Asosiy materiallarga o‘tish

Xizmat qilishga xohish bildirganlar. Gayana

Xizmat qilishga xohish bildirganlar. Gayana

«Va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joylarda xizmat qilish qanchalar quvonch keltirishi mumkinligini so‘z bilan ifodalash qiyin!» Bu so‘zlarni Qo‘shma Shtatlardan bo‘lgan, lekin bir qancha vaqt Gayanada xizmat qilgan Joshua aytdi. Uning aytganlariga Janubiy Amerikaning bu hosildor mamlakatida xizmat qilayotgan ko‘pgina Yahovaning Shohidlari to‘liq qo‘shiladi *. Xo‘sh, bunday va’zgo‘ylarning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin? Siz ham o‘zga yurtda xizmat qilishni xohlayotgan bo‘lsangiz, bunday saboqlar sizga qanday qo‘l kelishi mumkin?

Ularni nima undagan?

Linel

Gayanaga borishdan avval Linel ismli birodar o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘shma Shtatlarida kamdan-kam va’z qilinadigan hududda xizmat qilardi. U shunday dedi: «20 kishidan iborat bo‘lgan guruhimiz G‘arbiy Virginiyaning shahardan tashqaridagi hududlariga tayinlangan edi. O‘sha ikki hafta mobaynida maza qilib va’z qilganim va muloqot qilganim hayotimni o‘zgartirdi! Yahovaga imkon qadar ko‘proq to‘la vaqt xizmat qilishni qaror qildim».

Erika va Gert

Gert va Erika ismli er-xotin o‘zga yurtda xizmat qilish haqida ko‘p o‘ylab yurishgan. Keyin esa Gayanani tanlashgan. Nima sababli? Erika: «Biz u yerga ko‘chib borgan bitta juftlikni taniymiz. Ularning shijoati va xizmatini yaxshi ko‘rgani bizni ham u yerga ko‘chishga undadi»,— dedi. Ular Gayanada uch yil xizmat qilishgan va o‘sha paytni dilidagi eng yoqimli tuyg‘u deb hisoblashadi. Gert: «Chet elda xizmat qilishni totib ko‘rdik. Bu yaxshi ekan!» — deb aytdi. Ular keyinchalik Gilad maktabini bitirishdi. Hozir esa Boliviyada xizmat qilishyapti.

O‘zga yurtlarda xizmat qiladiganlar ko‘pincha Muqaddas Kitob asosida yaxshi suhbatlar qurishadi

Ular qanday tayyorlanishgan?

Muqaddas Kitobdagi prinsiplar bizni sodda hayot kechirishga undaydi. (Ibroniylarga 13:5) Shuningdek, hayotimizda muhim qarorlar chiqarayotganimizda, Muqaddas Kitobga ko‘ra, nima qilishimiz kerakligi haqida ham obdan o‘ylashimiz zarur. (Luqo 14:26–33) Chet elga ko‘chish haqidagi qaror ham muhim deb hisoblanadi. Gert quyidagilarni yozdi: «Gayanaga borishdan oldin Erika ikkimiz hayotimizni soddalashtirdik. Ya’ni biznes, uy va ishlatmaydigan barcha narsalarimizni sotdik. Bunga bir necha yil ketdi. U orada Gayanada xizmat qilish maqsadimiz yodimizda edi va u yerga qisqa vaqtga bir necha marta borib keldik».

Sined va Paul

Inobatga olish kerak bo‘lgan yana bir narsa xarajatdir. Qonunlari yo‘l qo‘ygan o‘zga yurtlarda ish topish mumkin. Ba’zilar o‘z mamlakatida qilgan ishni kompyuter orqali masofadan turib ham davom ettirishadi. Boshqalar esa o‘z yurtiga borib, vaqtincha ishlab keladi. Masalan, Paul va Sined juftligi yilda bir marta Irlandiyada ishlab kelardi. Bu tufayli ular Gayanada unutilmas 18-yil, jumladan, qizi tug‘ilganidan keyin yetti yil xizmat qilishdi.

Kristofer va Lorissa

Zabur 37:5 da shunday yozilgan: «Yo‘lingni Yahovaga ishonib topshir, Unga tayan va U sening foydangni ko‘zlab ish tutadi». Qo‘shma Shtatlardan bo‘lgan Kristofer va Lorissa chet elda xizmat qilish maqsadi haqida doim ibodat qilishardi. Qolaversa, oilaviy topinish davomida ular muvaffaqiyat ila ko‘cha olishini muhokama qilib, ham yaxshi, ham yomon tomonlarni chamalab ko‘rishardi. Ular boshqa tilni o‘rganish kerak bo‘lmagan biron joyga ko‘chmoqchi bo‘lishgani uchun, Gayanani tanlashdi. Ingliz tili u yerda rasmiy til.

Yana ular Hikmatlar 15:22 dagi: «Maslahat bo‘lmagan joyda rejalar barbod bo‘ladi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi»,— degan prinsipga amal qilishdi. Ular Gayanadagi * faoliyatimizni nazorat qiladigan filialga imkoniyati borligini va o‘zlari haqidagi ma’lumotni yozib yuborishdi. Shu bilan birga ular u yerdagi tibbiy xizmatining sifati, ob-havo va urf-odatlari haqida surishtirishdi. Filial savollariga javob berib, ularni keyinchalik ko‘chadigan hududdagi oqsoqollar kengashi bilan bog‘lashdi.

Yuqorida tilga olingan Linel hozir Gayanada ko‘chma nozir bo‘lib xizmat qiladi. U yerga ko‘chishdan oldin u ham Hikmatlar 15:22 dagi prinsipni qo‘lladi. U shunday deb bo‘lishdi: «Ko‘chish uchun pul yig‘ishdan tashqari, o‘zga yurtda xizmat qiladigan va’zgo‘ylar bilan suhbatlashdim. Buni oilam, jamoatimdagi oqsoqollar va tuman noziri bilan muhokama qildik. Hamda va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish haqida topa olgan barcha adabiyotlarimizni o‘qib chiqdim».

Jozef va Kristina

Ko‘plar xizmat qilmoqchi bo‘lgan mamlakatga borib kelishga qaror qilib dono yo‘l tutgan bo‘lishadi. Jozef bilan Kristina: «Ilk bor Gayanaga uch oyga borib kelgandik. U yer qanday ekanini bilib kelish uchun bu yetarli bo‘ldi. Keyin esa uyga qaytdik va kerakli ishlarimizni bitirib, Gayanaga birato‘la ko‘chib ketdik»,— deb aytishdi.

Ular qanday qilib moslashishgan?

Joshua

Chet elda samarali xizmat qilish uchun va’zgo‘ylar fidoyilik ruhiga ega bo‘lib, mahalliy sharoit va odatlarga moslashishga tayyor bo‘lishlari kerak. Misol uchun, sovuq hududlardan issiq o‘lkalarga ko‘chganlar ko‘pincha uylarida turli-tuman hasharotlarni ko‘rib hayron qolishadi. Yuqorida tilga olingan Joshua quyidagicha dedi: «Shu qadar ko‘p qurt-qumursqani umrimda ko‘rmagan edim. Menimcha, Gayanada eng bahaybatlari yashaydi! Lekin bora-bora ko‘nikib ketdim. Shuningdek, uyim toza bo‘lsa, hasharotlar ham kamroq bo‘lishini payqadim. Vaqtida idish-tovoqlarni yuvib, axlatni tashlab, xonalarni doimo tozalab turish kerak».

Boshqa mamlakatga moslashish shuningdek, notanish oziq-ovqatga va ularni tayyorlashga o‘rganish demakdir. Joshua: «Qo‘shnim ikkimiz birodar-u opa-singillardan mahalliy mahsulotlardan foydalanib ovqat tayyorlashni o‘rgatishlarini so‘radik. Biron yangi taomni o‘rgangach, jamoatimizdagilarni mehmonga taklif qilib, uni birga yerdik. Shu yo‘sin imondoshlarimiz bilan ham yaqindan tanishib do‘stlashardik»,— dedi.

Paul va Ketlin

Paul va Ketlin mahalliy urf-odatlar borasida quyidagilarni aytib berishdi: «Adab bilan o‘zini tutishga nima kirishini, u yerdagi issiq mahalda to‘g‘ri keladigan kiyim kiyishni o‘rgandik. Bu biz uchun yangi tajriba edi. Kamtarin bo‘lishimiz va Muqaddas Kitob prinsiplariga zid kelmagan tarzda o‘zgarishlar kiritishimiz kerak edi. Mahalliy madaniyatga moslashish bizni jamoatdagilarga yanada yaqinlashtirdi va xizmatimizda yaxshi mevalar keltirishga ko‘maklashdi».

Ular qanday foyda ko‘rishgan?

Jozef bilan Kristina ko‘pchilik qo‘shiladigan quyidagi fikr bilan bo‘lishishdi: «Qiyinchilik va muammolarga qaraganda, qut-barakalari ko‘proqdir. Yangi va biz uchun qiyin bo‘lgan ishlarni qilish hayotimizda nima ahamiyatli deb bilishimizga hissa qo‘shdi. Ilgari biz uchun juda muhim bo‘lgan narsalarni endi unday deb bilmaymiz. Har bir vaziyat Yahova uchun qo‘limizdan kelganini qilish qarorimizni yanada kuchaytirdi. Chinakamiga qanoat qilishni va mamnun bo‘lishni o‘rgandik».

Yuqorida tilga olingan Erika shunday dedi: «Va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joylarda xizmat qilish erim ikkimizga Yahovaga tayanish nimani anglatishini yaxshiroq tushunishimizga yordam berdi. Uning qo‘llab-quvvatlashini burun his qilmagan tarzda sezdik. Yangi narsalarni birga boshdan kechirib yanada inoqlashdik».

^ 1- x.b. Gayanadagi faoliyatimizning tarixi haqida 2005-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»da yozilgan.

^ 7- x.b. Gayanadagi ishimizni Trinidad va Tobagodagi filial nazorat qiladi.