Asosiy materiallarga o‘tish

Suratlar yordamida ta’lim beradigan ko‘p tilli risola

Suratlar yordamida ta’lim beradigan ko‘p tilli risola

Odval ismli bir ayol Mongoliyada yashaydi. U yoshi nechada ekanini aniq bilmaydi, lekin o‘zini 1921-yilda tavallud topgan deb hisoblaydi. Esini taniganidan buyon, u ota-onasining chorvasiga qaragan, maktabga esa faqat bir yil qatnagan. U o‘qishni bilmaydi. Lekin yaqinda chiqqan rang-barang suratli risola, bu ayolga Xudo bilan do‘stlashishga hamda Unga quloq solgan kishilarni porloq kelajak kutayotgani haqida bilib olishga ko‘maklashdi. Bunday bilim uning yuragiga malhamdek bo‘ldi.

Yahovaning Shohidlari tomonidan 2011-yilda nashrdan chiqqan risolaning ikki xili mavjud. Ikkalasi ham chiroyli suratlarga to‘la, lekin biri ikkinchisiga qaraganda matni kamroq.

«Xudoga quloq solib, abadiy yashang» nomli risolaning matni ko‘proq bo‘lib, yaqinda 583 tilda, «Xudoga quloq soling» deb nomlangani esa 483 tilda nashrdan chiqishni boshlaydi. Bu raqamni 2013-yil oktyabr oyida 413 tilga tarjima qilingan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi bilan solishtirib ko‘ring. Boz ustiga, mazkur ikkita risolaning adadi qariyb 80 million nusxagacha yetdi.

Braziliyalik, qariya ayol «Xudoga quloq soling» risolasini qo‘liga olganida xursand bo‘lib, shunday degan: «Menday insonlarga ham g‘amxo‘rlik qilishayotgani haqida bilish quvonch baxsh etadi. Jurnallaringizni o‘qiy olmaganim uchun ularni olmasdim. Lekin bu risola menga yoqdi».

Fransiyada yashovchi savodi yo‘q Brijet ismli ayol esa quyidagilarni aytdi: «Risoladagi suratlarni har kuni tomosha qilaman».

Janubiy Afrikadan bo‘lgan Yahovaning Shohidi shunday deb yozdi: «Xitoy zabon insonlarga haqiqatni yetkazishning bu risoladan yaxshisini topolmadim. Bu risola bilan ma’lumoti turli insonlarga — xoh u oliygohni tugatgan o‘qimishli, xoh u savodi past kishi bo‘lsin — hech qiynalmay gapira oldim. “Xudoga quloq solib, abadiy yashang” nomli risola yordamida esa qisqa vaqt ichida Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini tushuntira oldim. Bunga atigi bir yarim soat vaqtim ketdi, xolos».

Yahovaning Shohidi bo‘lgan germaniyalik ikkita ayol, o‘qimishli er-xotin bilan tadqiq o‘tkazishardi. Eri risoladan taassurot olib, shunday degan: «Nega bu risolani menga oldinroq ko‘rsatmadingizlar? U orqali men Muqaddas Kitobdagi voqealarni va tushunchalarni tezda ilg‘ab oldim».

Avstraliyada yashovchi qulog‘i og‘ir bir ayol shunday deb bo‘lishdi: «Men ko‘p yillar davomida monastirda rohiba bo‘lib xizmat qilganman. Hech kim menchalik cherkov rahbarlari bilan yaqindan muloqot qilmagan. Lekin ulardan hech biri menga Xudoning Shohligi nima ekanini tushuntirib bera olmadi. Risoladagi suratlar yordamida men Matto 6:10 oyatning ma’nosini bilib oldim».

Yahova Shohidlarining Kanadadagi filiali quyidagi maktub yozdi: «Serra-Leoneda yashovchi ko‘pgina kishilar, krio tilida “Xudoga quloq soling” risolasining chiqqanini ko‘rishganda, Muqaddas Kitobdagi xabarni yetkazishda g‘ayrat ko‘rsatayotgan Yahovaning Shohidlarini maqtashdi. Ba’zilar esa: “Sizlar insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatasizlar, afsuski aksariyat bunday yo‘l tutmaydi”».