Asosiy materiallarga o‘tish

Nigeriyada 3 000 ta Yig‘ilish Zali qurildi

Nigeriyada 3 000 ta Yig‘ilish Zali qurildi

Benin-siti shahridagi (Nigeriya) Yahova Shohidlarining Anjuman Zalida quvonchli bir hodisa munosabati bilan 2014-yil 1-mart shanba kuni 823 kishi yig‘ildi. 1999-yili, imkoniyatlari chegaralangan mamlakatlarda Yig‘ilish Zallarini qurish dasturi boshlangandan beri, Yahovaning Shohidlari Nigeriyada 3 000 ta shunday bino barpo etishdi.

Oldin

O‘sha uchrashuvda, Nigeriyada 1920-yillardan buyon yig‘ilishlar o‘tkazilishi uchun joy bilan ta’minlash maqsadida qanday ishlar olib borilganining qisqacha tarixi aytib o‘tildi. Avvallari, xususiy uylar va ijaraga olingan zallardan foydalanilgan. Birinchi hisobotlarga ko‘ra, Yahovaning Shohidlari faqatgina jamoat uchrashuvlari uchun foydalangan ilk zal, taxminan 1935-yili Ilesa shahrida qurilgan edi. 1938–1990-yillar orasida jamoatlar soni deyarli 200 barobarga, ya’ni 14 dan 2 681 gacha oshgan va ularning aksariyati yig‘ilish uchun biron joy topishga qiynalishardi. Ayrim Yig‘ilish Zallarida oltita jamoat, uchrashuvlarini o‘tkazardi. Boshqa joylarda esa, yig‘ilishlarga shu qadar ko‘p odam kelganidan, hatto zal tashqarisida turib, dasturni derazalardan tinglashlariga to‘g‘ri kelardi. Hozir ham anchagina jamoatlar, uchrashuvlarni xususiy uylar va maktablarda o‘tkazishadi.

Keyin

1990-yili, Yahova Shohidlarining filiali zallarning qurilishini qo‘llab-quvvatlash niyatida, Yig‘ilish Zallarining jamg‘armasi orqali mablag‘ ajrata boshlagan. 1997-yilga kelib, hududiy qurilish qo‘mitalari 105 ta jamoatga zallar qurishda yoki ularni ta’mirlashda ko‘maklashgan. 1997–1999-yillarda 13 ta zal barpo etilib, ularning qurilishiga odatda 7 dan 15 kungacha vaqt ketgan.

Hatto bunday tezlashtirilgan qurilish ishlari ham kamlik qilgan, negaki Nigeriyada Yahova Shohidlarining soni undan-da tezroq ortib borgan. Filialning 1998-yil aprel oyidagi hisobotiga ko‘ra, o‘shanda Nigeriyada 1 114 ta zal qurilishida ehtiyoj bo‘lgan.

Benin-siti shahrida o‘tgan ushbu o‘zgacha uchrashuvda, Nigeriya Filial qo‘mitasining a’zosi Don Trost birodarimiz shunday dedi: «Bu, ulkan topshiriq edi! “Buni qanday uddalaymiz?” — deb tashvishlangandik». 1999-yili ushbu savolning javobi topildi, ya’ni Yig‘ilish Zallarini qurish guruhlari tashkil etilib, ular 6 dan 8 gacha a’zodan iborat edi. Bu guruhlar, mamlakat bo‘ylab jamoatlarga qurilishda ko‘maklashishgan. Soddalashtirilgan loyihalarni qo‘llab, ular so‘nggi 14-yil mobaynida har oy o‘rtacha hisobda 17 ta zal qurishgan.

Trost birodarimiz bajarilgan ishlar uchun kelganlarni maqtagach, yumush hali ko‘p ekanini ham aytib o‘tdi. 2013-yil davomida Nigeriyadagi Yahova Shohidlarining o‘rtacha soni 8 000 dan ziyod kishiga ortgan. «Kelajakdagi o‘sishni inobatga olgan holda, har yili yana 100 ta zal qurishga to‘g‘ri keladi»,— dedi akamiz Trost. 2013-yili, Nigeriyada 5 700 dan ortiq jamoatlardagi Yahova Shohidlarining yuksak soni 351 000 ga yetgan.