Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 138- sinfi
2015-yil, 14-martda Pattersondagi (Nyu-York) ta’lim berish markazida Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 138-sinfiga atalgan bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Dasturni 14 000 dan ziyod kishi, shu jumladan, boshqa joyda bo‘lganlar ham video orqali tomosha qilishdi. Dastur Yahovani tarannum etuvchi 4 ta yangi qo‘shiq yangrashi bilan boshlanib, aynan ular keyinchalik dastur mobaynida kuylandi *.
Ushbu uchrashuvda Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zosi Jeffri Jekson dastur raisi bo‘lib xizmat qildi. Kirish qismida u talabalarga murojaat qilib, olgan bilimlarini o‘zlarida saqlamay, boshqalarning foydasi uchun qo‘llashga undadi (2 Timo‘tiyga 2:2).
Birodar Jekson Musoni o‘rnak qilib keltirdi. Muqaddas chodir qurib bitkazilmaguncha, Musoning chodiri muayyan payt davomida Isroil xalqi uchun chindan ham topinish markazi bo‘lib kelgan. Muqaddas chodirning Eng muqaddas xonasiga kirish Musoga ruxsat berilmaganga o‘xshaydi, chunki bunday qilishga faqat oliy ruhoniy haqli edi. Shunga qaramay, Muso ushbu o‘zgarishga qarshi chiqqani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Aksincha, u oliy ruhoniy vazifasini olgan Horunni sadoqat ila qo‘llab-quvvatladi (Chiqish 33:7–11; 40:34, 35). Bundan qanday xulosa? «Sizga topshirilgan sharafli vazifalarni qadrlang, lekin ularni qizg‘anmang»,— dedi Jekson birodarimiz.
«Hilpirayotgan bargning ovozidan dahshatga tushasizmi?» Bu mavzuni Yetakchi kengashning Maorif qo‘mitasining yordamchisi Kennet Flodin o‘z nutqida yoritib berdi. U talabalarga quvg‘inlar yoki qiyin topshiriqlar dastidan qo‘rquvga tushishlari mumkinligini aytdi. Birodar Flodin Levilar 26:36 ga asoslanib, yechimi yo‘qdek tuyulayotgan bunday vaziyatlarga qurib qolgan bargga qaragandek qarashga undadi. Flodin birodarimiz havoriy Pavlusning misolini keltirdi. Chunki Pavlus Yahovaga ishongani uchun barcha qiyinchiliklarni yenga olgan (2 Korinfliklarga 1:8, 10).
«Siz nimani izlaysiz?» Yetakchi kengashning a’zosi bo‘lmish Mark Sanderson dasturning keyingi nutqini yoritib berdi. U Hikmatlar 13:12 da yozilgan: «Ro‘yobga chiqmagan umid yurakni ezadi»,— degan prinsipni muhokama qildi. Afsuski, ko‘plar boylik yoki shuhrat qozonish kabi maqsadlar qo‘yib, ularga erisha olmaganlari uchun butun hayotlari davomida tushkun holatda yurishadi.
Iso yashagan davrda ba’zilar Yahyo payg‘ambar haqida noto‘g‘ri taxminlar qilishgan (Luqo 7:24–28). Masalan, ular Yahyo payg‘ambarni mavhum ta’limotlar tarqatadigan bir faylasuf, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Agar shunday bo‘lsa, unda ularning o‘y-xayollari puchga chiqqan, sababi, Yahyo haqiqat to‘g‘risida o‘rgatgan. Boshqalar chiroyli kiyingan kishini izlashgan bo‘lishlari mumkin. Lekin Yahyo kambag‘allar kabi kiyingan. Payg‘ambarni izlaganlarning umidi esa puchga chiqmagan, chunki Yahyo nafaqat payg‘ambar bo‘lgan, balki Masihga yo‘l ham hozirlagan! (YUhanno 1:29).
Ushbu misolni qo‘llab, Sanderson birodarimiz talabalarni to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishga undadi. Olgan topshiriqni bajarayotganlari uchun odamlar ularga o‘zgacha munosabatda bo‘lishlarini kutishning yoki o‘zlariga nom orttirishning o‘rniga, ular e’tiborlarini boshqalarga ta’lim berishga qaratishlari kerak. Ular Gilad maktabida o‘rgangan narsalari bilan bo‘lishish, imondoshlarining imonini mustahkamlash va sevgisini namoyon etish orqali buning uddasidan chiqishadi. «Imondoshlaringizning kamtarin xizmatchisi bo‘lishga harakat qilib, Yahovaning irodasini bajarish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling, shunda umidingiz puchga chiqmaydi»,— dedi Sanderson birodarimiz.
«Ochlarni to‘ydiring». Maktablar ustidan nazorat qiluvchi bo‘lim muallimi Jeyms Kotton ushbu mavzuda nutq aytdi. Kotton birodarimiz har bir inson sevgi va hurmat-ehtiromga muhtoj ekaniga urg‘u berdi. Hatto Iso ham bunga muhtoj bo‘lgan va suvga cho‘mganida, Yahova iliq so‘zlar aytib, uning ko‘nglini ko‘targan (Matto 3:16, 17).
Yahova boshqalarga so‘zlarimiz bilan dalda berib, mustahkamlash uchun bizga kuch bergan va U ushbu kuchimizdan foydalanishimizni kutadi (Hikmatlar 3:27). «Boshqalarda yaxshi fazilatlarni izlashga harakat qiling va ularni maqtashdan o‘zingizni tiymang»,— deya maslahat berdi Kotton birodarimiz. Samimiy maqtov imondoshlarga ularning harakatlari zoe ketmayotganini his qilishga yordam beradi.
«O‘zingizni boshqalar uchun ayamang». Maorif qo‘mitasining yordamchisi Mark Numar ushbu mavzudagi nutq bilan dasturni davom ettirdi. Birodar Numar havoriy Pavlusning misolini keltirib, talabalarni faqat ulardan kutilgan narsalarni qilish bilan kifoyalanib qolmaslikka undadi. Agar ular boshqalar uchun o‘zlarini ayashmasa, Pavlusga o‘xshab, haqiqiy quvonch topishadi (Filippiliklarga 2:17, 18).
Pavlus hatto qiyinchiliklarga duch kelganida ham taslim bo‘lmagan. U o‘zini boshqalar uchun ayamay, hatto o‘limigacha qo‘lidan kelganini qilgan. Pavlus: «Masofani yugurib o‘tdim»,— deb bemalol ayta olgan (2 Timo‘tiyga 4:6, 7). Numar birodarimiz talabalarni Shohlik bilan bog‘liq ishlarni sadoqat ila qo‘llab-quvvatlashda Pavlusga taqlid qilishga undadi.
Misollar. Maktabdagi boshqa bir muallim Maykl Bernett dasturning keyingi qismini davom ettirdi. Bu qismda talabalar Pattersondagi o‘qishlari davomida xizmatda bo‘lgan voqyealarni namoyish tariqasida ko‘rsatishdi.
Talabalar odamlarning ona tilida haqiqatni gapirishgani uchun yaxshi natijalarga erishishdi. Masalan, bir talabaga u xizmat qilmoqchi bo‘lgan hududda ispan tilida gapiradigan insonlar ko‘p ekanini aytishdi. Shuning uchun, bir kuni xizmatga chiqishdan oldin bu talaba JW Language ilovasidan ispan tilida bir necha so‘zlarni yodladi. Aynan o‘sha kuni u ko‘chada xizmat qilayotganida, ispan tilida gapiradigan insonni uchratdi. Talaba ispan tilini ozgina bilsa-da, o‘sha inson bilan suhbat qurdi. Natijada, bu kishi va uning 4 ta oila a’zosi Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashdi.
Intervyular. Keyin Yetakchi kengashning Xizmat qo‘mitasi yordamchisi Vilyam Tyorner 4 ta talabadan intervyu oldi. Ular Gilad maktabiga kelishdan oldin xizmatda bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqyealar hamda maktabda olgan bilimlari bilan bo‘lishishdi.
Talabalar tahsil jarayonida o‘zlari uchun foydali deb topgan fikrlarni aytib berishdi. Masalan, bir talaba Luqo 10-bobdagi bayonotdan o‘ziga qanday saboq olganini gapirib berdi. Isoning 70 ta shogirdi xizmatda yaxshi natijalarga erishganida, juda xursand bo‘lishgan va Iso ham ular bilan birga quvongan. Biroq u shogirdlariga faqatgina erishgan yutuqlari uchun emas, balki Yahova ularning harakatlarini ko‘rib, mamnun bo‘layotganidan xursand bo‘lishga undagan. Demak, haqiqiy quvonch sharoitlarimizga emas, balki Yahovaning marhamatiga sazovor bo‘lish bilan bog‘liqdir.
Tyorner birodarimiz Filippiliklarga 1:6 ni keltirib, Yahova talabalar orasida «yaxshi ishni» boshlagani va hamisha ular bilan birga bo‘lishini aytib, dalda berdi.
«Nigohingizni Yahovaga qarating». Yetakchi kengash a’zosi Semyuel Xyord dasturning asosiy nutqi bilan chiqib, Yahovani tom ma’noda ko‘ra olmasligimizni tushuntirdi. Xo‘sh, unda qanday qilib nigohimizni Yahovaga qaratishimiz mumkin?
Yo‘llaridan biri, U yaratgan ijodlarni kuzatishdir. Sababi, ular bizga Yahova haqida ko‘p narsani ochib beradi. Shuningdek, Yahova «qalblarimizning ko‘zlarini yoritdi» (Efesliklarga 1:18). Muqaddas Kitobni qancha ko‘p o‘qisak, Yahova haqida shuncha ko‘p bilimga ega bo‘lamiz. Yahova to‘g‘risida bilimlarimiz ko‘paygani sayin, Unga yanada yaqinlashamiz.
Ayniqsa Injilga alohida e’tibor qaratish foydalidir. Chunki undan Iso qilgan ishlari va aytgan so‘zlaridan Yahova qanaqa Xudo ekanini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Iso Yahovaning shaxsiyatini o‘zida aks ettirgani uchun: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb ayta olgan (YUhanno 14:9).
Birodar Xyord tinglovchilarni, Yahovani nafaqat Isoning misoli orqali ko‘rishga, balki o‘zlari ko‘rgan narsalarga taqlid qilishga undadi. Masalan, Iso boshqalarni to‘ydirishga o‘zini ayamaganidek, biz ham olgan bilimlarimizni boshqalar bilan bo‘lishish uchun bor kuchimizni sarflaymiz.
Nigohimizni Yahovaga qaratsak, natijasi qanday bo‘ladi? Biz ham sano bastakori kabi: «Bilaman, Egam doim men bilan, U o‘ng tomonimda bo‘lgani uchun Meni hech narsa qo‘zg‘ata olmas»,— deb aminlik bilan ayta olamiz (Zabur 16:8).
Xotima. Talabalar diplomlarni olganlaridan keyin, ulardan biri butun sinf nomidan minnatdorchilik xatini o‘qib berdi. Bundan so‘ng birodarimiz Jekson xotima yasab, talabalar keyinchalik o‘rgatadigan fikrlar boshqalar uchun yangi yoki chuqur bo‘lishi shart emasligini ta’kidladi. Chunki ular asosan, imondoshlari bilgan fikrlarni ularga eslatishadi. Shuningdek, birodar Jekson kamtarin bo‘lish kerakligiga alohida urg‘u berdi. Talabalar Giladda olgan bilimlarga yoki o‘zlariga emas, aksincha, Muqaddas Kitobga va unga asoslangan adabiyotlarga e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi. Xullas, talabalar Gilad maktabida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan imondoshlariga dalda manbai bo‘lish uchun ularda bor ma’naviy ozuqadan foydalanishga yordam berishlari kerak. Barcha ishtirokchilar dasturdan zavq olib, birodar-u opa-singillariga xizmat qilish qarorlarini mustahkamlashdi.
^ 2- x.b. Dasturni tinglagan barcha uchun yangi qo‘shiqlarni bir hafta oldinroq berib qo‘yishgan.
^ 32- x.b. Hamma mamlakatlar ham xaritada ko‘rsatilmagan.
^ 34- x.b. Bitiruvchilarning to‘liq ro‘yxati keltirilmagan.