Bemorlarga tasalli va amaliy yordam berish
Jiddiy kasallikka yo‘liqqanlar tezda xavotirga berilishi mumkin. Kasalxonaga yotishga to‘g‘ri kelganida esa, tushkunlikka tushish hech gap emas. Shu bois, tibbiy jurnalda «tadqiqotlarga ko‘ra, bemorning hissiy va ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uning sog‘ayishiga ta’sir qilishi» haqida aytilgan *.
Bunday ehtiyojlarga diqqat qaratgan holda, Yahovaning Shohidlari kasalxonada yotgan imondoshlariga Muqaddas Kitob asosida tasalli va amaliy yordam berishadi. Mahalliy oqsoqollar jamoatdagi kasal imondoshlarini yo‘qlash uchun tashabbus ko‘rsatishadi. Xo‘sh, uyidan uzoqdagi kasalxonada davolanayotgan Yahovaning Shohidlari haqida nima desa bo‘ladi? Dunyo bo‘ylab yirik shaharlarda Yahovaning Shohidlari bemorlarni yo‘qlash guruhlarini tashkil qilishgan. Ushbu guruhdagi jamoat oqsoqollari kasalxonadagi imondoshlarini muntazam yo‘qlab, mamlakatning boshqa hududidan yoki hatto boshqa mamlakatdan kelgan oila a’zolariga ham yordam berishadi. Oltita qit’adagi taxminan 1 900 ta bunday guruhda 28 000 dan oshiq ixtiyoriy xizmatchi bor *.
Ular qanday tasalli berishadi?
Bemorlarni yo‘qlash guruhining a’zosi Uilyam shunday dedi: «Imondoshlar va Yahovaning Shohidi bo‘lmagan ularning oila a’zolari bilan shunchaki suhbatlashishga va tinglashga tayyor bo‘lib, ularga taskin beraman. Ularni Yahova vaziyatdan xabardor ekaniga va ular haqida g‘amxo‘rlik qilishiga ishontiraman. Bemorlar va ularning oila a’zolari ular uchun qilgan ibodatlarimizni qadrlashadi».
Ko‘plar bunday guruhlardan dalda olgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Quyida Qo‘shma Shtatlarda bo‘lgan bir nechta misol keltirilgan. U yerda bemorlarga tashrif buyurish guruhining taxminan 7 000 ta a’zosi xizmat qiladi.
Priskilla shunday dedi: «Dadam insult bo‘lganidan keyin uni ko‘rish uchun kasalxonaga kelganingizdan minnatdorman. Bu unga qattiq ta’sir qildi. Bunday yordam berganingizdan u hayron qoldi. Menimcha, yo‘qlab kelganingiz tufayli dadam tezroq sog‘ayib ketdi».
Kasal onasi olamdan o‘tgan Ofiliya bemorlarni yo‘qlash guruhining vakiliga: «Kelganingizdan oyim juda minnatdor edi. Sizlarni Yahova yuborganini u bilardi. Mehr ila g‘amxo‘rlik qilganingiz uchun rahmat»,— deb aytdi.
Imondoshimiz bir necha kunlik umri qolganini eshitib, tushkunlikka tushgandi va xavotirlanardi. Bemorlarni yo‘qlash guruhining a’zosi Jeyms u bilan vaqt o‘tkazdi va Muqaddas Kitobdagi Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qib tasalli berdi. Jeyms quyidagicha bo‘lishdi: «Ertasi kuni uni ko‘rishga kelsam, u munosabatini ijobiy tarafga o‘zgartirgan edi. Tashxisiga qaramay, u endi Yahovaning yordamiga ishonardi va aslida u menga dalda berdi».
Ular qanday amaliy yordam beradi?
Paulinaning eri uyidan uzoqda bo‘lgan kasalxonada hayotdan ko‘z yumdi. Paulina shunday so‘zlarni aytdi: «Oilamiz uchun og‘ir bo‘lgan paytda yordam berganingizdan juda minnatdormiz. Garchi ertasi kuni ishga borishingiz kerak bo‘lsa-da, bizni kutib olish uchun yarim tunda kasalxonada bo‘lishingizni bilish daldali edi. O‘n bittamiz uchun uxlashga joy tayyorlab qo‘yganingizdan va bu bilan bog‘liq barcha ishlarda yonimizda bo‘lganingizdan minnatdormiz. Bizga tasalli berish maqsadida bunday yordamni taqdim etgan Yahova hamda Uning tashkilotiga rahmat».
Niki, Geyl va Robin uyidan deyarli 300 kilometr uzoqlikda avtohalokatga uchradi. Bemorlarni yo‘qlash guruhining a’zosi Karlos bundan xabar topgach, kasalxonaga borib, ularni kutib oladi. Karlos shunday deydi: «Ularga har qanday yordam berishga tayyor ekanimni aytdim. Ammo ishim, Niki muolajalarni olishi uchun uning kichkina kuchugini ushlab turish bo‘ldi, xolos». Keyin bu guruhning boshqa a’zosi Kurtis xotini bilan keldi. Bemorlarning oila a’zolari bir necha soatdan keyin yetib kelguniga qadar, bu juftlik kasalxonada qoldi. Bemorlarning bir do‘sti: «Shunday g‘amxo‘rlik qilishgani uchun bemorlar dalda oldi. Ammo Nikining imondosh bo‘lmagan opasi Robin bemorlarni yo‘qlash guruhi taqdim etgan yordamni ko‘rib, lol qoldi»,— deb aytdi.
^ 2- x.b. Tibbiy jurnalda chop etilgan «Bemorlarning hissiy va ma’naviy ehtiyojlariga e’tibor qaratish» nomli maqola. («Joint Sommission Journal on Quality and Patient Safety», 2003-yil, dekabr, 29-jild, № 12, 661- sahifa)
^ 3- x.b. Yahovaning Shohidlari orasidagi boshqa oqsoqollar singari, bemorlarni yo‘qlash guruhlaridagi oqsoqollar ham ma’naviy cho‘ponlar sifatida xizmat qiladi, ta’lim beradi hamda va’z qiladi. Ular mehnati uchun hech qanday pul olmaydi, ammo xizmatini bajonidil va ishtiyoq bilan bajaradi. (1 Butrus 5:2)