Asosiy materiallarga o‘tish

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 135-sinfiga atalgan bitiruv marosimi

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 135-sinfiga atalgan bitiruv marosimi

2013-yil, 14-sentyabrda Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 135-sinfiga atalgan bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Yahova Shohidlarining Pattersondagi (Nyu-York) ta’lim berish markazida o‘tgan bu marosimga jami bo‘lib 10 563 kishi tashrif buyurdi. Ushbu maktab ilohiy xizmatda katta tajribaga ega bo‘lgan Yahovaning Shohidlariga malaka oshirishga ko‘maklashadi.

Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zosi Gay Pirs dastur raisi bo‘lib, Matto 28:19, 20 oyatlardagi so‘zlar bilan dasturni ochdi: «Shuning uchun boringlar, barcha xalqlardagi odamlarga ta’lim berib, menga shogird tayyorlanglar... Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar» (Matto 28:19, 20).

Birodar Pirs, Isoning so‘zlari bizning kunlargacha amalga oshib kelayotgan jarayonning sababchisi bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi. Shogird tayyorlayotgan ekanmiz, demak, insonlarga Isoning amrlari bo‘yicha yo‘l tutishni ham o‘rgatyapmiz. Albatta bunga shuningdek, «Shohlik haqidagi xushxabar»ni e’lon etish amri ham kiradi (Matto 24:14). Shu yo‘sin, har bir yangi shogird Shohlik haqida va’z etib, ta’lim berishni boshlaydi. Bu uzluksiz jarayon to‘xtamayotganining sababi nimada? «Dunyodagi aholi soni ko‘payib borayotgan ekan, demak Xudoning xalqi ham ko‘payadi»,— deb tushuntirdi Birodar Pisr.

«Ular ortig‘ini qilishgan». Qo‘shma Shtatlardagi filial qo‘mitasining a’zosi Tomas Cheki 2 Korinfliklarga 8:1–4 ga asoslanib nutq so‘zladi. Birinchi asrda Makedoniyadagi jamoatlar kambag‘al bo‘lishlariga qaramay, muhtojlikda bo‘lgan Quddusdagi imondoshlariga pul ehson qilishgan. Gilad maktabining bitiruvchilari ham xuddi shunday saxiylik va fidoyilik ruhini namoyon etishdi.

Lekin shu bilan birgalikda Makedoniyaliklar aqli rasolik ruhini namoyon etib, oilasining yoki ilohiy xizmatining zarariga bo‘lsa ham ehson qilmaganiga amin bo‘lishimiz mumkin. Birodar Cheki talabalarga Makedoniyalik imondoshlaridan o‘rnak olib, saxiylik ko‘rsatayotganda mulohazakor bo‘lishni maslahat berdi.

«Maktab o‘z nihoyasiga yetdi». Yetakchi kengashning a’zosi Semyuel Xyord, talabalarga nima sababdan ular Gilad maktabidagi xotiralarni qadrlashlari kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Sahardan quloqqa chalingan yoqimli tarona, kun davomida ko‘tarinki kayfiyat baxsh etganidek, Giladdagi bebaho xotiralar ham, maktab tugaganiga ko‘p vaqt o‘tishiga qaramay, bitiruvchilarga kuch beradi.

Birodar Xyord, talabalarga Tangrining xotirasi cheksiz ekanini eslatdi. U yulduzlarning sonini aniq biladi, hammasining nomini xotirasida saqlaydi (Zabur 146:4). Unda nahotki U, talabalarning Gilad maktabidan to‘liq foyda olish uchun ko‘rsatgan g‘ayratini esdan chiqarsa?! Bitiruvchilar osmonda bebaho xazina to‘plashdi va hech kim uni o‘g‘irlab ketolmaydi. Zero Yahova O‘zi uchun qadrli bo‘lgan talabalarni xotirasida saqlab qo‘ygan! (Matto 6:20).

Alloh talabalarning mehnatiyu Unga ko‘rsatgan sevgini esda saqlar ekan, demak talabalar ham Gilad maktabidagi xotiralarni e’zozlashlari juda muhim. «Maktab xotiralari sizga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etganida, bu baxt uchun Yahovadan qarzdor ekaningizni unutmang. Bo‘lib o‘tganlarni bot-bot eslab turing. Shunda orttirilgan bilimlar sizga uzoq vaqt davomida foyda keltiradi».

«Cheksiz qudrat egasi Yahovadan tasalli toping». Gilad maktabining muallimi Sem Roberson, talabalarni yangi qiyinchiliklarga duch kelganda, o‘zlarining kuchlariga emas, balki Yahovaning qudratiga tayanishga undadi. Efesliklarga 3:20 da: «Alloh, biz so‘ragan yoki xayol qilganimizdan ham ortig‘ini bajarishga qodir»,— deb yozilgan. Uning cheksiz qudratini o‘lchash, aqlga sig‘dirish imkonsizdir. «Xayol qilganimizdan ortig‘ini» degan ibora esa, bu tushunchaning ma’nosini yetkazib berishga ojizlik qiladi.

Yahova har bir xizmatchisiga bu cheksiz qudrati bilan bo‘lishga tayyor. «Bahodir jangchiga» o‘xshagan Xudoyimiz nazarida katta qiyinchilik hech narsa emas (Yeremiyo 20:11). Birodarimiz Roberson, bitiruvchilarga Yahova ularning har qanday muammo va qiyinchiligini yengishga ko‘maklasha olishini eslatdi.

«Ilohiy xizmatida hurmatni joyiga qo‘ying». Gilad maktabining muallimi Uilyam Samyuelson, talabalar ikkita sohada hurmatni joyiga qo‘yib bilishni o‘rganishganini tushuntirib berdi. Ular o‘qishdan tashqari va o‘qish paytida ishlari bilan hurmatga sazovor ekanliklarini ko‘rsatishdi, shuningdek, ular koinotdagi eng nufuzli hokimiyatning, ya’ni Xudo Shohligining vakillari sifatida e’tiborga loyiq ekanliklarini isbotlab kelishmoqda.

Talabalar qanday qilib o‘z qadr-qimmatini bilib ish tutishlari mumkin? Birodarimiz Samyuelson, bitiruvchilarga Iso yonidagi insonlarning, hatto ularga maslahat yoki tanbeh berayotganida hurmatini joyiga qo‘yganini aytib, Yahova hamda boshqalarni ham izzat-ehtirom qilishga undadi. Bu qanday natija keltiradi? Ular havoriy Pavlus singari, o‘zlarini emas, xizmatlarini ulug‘lashga intilishsa, bu bilan ular o‘zining ham qadr-qimmatini oshirishadi (Rimliklarga 11:13).

«Otlarning qudrati og‘izlarida». Gilad maktabining Maykl Bernett ismli yana bir muallimi, jamoat uchrashuvida va’zgo‘ylikda so‘z erkinligi bilan gapirishni o‘rganganimizda, Vahiy 9:19 dagi bashoratga muvofiq yo‘l tutishimiz mumkinligini ko‘rsatib berdi. So‘ng u, talabalardan maktabda tahsil olgan paytda sodir bo‘lgan qiziqarli voqealarni aytib berishni yoki namoyish qilib berishni so‘radi. Masalan, bir talaba gaz to‘ldirish shaxobchasida navbatda turgan kishiga: «O‘zga xalqlar davroni qachon boshlangan va tugagan», — deya so‘raganida, qiziqish uyg‘otganini aytib berdi (Luqo 21:24). Keyingi safar unikiga tashrif qilganida, Doniyor kitobining 4-bobidan hamda «Muqaddas Kitob ta’limotlari» kitobining ilovasidan foydalanib, ushbu savolga javob berishga yordamlashdi.

«Ular qalblarini mustahkamlashdi». Amerika Qo‘shma Shtatidagi filial qo‘mitasining a’zosi Adrian Fernandes, maktabni bitirayotgan ikkita juftlikdan intervyu oldi. Helge Shumi ismli birodar Muqaddas Kitobdan Xudoning ba’zi xizmatchilari sharafli xizmatga tayinlangandan keyin mag‘rurlanib ketishgani, shu sababli Gilad maktabida ko‘p marotaba kamtarin bo‘lib qolishni maslahat berilgani haqida gapirdi (2 Solnomalar 26:16). Piter Kenning ismli birodar ham, shunga o‘xshash maslahatni esladi. O‘qish paytida ularga: «Mag‘rurlanma. O‘zingni past olishga tayyor tur»,— deya aytish odatiy bo‘lgan. Shunday qilib, ularning to‘rtalasi, bebaho ta’lim, yangi ishlarga bel bog‘lab, yuraklarini mustahkam qilgani uchun minnatdorchilik bildirishdi (Ibroniylarga 13:9).

«Ismlaringiz osmonda yozilganiga xursand bo‘linglar» (Luqo 10:20). Yetakchi kengash a’zosi Jeffri Jekson, dasturning maxsus nutqi bilan chiqdi. O‘tmishda Gilad maktabida tahsil olganlardan farqli o‘laroq, hozirgi bitiruvchilarning aksariyati noyob bir vazifaga ega bo‘lishmas yoki samarasiz hududda va’z qilib, hayratda qoldiradigan vaziyatlarga duch kelishmas. Ular bunga qanday munosabatda bo‘lishlari darkor?

Isoning 70 ta shogirdi va’zgo‘ylikdan qaytib kelganida, ular Isoga uning nomi bilan jinlarni quvib chiqarishganini zavq bilan aytib berishgan edi (Luqo 10:1, 17). Iso bunday xabar chindan ham quvonchli ekanini tushunardi, lekin u shunday degan: «Jinlar sizlarga bo‘ysunishganiga emas, balki ismlaringiz osmonda yozilganiga xursand bo‘linglar» (Luqo 10:20). Mazkur so‘zlari bilan Iso bu kabi qiziqarli voqealar har kuni sodir bo‘lmasligini ko‘rsatmoqchi edi. Ular diqqatlarini erishgan natijalariga emas, balki Yahovaga bo‘lgan sadoqat va ularning «ismlari osmonda yozilganiga» qaratishlari lozim edi.

«Iso 70 ta shogirdiga bergan saboq, bizga ham tegishli»,— dedi Jefri Jekson. Asosiy quvonch manbai yoki Xudoga bo‘lgan sadoqatimizning asosiy ko‘rsatkichi, xizmatimizda erishgan natijalar bo‘lmasligi lozim. Aksincha, Xudo bilan do‘stona munosabatlardan va ilohiy xizmatda tirishqoqlik bilan mehnat qilishdan xursandchilik topib, sadoqatimizni isbotlagan bo‘lamiz.

Hatto Iso, ko‘p vaziyatlarda tushkunlikka tushib turgan. Masalan, mo‘jiza yaratib minglab odamlarning qornini to‘yg‘azganidan so‘ng, ular uning orqasidan ergashib kelishni boshlashgan (Yuhanno 6:10–14, 22–24). Lekin o‘shalar orasidan ko‘pchilik Isoning ta’limotlaridan qoqinib, uning orqasidan ergashmay qo‘yishdi va eski ishlariga qaytishdi (Yuhanno 6:48–56, 60, 61, 66). Lekin sadoqatli havoriylar bu shogirdlardan farqli o‘laroq, Iso bilan qolishga qat’iy qaror qilishgan. Ular diqqatlarini natijaga emas, balki Yahova bilan munosabatlarini qadrlashga va Unga sadoqatli qolishga qaratishgan (Yuhanno 6:67–69).

Xotima. Bitiruvchilardan biri butun sinf nomidan minnatdorchilik bildirganidan so‘ng, barcha talabalarga diplomlar topshirildi. Birodar Pirs, dasturga xotima yasaydigan bo‘ldi. U Xudoning xalqi, shu jumladan Gilad talabalari dunyodagi insonlardan hech qanday ustunliklari yo‘qligini aytdi (Havoriylar 4:13; 1 Korinfliklarga 1:27–31). Lekin Yahova bag‘ishlanuvimizni qabul qilib, bizga muqaddas ruhini berdi. Garchi Yahova olgan tahsilimizdan taassurotda qolmasa-da, ammo Unga bo‘lgan sadoqatimiz va imonimizdan U ta’sirlanib ketadi.