘p olishni nazarda tutmagan. Elishay to‘ng‘ich o‘g‘il kabi ulush olishni iltimos qilgan. Qonun bo‘yicha to‘ng‘ich o‘g‘il oiladagi yangi mas’uliyatlarini bajarish uchun ikki hissa ko‘proq ulush olgan. (Qonunlar 21:17) Ilyosning ma’naviy merosxo‘ri sifatida Elishay topshiriqlarini bajara olishi uchun u kabi jasoratli bo‘lishi lozimligini tushungan.

Ilyos kamtarlikni namoyon etib bu masalani Yahovaga qoldirgan. Bordi-yu, Yahova keksayib qolgan Ilyos payg‘ambar olib ketilayotganini Elishay ko‘rishiga yo‘l qo‘yganida, Elishayning iltimosi bajarilardi. Ko‘p o‘tmay, bu qalin do‘stlar yo‘l bo‘ylab «gaplashib ketayotganda» ajoyib bir narsa ro‘y berdi! (4 Shohlar 2:10, 11)

Ilyos va Elishay o‘zaro do‘st bo‘lishgani tufayli qiyin paytlarda sabr-bardosh namoyon eta olishgan

Osmonda bir nur paydo bo‘lib tobora yaqinlashib kelardi. Tasavvur qiling, quyun paydo bo‘lib gumburlagan ovoz eshitiladi. Shunda bu ikki kishi oldida yorqin bir narsa paydo bo‘ladi va ular majburan ajraladi. Ehtimol, ular qo‘rqqanidan orqaga yiqilib tushgandir. Ular go‘yoki otashli aravani ko‘rgan edi. Ilyos uning ketish vaqti kelganini bilardi. Xo‘sh, u aravaga ko‘tarildimi? Bu haqida hech narsa aytilmagan. Nima bo‘lganda ham, u tepaga havoda ko‘tarilganini va quyun ichida osmonga olib ketilganini his etgan.

Elishay buni kuzatib ehtirom hissiga to‘lgan. Bunday ajoyib mo‘jizani ko‘rgani uchun Elishay Yahova unga Ilyosdagi ruhdan «ikki hissa» berishini bilardi. Ammo hozir Elishay g‘amga botgan edi va bu haqida o‘ylay olmasdi. U qadrdon keksa do‘sti qayerga ketganini bilmasdi va, ehtimol, uni qayta ko‘ramanmi deb o‘ylagandir. Elishay: «Otajon, otajon! Bu, Isroil aravasi bilan otliqlar-ku!» — deya hayqirdi. U aziz ustozi yo‘q bo‘lib qolganini ko‘rdi; bundan ko‘ngli cho‘kkan Elishay kamzulini yirtib tashladi. (4 Shohlar 2:12)

Qiziq, Ilyos osmonga ko‘tarilayotganda, yosh do‘stining hayqiriqlarini eshitdimi? Balki u ham yig‘lagandir. Nima bo‘lganda ham, Ilyos shunga amin ediki, bunday do‘stga ega bo‘lgani tufayli ba’zi qiyinchiliklarda sabr-bardosh qila olgan. Ilyosdan o‘rnak olib, Xudoni sevadigan va Uning irodasini bajarishga intiladigan insonlar bilan do‘st tutinsak, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz.

Yahova Ilyosga yangi topshiriq bergan

So‘nggi topshiriq

Xo‘sh, Elishay qayerga ketdi? Ba’zi dinlarda, u Xudoning oldida bo‘lish uchun osmonga olib ketilgan deb o‘rgatiladi. Lekin bunday bo‘lishi mumkin emasdi. Asrlar o‘tgach, Iso Masih undan oldin hech kim osmonga ko‘tarilmaganini ta’kidlagan. (Yuhanno 3:13) Shu bois, «Ilyos quyun ichida osmonga olib ketildi» degan so‘zlarni o‘qiganimizda, shunday savol paydo bo‘ladi: «Qaysi osmonga?» (4 Shohlar 2:11) Muqaddas Kitobda «osmon» so‘zi nafaqat Yahova yashaydigan joyni, balki yer yuzi atrofidagi atmosferani, ya’ni bulutlar suzib yuradigan va qushlar parvoz qiladigan «samolarni» ham bildiradi. (Zabur 147:8) Ilyos ana shu osmonga, ya’ni samoga ko‘tarilgan. Qiziq, keyin nima bo‘ldi?

Yahova aziz payg‘ambariga yangi topshiriq berib, shunchaki boshqa joyga ko‘chirdi; endi u Yahudo shohligida xizmat qilishi kerak edi. Muqaddas Kitobga ko‘ra, aftidan, yetti yildan oshiq vaqt o‘tgach, Ilyos hanuzgacha o‘sha yerda xizmat qilgan. O‘shanda Yahudoni yovuz shoh Yohuram boshqarardi. U Axab va Izabelning qiziga uylangan edi va ularning yovuzliklari davom etayotgandi. Yahova Yohuramning ustidan chiqarilgan hukm xabarini e’lon qilish uchun Ilyosga xat yozishni topshirdi. Bashorat qilinganiday, Yohuram dahshatli o‘limga duchor bo‘ldi. Bundan ham yomoni, bu voqeaga quyidagi so‘zlar bilan yakun yasalgan: «Yohuram o‘lganida hech kim qayg‘urmadi». (2 Solnomalar 21:12–20)

Bu yovuz kishi va Ilyos orasida qanday farq bor-a?! Ilyos qay yo‘sin va qachon o‘lganini bilmaymiz. Lekin shunga ishonchimiz komilki, u o‘limidan hech kim qayg‘urmagan Yohuram kabi o‘lmagan. Elishay do‘stini sog‘ingan. Boshqa sadoqatli payg‘ambarlar ham uni qo‘msashgan. Oradan deyarli 1000-yil o‘tganda ham, Yahova Ilyosni qadrlashini namoyon etgan. Masalan, Isoning qiyofasi o‘zgargan vahiyda u aziz payg‘ambarining tasvirini ko‘rsatgan. (Matto 17:1–9) Ilyosdan saboq olib, qiyinchiliklarga qaramay, imonni mustahkamlashni istaysizmi? Buning uchun Xudoni sevadigan kishilar bilan do‘stlashing, ma’naviy ishlarni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘ying va tez-tez sidqidildan ibodat qiling. Siz ham Yahovaning qalbidan abadulabad joy oling!

^ 6- x.b. Ba’zi olimlarning fikricha, bu yerda Karmil tog‘i nazarda tutilgan bo‘lib, bir necha yillar oldin Xudo aynan shu yerda Ilyosni Baalning payg‘ambarlaridan himoya qilgan. Biroq Muqaddas Kitobda bu qaysi tog‘ bo‘lgani aniq aytilmagan.