«Halollik yaxshilik qilishga undaydi»
Janubiy Afrikadagi Yahovaning Shohidi Daniela bir kishi kafeda unutib qo‘ygan sumkasini topibdi. Ichida pul va kredit kartochkalari bor bo‘lgan hamyonni ko‘ribdi. Daniela sumkani egasiga qaytarishga qat’iy qaror qilibdi. U manzilini yoki telefon raqamini izlab ko‘rgach, faqat ism va familiyasini topibdi. Shunda, u bilan bank orqali bog‘lanishga harakat qilibdi, ammo natijasiz. Daniela taslim bo‘lmabdi va sumkaning ichida shifoxonaning raqami yozilgan qog‘ozni topib, u yerga qo‘ng‘iroq qilibdi. Shifoxona qabulxonasida Danielaning raqamini o‘sha kishiga berishga rozi ekanini aytishibdi.
Shifoxonadan qo‘ng‘iroq qilib, Daniela sumkani topganini va uni qaytarmoqchi ekanini aytishganda, o‘sha kishi juda hayron bo‘libdi. U sumkasini olishga kelganda, Daniela va uning otasi bilan tanishibdi. Ular bu imkoniyatdan foydalanib, uni topish uchun nega shuncha harakat qilishganini tushuntirishibdi. Ular Yahovaning Shohidi ekanini va Muqaddas Kitobdagi prinsiplar bo‘yicha yashashga harakat qilishayotganini aytishibdi. Shu sababli ham, doim halol bo‘lishga intilishyapti. (Ibroniylarga 13:18)
Bir necha soatdan keyin o‘sha kishi Daniela va uning otasiga xabar yuborib, sumkasi va hamyonini qaytarib berishgani uchun minnatdorchilik bildiribdi. U shunday deb yozgan: «Meni topish uchun ko‘p harakat qilganingizdan juda minnatdorman. Sizlar bilan tanishganimdan xursandman, samimiy va mehribon bo‘lganingizni hecham unutmayman. Minnatdorchiligimni xayr-ehson orqali ko‘rsatmoqchiman. Xudoga xizmat qilish uchun fidoyilikka tayyor ekaningizni bilaman. Halol ishingiz yaxshi insonlar ekaningizni isbotlayapti. Daniela halol va benuqson ekan. Yana bir bor katta rahmat. Xudo xizmatingizga baraka bersin».
Bir necha oy o‘tgach, Danielaning otasi u bilan yana ko‘rishib qolibdi. O‘sha kishi do‘konda bo‘lganda, hamyon topib olganini aytibdi. Hamyonni egasiga qaytarganda, uni bunga nima undaganini ham tushuntiribdi. Yaqinda o‘zi ham xuddi shunday vaziyatga duch kelganini va halol insonlar unga yordam berishganini aytibdi. U: «Halollik yaxshilik qilishga undaydi, bu boshqalarga yuqadi va atrofimizdagi barcha baxtliroq bo‘ladi»,— debdi.