Hayotimizni soddalashtirishga qaror qildik
Madian va Marsela Kolumbiyaning Medelin shahrida bekam-ko‘st hayot kechirishardi. Madian yaxshi pul topgani uchun, shinamgina uyda yashashardi. Lekin ular hayotida nima muhimroq ekani borasida o‘ylab ko‘rishga qaror qilishdi. Ularni bunga nima undadi? Ular shunday deb bo‘lishdi: «2006-yili “Ko‘zingiz oddiy bo‘lsin” nomli tuman anjumaniga bordik. Ko‘pgina nutqlarda Xudoga to‘la ravishda xizmat qilmoqchi bo‘lsak, hayotimizni soddalashtirishimiz kerakligi haqida aytildi. Anjumandan so‘ng biz aksini qilayotganimizni angladik. Mukkasidan ketgan xaridorlarga aylanganimizni va bu tufayli qarzga botib ketganimizni tushundik».
Ushbu ma’nan uyg‘otadigan qo‘ng‘iroqdan so‘ng Madian bilan Marsela hayotini soddalashtirishga kirishdi. Ular: «Harajatlarimizni sekin-asta kamaytirdik. Kichikroq kvartiraga ko‘chdik, mashinamizni sotib, moped xarid qildik»,— dedi. Keyinchalik, ular biron nimalar xarid qilish vasvasasi tug‘ilmasin, deb savdo-sotiq markazlariga bormay qo‘yishdi. Ko‘proq vaqtini boshqalarga Muqaddas Kitob to‘g‘risida aytib berishga sarflaydigan bo‘lishdi. Ular maxsus kashshof *, ya’ni Tangri Yahovaga g‘ayrat ila xizmat qiladigan insonlar bilan ko‘proq do‘stlasha boshlashdi.
Vaqt o‘tgach, Madian va Marsela va’zgo‘ylar kam bo‘lgan qishloqdagi kichik bir jamoatda xizmat qilishga qaror qilishibdi. U yerga borish uchun Madian ishidan bo‘shashi kerak edi. Uning boshlig‘i bu haqida eshitganda, tomi ketib qolibdi deb o‘ylagan. Keyin Madian u bilan gaplashayotib: «Siz juda ham boysiz, ammo baxtlimisiz?» — deb so‘rabdi. U anchagina muammolarni hal qila olmayotgani tufayli baxtsiz ekanini aytibdi. Shunda Madian unga quyidagicha debdi: «Ko‘rdingizmi, hayotda eng muhimi, qancha pul topish emas. Eng muhimi, sizni baxtli qiladigan narsani topish. Odamlarga Xudo haqida ta’lim berish men bilan xotinimni baxtli qilyapti va bundan ham ko‘proq baxtiyor bo‘lishni istaymiz. Shuning uchun bunga ko‘proq vaqtimizni bag‘ishlamoqchimiz».
Madian va Marsela ma’naviy maqsadlar payida bo‘lishayotgani bois hayotda chinakam mamnuniyat va baxt topishmoqda. Ular so‘nggi 13-yil davomida Kolumbiyaning shimoli-g‘arbidagi ehtiyoj katta bo‘lgan jamoatlarda xizmat qilishmoqda. Ular maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilish sharafiga ega bo‘lishganidan xursand.
^ 2- x.b. Maxsus kashshoflar Yahova Shohidlarining mahalliy filiali tomonidan muayyan hududlarda xushxabarni va’z qilish uchun tayinlanadi. Bu faoliyat uchun ular deyarli bor vaqtini sarflashadi. Asosiy ehtiyojlarini qondira olishi uchun filial ularga oz-moz pul ajratgan.