Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Achchig‘im tez edi»

«Achchig‘im tez edi»
  • TUG‘ILGAN YILI: 1975

  • MAMLAKATI: Meksika

  • O‘TMISHDA: zo‘ravon, qamoqda o‘tirib chiqqan

OLDINLARI

Men Meksikaning Chyapas shtatidagi kichik bir shaharda — San-Xuan-Chankalaitoda tug‘ilganman. Oilamiz mayya avlodlarining chol xalqiga mansub. Oilada 12ta farzandmiz va men beshinchisiman. Bolaligimda aka-uka, opa-singillarim va men Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tganmiz. Afsuski, Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimga yoshligimda amal qilmaganman.

13 yoshga kirganimda giyohvand moddalarini qabul qilardim va narsalar o‘g‘irlardim. Shuningdek, uydan ketdim va ko‘chada daydib yurdim. 16 yoshimda marixuana yetishtiradigan plantasiyada ishlay boshladim. Bu yerda taxminan bir yilcha bo‘ldim. Kunlarning birida ulkan miqdordagi marixuanani qayiqda olib ketayotganimizda, giyohvand moddalari bilan shug‘ullanadigan raqib guruhning tish-tirnog‘igacha qurollangan odamlari bizga hujum qildi. Men suvga sakradim va oqim bo‘yicha suzib ketdim. Shu yo‘sin ularning otishmalaridan qutulib qoldim. Bundan keyin Qo‘shma Shtatlarga qochib ketdim.

Qo‘shma Shtatlarda ham giyohvand moddalarini sotishni davom ettirdim va anchagina muammo orttirdim. 19 yoshimda meni hibsga olishdi va o‘g‘rilikda hamda odam o‘ldirishga harakat qilganlikda ayblab, qamoqqa olishdi. Qamoqda bir to‘daga qo‘shildim va boshqa zo‘ravonliklarga qo‘l urdim. Oqibatda, meni Pensilvaniyaning Lyuisburg shahridagi qattiq intizom qamog‘iga yuborishdi.

Lyuisburgdagi qamoqxonada xulqim yanada yomonlashdi. To‘da a’zolarinikiga xos tatuirovkalarim bo‘lgani bois, bu yerda ham tezda oldingiga o‘xshash to‘daga qo‘shildim. Men battar zo‘ravon bo‘lib ketdim va boshim urishdan chiqmas edi. Bir safar qamoqxona hovlisida to‘dalarning urishiga aralashib qolgan edim. Biz beysbol tayoqlari va gantellardan foydalanib, bir-birimizni ayamasdan do‘pposladik. To‘qnashuvni to‘xtatish uchun qamoqxona qo‘riqchilari yoshlantiradigan gazdan foydalanishdi. Bundan keyin meni xavfli jinoyatchilar uchun mo‘ljallangan maxsus kameraga ko‘chirishdi. Jahlim tez edi va juda qo‘rs edim. Odamlarni do‘pposlash men uchun hech narsa emas edi. Rostini aytsam, bundan zavq olardim. Xulqim uchun vijdonim umuman qiynalmas edi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Maxsus kamerada bo‘lganimda, deyarli kun bo‘yi hech qayerga chiqmas edim. Shuning uchun, vaqtni o‘tkazish maqsadida Muqaddas Kitobni o‘qiy boshladim. Keyinchalik qo‘riqchi ayol «Yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz» nomli kitobni berdi *. Bu kitobni o‘qiganim sayin, bolaligimda Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq qilgan ko‘p narsalarni esladim. So‘ng zo‘ravonligim tufayli hayotim qanchalik ayanchli ahvolda ekani ustida mulohaza yuritdim. Qolaversa, oilam haqida o‘yladim. Opam va singlim Yahovaning Shohidi edi va «ular abadiy yashamoqchi» degan fikr xayolimdan o‘tdi. Shunda o‘zimga: «Menga nima to‘sqinlik qilyapti?» — degan savolni berdim. O‘shanda o‘zgarishga qat’iy qaror qildim.

Ammo shuni bilardimki, o‘zgarish uchun yordamga muhtoj edim. Shuning uchun, avval Tangri Yahovaga ibodat qilib menga yordam berishini yolvorib so‘radim. Keyin Yahova Shohidlarining Qo‘shma Shtatlardagi filialiga xat yozib, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishlarini iltimos qildim. Filial yaqin atrofdagi jamoat men bilan bog‘lanishini tashkillashtirdi. O‘shanda oilam a’zolarimdan boshqa hech kim meni ko‘rishiga ruxsat etilmasdi. Shu bois, o‘sha jamoatdagi bir birodar menga dalda baxsh etuvchi xatlar va Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni yubora boshladi. Bu tufayli, o‘zgarish istagim yanada kuchaydi.

Ancha yillardan beri a’zo bo‘lgan to‘dani tark etishni tanlash men uchun muhim qaror bo‘ldi. To‘da boshlig‘i ham maxsus kamerada edi. Bir kuni unga murojaat qilib, Yahovaning Shohidi bo‘lmoqchi ekanimni aytdim. Uning gaplaridan hayron qoldim. U menga: «Qaroring jiddiy bo‘lsa, oq yo‘l. Men Xudoga qarshi chiqmayman. Lekin shunchaki to‘dadan ketmoqchi bo‘lsang, oqibati qanday bo‘lishini o‘zing bilasan»,— dedi.

Keyingi ikki yildan oshiq vaqt davomida qamoqxona ishchilari ham shaxsiyatim o‘zgarganini kuzatdi. Natijada, ular menga yaxshiroq muomala qiladigan bo‘ldi. Masalan, kameramdan chiqib cho‘milishga borganda, qo‘riqchilar qo‘limga kishan solmay qo‘ydi. Qo‘riqchilardan biri oldimga kelib, qilayotgan o‘zgarishlarimda taslim bo‘lmaslikka undadi. Meni qamoqxona yaqinidagi intizomi yengilroq bo‘lgan mahbuslar lageriga ko‘chirishdi. Oxirgi bir yilni o‘sha yerda o‘tkazdim. Qamoqxonada o‘n yil o‘tirganimdan so‘ng, 2004-yili meni ozod qilishdi va mahbuslar avtobusida Mesikaga jo‘natishdi.

Meksikaga kelishim bilan, Yahova Shohidlarining Yig‘ilish zalini topdim. Ilk bor yig‘ilishga kelganimda, qamoqxona kiyimida edim — o‘shanda faqat shu kiyimim bor edi. Ko‘rinishimga qaramay, Yahovaning Shohidlari meni iliqlik ila qarshi oldi. Ularning mehribonligini ko‘rganimda, Xudoning xizmatchilari orasida ekanimni his etdim. (Yuhanno 13:35) O‘sha yig‘ilishdayoq jamoat oqsoqollari men bilan rasman tadqiq o‘tishlarini tashkillashtirdi. Oradan bir yil o‘tib, 2005-yil 3-sentyabrda Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim.

2007-yili yanvarda to‘la vaqtli xizmatni boshladim, ya’ni boshqalarga Muqaddas Kitob haqida aytish uchun har oy 70 soat sarflayman. 2011-yili Bo‘ydoq birodarlar uchun Muqaddas Kitob maktabini bitirdim (hozir Shohlik xabarchilari maktabi deb nomlanadi). Jamoatdagi vazifalarimni bajarishda bu maktab menga ancha yordam berdi.

Hozirda boshqalarni tinchlikparvar bo‘lishga o‘rgatishdan zavq olaman

2013-yili aziz turmush o‘rtog‘im Pilar bilan oila qurdik. Unga o‘tmishim haqida aytib berganimda, u hazillashib, bunga ishonish qiyin deb aytadi. Oldingi ishlarimning bariga nuqta qo‘ydim. Turmush o‘rtog‘im bilan shunga aminmizki, shaxsiyatimni o‘zgartira olganim, inson Muqaddas Kitob yordamida o‘zgara olishi mumkinligini tasdiqlayapti. (Rimliklarga 12:2)

QANDAY FOYDA OLDIM?

Isoning Luqo 19:10dagi so‘zlari menga tegishli deb o‘ylayman. U shunday degan: «[Men] adashganlarni izlab topib, qutqarish uchun kelganman». Men endi umidsiz emasman. Boshqalarga zarar ham yetkazmayapman. Muqaddas Kitob tufayli hayotim mazmunli, boshqalar bilan tinch munosabatga egaman va eng asosiysi, Parvardigorim Yahova bilan ajoyib munosabatlarga egaman.

[IZOH]

^ 5- x.b. Bu kitob Yahovaning Shohidlari tomonidan chiqarilgan, ammo hozir chop etilmaydi. Hozirda Muqaddas Kitobni o‘rganishda yordam beradigan asosiy qo‘llanma «Muqaddas Kitob haqiqatlari» nomli kitobdir.