Asosiy materiallarga o‘tish

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 137- sinfiga atalgan bitiruv marosimi

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 137- sinfiga atalgan bitiruv marosimi

2014-yil, 13-sentyabrda Yahova Shohidlarining Pattersondagi (Nyu-York) ta’lim berish markazida Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 137-sinfiga atalgan bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu maktabda to‘la vaqtli maxsus xizmatda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan Yahovaning Shohidlari tahsil olib, o‘zlari tayinlangan jamoat hamda filial faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda yanada samarali bo‘lishni o‘rganishadi. Dasturni jami bo‘lib 12 333 kishi tingladi. Ularning bir qismi Pattersonning o‘zida, boshqalari esa Kanada, Yamayka, Puerto-Riko va Qo‘shma Shtatlarda Internet orqali uzatilgan jonli efirda dasturni tomosha qilishdi.

Yahova Shohidlari Yetakchi kengashining a’zosi Semyuel Xyord, dastur raisi sifatida xizmat qildi. U nutqining boshida Yahovaning fikrlari biznikidan qanchalik yuqori ekanini ta’kidlab o‘tdi (Ishayo 55:8, 9). Xyord birodarimiz, Gilad maktabining talabalari besh oy davomida Alloh haqida ko‘p bilib olganiga qaramay, «bular Xudo qilgan ishlarning kichik bir parchasi» ekaniga urg‘u berib o‘tdi (Ayub 26:14). Shuningdek, u Xudoning fikrlarini qancha muhokama qilmaylik doim foydali ekanini va shu safargi bitiruv marosimining dasturi ham bundan mustasno emasligini aytdi.

Muqaddas ruhning samarasi — sabr-toqat (Galatiyaliklarga 5:22, Turkiya 1998). Qo‘shma Shtatlardagi filial qo‘mitasining a’zosi Jon Larson, muqaddas ruh samarasi bo‘lgan sabr-toqat fazilatini qaysi ikkita muhim sohada namoyon etishimiz mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Birinchisi, Yahova Taolo bizga ta’lim-tarbiya berayotganda hamda imonni mustahkamlashga ko‘maklashayotganda sabr-toqatli bo‘lishimiz zarur (1 Butrus 5:10). Bunda Ibrohim payg‘ambar bizga yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi. Tangri Yahova unga ta’lim-tarbiya berayotganda hamda va’dasini amalga oshirganida, Ibrohim sabr-toqatni namoyon etdi (Ibroniylarga 6:15).

Ikkinchisi, o‘zimizga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishimiz muhim. Gilad maktabini tugatgach, talabalar o‘zidan juda ko‘p narsani kutishi mumkin. Mabodo ular olgan topshiriqlarni o‘zlari istagandek bajara olishmasa: «Nega ishim yurishmayapti?» — deya xavotirga tushishlari mumkin. Larson birodarimiz shaxsiy tajribasidan kelib chiqqan holda, agar talabalar o‘ziga nisbatan sabr-toqatli bo‘lib xizmatda g‘ayratini so‘ndirmasa, bu vazifaning uddasidan chiqa olishiga ishontirdi. Shunda Yahova ham boshlagan ta’limini oxirigacha yetkazadi (Ibroniylarga 6:11, 12).

«Kamtarin bo‘lib, abadiy yashang!» Yetakchi kengash a’zosi Entoni Morris so‘zlagan nutqining nomi Zabur 22:26 ga asoslagan edi. Mazkur oyatning oxirgi qismi tom ma’noda «ilohim, yuragingiz abadiy yashasin» deya tarjima qilinadi. Bu barakaga ega bo‘lish uchun esa bizdan kamtarin bo‘lish talab etiladi. Morris birodarimiz, mabodo kamtarinlikni rivojlantirmay qo‘ysak, Yahova Taolo nazarida yaroqsiz bo‘lib qolishimizga urg‘u berdi. Har birimiz, hatto ko‘p yillik Xudoning xizmatchilari Iso alayhissalom singari bo‘lish muhimligini unutib qo‘yishi hech gap emas (2 Butrus 1:9).

Muqaddas Kitobda kamtarin va mag‘rur kishilarning misollari bor. Masalan, kekkaygan Hirod Agrippaga xalqning xushomad so‘zlari juda yoqib ketdi. U aslida Xudoga tegishli bo‘lgan sharafni bezbetlarcha o‘ziga munosib deb bildi. Natijada Allohning farishtasi uni urdi va u «qurtlarga yem bo‘lib, o‘ldi» (Havoriylar 12:21–23). Ammo Butrus aksincha yo‘l tutdi. Iso unga: «Xudo kabi emas, insonlarday fikr yurityapsan»,— deb tanbeh berganida, Butrus xafa bo‘lmadi yoki jahli chiqmadi (Matto 16:21–23). U maslahatni qabul qilib, kamtarinlikni namoyon etishda yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi (1 Butrus 5:5).

Talabalardan ayrimlari Yahova Shohidlarining filiallaridan birida xizmat qilishga tayinlanishgan. Shu sababli Morris birodarimiz, ilohiy xizmatda kamtarin bo‘lmasak, xursandchilikni yo‘qotib qo‘yishimiz haqida ogohlantirdi. Ammo o‘zimizda bu fazilatning bor yoki yo‘qligini aniqlash juda mushkul masala. Morris bundan bir necha yil oldin sodir bo‘lgan voqeani aytib berdi. Bir oqsoqolga kamtarinlikni namoyon etmagani uchun maslahat berilganida, u filialga maktub yozib: «Eng kamtarin inson ekanligimni bilaman»,— deb aytgan ekan. Morris birodarimiz, talabalarni bu kabi fikrlash tarzidan qochishga undadi. Agar ular o‘zlari haqida yuqori o‘ylamasdan, aksincha asl hokimiyat Tangri Yahova hamda Iso Masihning qo‘lida ekanini anglashsagina, kamtarin inson bo‘lib qolaverishadi.

«U ruhini mo‘l-ko‘l beradi» (Yuhanno 3:34). Gilad maktabining muallimi Maykl Bernett, talabalar vazifasini bajarayotib, qanday qiyinchilik hamda ikkilanishlarga duch kelmasin, muqaddas ruh bularning barchasini yengishga yordam berishini eslatib o‘tdi. Muqaddas ruh Bazalilga muqaddas chodir qurilishida duch kelgan qiyinchiliklarni yengishga yordam bergan (Chiqish 35:30–35). Xudoning ruhi Bazalilga nafaqat hunarmandchilikni, balki boshqalarga ta’lim berish qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashgan. Gilad maktabining bitiruvchilari darsda muhokama qilingan Muqaddas Kitob ta’limotlariga qattiq amal qilishsa, Xudoning ruhi ularni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Bazalil davrida, Isroil ayollari muqaddas chodir qurilishida muhim o‘rinni egallashgan (Chiqish 35:25, 26). Shu kabi, Gilad maktabini bitirgan opa-singillar erlariga yordamchi bo‘lib «mohir ayollar» ekanini tasdiqlashdi. Bernett birodarimiz talabalarga quyidagicha maslahat berib, nutqiga xotima yasadi: «Tug‘ma qobiliyatingizdan kamtarinlik hamda itoatkorlik ruhini namoyon etgan holda foydalaning. Agar shunday yo‘l tutsangiz, Yahova sizga saxiylik ila muqaddas ruhini beradi».

«Men bilan birga raqsga tushasizmi?» Maorif qo‘mitasining yordamchisi Mark Numar, ahd sandig‘i Quddusga olib kelinayotgan paytdagi shoh Dovudning misolini qo‘llab o‘zining mavzusini ochib berdi (2 Shohlar 6:12–14). O‘sha paytda, Dovud kamtarinlik ila «a’yonlaringning cho‘rilari» bilan birga xursandchilikdan raqsga tushgan (2 Shohlar 6:20–22). O‘sha cho‘rilar shoh Dovud bilan birgalikda raqsga tushishganini hech qachon unutishmagandir. Numar birodarimiz talabalarni ramziy ma’noda «cho‘rilar bilan birga raqs tushishga» undadi. Birodarimiz ulardan shunday deb so‘radi: «Sizni, mas’uliyati kam yoki umuman mas’uliyati bo‘lmaganlarga yordam berishga tayyor inson deb bilishadimi? [...] Boshqalarni sharafli mas’uliyatlari uchun hurmat qilasizmi?»

Agar bitiruvchilar sadoqatli sevgini namoyon etaverishsa, Yahovaga taqlid qilgan bo‘lishadi (Zabur 112:6, 7). Garchi ba’zi imondoshlarga kamtarinlik yetishmasa-da, lekin talabalar bunday kamchiliklar ularga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Numar birodarimiz fikrini davom ettirib: «O‘zingizga nisbatan yuqori baho bermang. Yahovaning suruviga Alloh singari munosabatda bo‘ling»,— dedi.

«Fursatni qo‘ldan boy bermay va’z qiling». Muqaddas Kitob maktablarini nazorat qiluvchi bo‘limning noziri Uilyam Samyuelson, havoriy Pavlusning misolini keltirdi. Pavlus fursat tug‘ilishi bilan va’z qilgan (Havoriylar 17:17). Keyin esa Samyuelson talabalardan o‘qish davomidagi va’zgo‘ylikda sodir bo‘lgan qiziqarli voqealarni sahnalashtirib berishni iltimos qildi. Masalan, bitta er-xotin oziq-ovqat do‘konida bir sotuvchi ayolga duch kelishdi. Ular bu ayol qachon savdodan qo‘li bo‘shashini kutib turishdi. So‘ng ular sotuvchi ayolga «Nega Muqaddas Kitobni tadqiq qilish kerak?» nomli video lavhani ko‘rsatishdi. Shuningdek, ular bu ayolning e’tiborini jw.org saytiga qaratib, qanday qilib u ona tilida, ya’ni laos tilida ma’lumot topishi mumkinligini tushuntirishdi. Ayolning qiziqishi so‘nmasligi uchun bu juftlik unga takroriy tashrif qildi.

«Bundan buyon ham o‘zingizni Shohlik uchun bag‘ishlang». Qo‘shma Shtatdagi filialning Xizmat bo‘limidan bo‘lgan Uilyam Nonkes, to‘rtta bitiruvchidan intervyu oldi. Garchi ular Ishayo 6:8 dagi tayyorlik ruhini namoyon etib, Shohlik manfaatlari uchun xizmat qilayotgan bo‘lishsa-da, bu maktab ularni yanada ko‘proq ishni bajarishga hozirladi. Snoliya Maseko opamiz, Gilad maktabi unga qaysi sohada yaxshilanishni, ayniqsa kun bo‘yi xizmat qilgandan keyin ham vaqtdan unumli foydalanishni o‘rgatgani haqida aytib berdi. U shunday dedi: «Maktab men o‘ylagandan ham ko‘proq qila olishimni ko‘rsatdi». Dennis Nilsen birodarimiz Zafaniyo 3:17 dagi so‘zlar unga xizmatdagi muvaffaqiyatsizlikdan tushkunlikka tushmaslikka yordam berganini aytdi. «Ehtimol xizmat qilib ko‘p natijalarga erishmasman. Lekin Yahova xizmatimdan quvonishini unutmasligim kerak. Demak men ham shunday yo‘l tutishim lozim»,— deb bo‘lishdi Nilsen.

«Qushlarni diqqat bilan kuzatinglar» (Matto 6:26). Yetakchi kengash a’zosi Stiven Lett, dasturning asosiy nutqi bilan chiqdi. Lett birodarimiz, Isoning ta’limotiga binoan, qushlarni diqqat bilan kuzatib, ulardan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan bir nechta saboqlarni ta’kidlab o‘tdi (Ayub 12:7).

Tangri Yahova qushlarning rizqini berayotgan ekan, demak bizga ham g‘amxo‘rlik qiladi. Biz Alloh jamoatining a’zolari, ya’ni «uyidagilari» bo‘lganimiz uchun, U «o‘z yaqinlariga» g‘amxo‘rlik qilishiga bizni ishontiryapti (1 Timo‘tiyga 3:15; 5:8). Albatta bu bizdan ham harakat talab qiladi. Xudo tayyorlab qo‘ygan rizqini qushlar izlagani singari, biz ham Allohning barakalariga ega bo‘lishimiz uchun, Uning Shohligini hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishimiz lozim (Matto 6:33).

Lett birodarimiz, aksariyat qushlar xavfni his etganda, ovoz chiqarib bir-birini ogohlantirishini aytdi. Biz ham o‘rinli bo‘lganda, masalan, birodar «bilmagan holda biron-bir xato qilib qo‘ysa» ogohlantiramiz (Galatiyaliklarga 6:1). Shuningdek, va’zgo‘ylik faoliyatimiz orqali biz odamlarni shiddat bilan yaqinlashib kelayotgan «Egamiz kuni»dan ogohlantiramiz (Zafaniyo 1:14). Lett birodarimiz qushlar o‘rnagidan yana bir saboq olish mumkinligini ko‘rsatdi. Qushlar olis mamlakatlarga yo‘l olganda baland tog‘lar ustidan uchib o‘ta olgani singari, Yahovaning madadi bilan biz ham oshib o‘tish imkonsiz bo‘lib tuyulgan to‘siqlarni yenga olamiz (Matto 17:20).

Xotima. Barcha bitiruvchilarga diplomlar topshirilgach, talabalardan biri butun sinf nomidan minnatdorchilik maktubini o‘qib berdi. Xyord nutqiga xotima yasab, Yahovaning fikrlari yuragimizda o‘rnashib borish jarayonini, temir relsini shpalga maxsus mix (shtir) bilan mahkamlashga o‘xshatdi. Mix mahkam turishi uchun, bolg‘a bilan bir necha marta urishga to‘g‘ri keladi. Shu singari Gilad talabalari maktabda o‘rganib olganlari ustida mulohaza yuritishni davom ettirishlari muhim. «Bu bilimlar yuragingiz tubida o‘rnashib olishi uchun vaqt ajrating»,— deb aytdi Xyord birodarimiz. So‘ng u: «Xudoning so‘zlariga amal qiling va Uning qut-barakalariga ega bo‘ling»,— deya qo‘shib qo‘ydi.