Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Haqiqiy boylikni topdim

Haqiqiy boylikni topdim
  • Tug‘ilgan yili: 1968

  • Mamlakati: Qo‘shma Shtatlar

  • O‘tmishda: boyib ketish haqida ibodat qilgan ishbilarmon

OLDINLARI

Men Rochesterda (Nyu-York shtati) katoliklar oilasida ulg‘ayganman. Ota-onam sakkiz yoshimda ajrashib ketishgan. Shunday qilib, hafta orasida onam bilan oddiygina uyida, dam olish kunlari esa otam bilan boylar yashaydigan hududda turardim. Onam oltita farzandni katta qilish uchun qanchalar qiynalganini ko‘rib, boyib ketsam oilamga yordam bera olishni orzu qilardim.

Otam hayotimda muvaffaqiyatli bo‘lishimni xohlagani uchun, mehmonxona biznesi bilan bog‘liq nufuzli maktabga meni kirgizdi. Bu menga rosa yoqardi va Xudo boy hamda baxtli bo‘lishni so‘ragan ibodatlarimga javob beryapti, deb o‘ylardim. Besh yil davomida bu sohada o‘qidim va shu bilan birga, Las-Vegasdagi (Nevada shtati) mehmonxonaning kazinosida ishlardim.

Ishimga, qimor o‘ynashga kelgan boy insonlar uchun zo‘r sharoitlar yaratib berish kirardi

22 yoshda mehmonxonadagi kazinoda vitsye-prezidentning yordamchisi edim. O‘zimga to‘q va muvaffaqiyatli bo‘lganim uchun, eng tansiq taomlar va eng qimmat spirtli ichimliklardan lazzat olardim. Oshnalarim: «Bilib qo‘y, dunyoda eng muhimi pul»,— deb aytishardi. Ularning fikricha, pul chinakam baxtning siri edi.

Ishimga Las-Vegasga qimor o‘ynashga kelgan boy insonlar uchun zo‘r sharoitlar yaratib berish kirardi. Ular rosa boy bo‘lishganiga qaramay, baxtsiz ko‘rinardi. Men ham o‘zimni baxtiyor deb hisoblamasdim. Boyib ketayotgan bo‘lsam ham, xotirjam emas edim va tunlarim uyqusiz o‘tardi. Hatto yashagim kelmay qoldi. Hayot tarzim jonimga tegib qolgani uchun, Xudodan: «Haqiqiy baxtni qayerdan topishim mumkin?» — deb so‘rardim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

O‘sha paytlarda Yahovaning Shohidi bo‘lgan ikkita opam Las-Vegasga ko‘chdi. Garchi ularning adabiyotlarini rad qilgan bo‘lsam-da, ular bilan birga o‘z Muqaddas Kitobimni o‘qishga rozi bo‘ldim. Muqaddas Kitobimda Iso Masihning so‘zlari qizil rang bilan belgilangan edi. Isoning hamma so‘zlariga qo‘shilganim bois, opalarim asosan u haqida gapirishardi. O‘zim yakka bo‘lganimda ham doim Muqaddas Kitobni o‘qirdim.

O‘qigan ko‘p fikrlardan lol qolardim. Masalan, Iso shunday degan: «Ibodat qilayotganingizda o‘zga xalqlar singari o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlayvermang. Chunki ular, ko‘p so‘zlasam Tangrim meni eshitadi, deb o‘ylashadi». (Matto 6:7) Bir ruhoniy menga Isoning rasmini berganini esladim. U menga unga qarab ibodat qilsam va namunali ibodatni o‘n marta takrorlasam, Xudo xohlaganimcha pul berishini aytdi. So‘ng: «O‘sha-o‘sha so‘zlarni o‘n marta takrorlasam, bu Isoning amriga to‘g‘ri kelarmikan?» — deb o‘ylanib qoldim. Qolaversa, Iso: «Yer yuzida hech kimni “ota”, deb atamanglar, chunki birgina Otangiz bor»,— deb aytgan so‘zlarni ham o‘qidim. (Matto 23:9) Shuning uchun: «Nega men va boshqa katoliklar ruhoniylarimizni “avliyo ota” deb chaqiramiz?» — degan savol tug‘ilib qoldi.

Muqaddas Kitobda Yoqub yozgan oyatlarni o‘qiganimda hayot tarzim haqida chuqur o‘ylanib qoldim. Yoqub 4-bobda quyidagicha yozgan: «Dunyo bilan do‘stlik, Allohga dushmanlik ekanini nahotki bilmaysizlar? Kim dunyo bilan do‘stlashishni xohlasa, u Xudoga dushman bo‘ladi». (Yoqub 4:4) Bu bobdagi 17-oyat menga undan ham ko‘proq ta’sir qildi. U yerda: «Kim nima to‘g‘ri ekanini bilib turib qilmasa, gunoh qilgan bo‘ladi»,— deyilgan. Keyin opalarimga qo‘ng‘iroq qilib, mehmonxona-yu kazino bilan bog‘liq ishlarni tashlashimni aytdim, chunki bu, jumladan qimor o‘yinlari va ochko‘zlik menga to‘g‘ri kelmasligini tushundim.

«Muqaddas Kitobda Yoqub yozgan oyatlarni o‘qiganimda hayot tarzim haqida chuqur o‘ylanib qoldim»

Xudo hamda ota-onam, opalarim va akam bilan bo‘lgan munosabatlarni yaxshilamoqchi edim. Shuning uchun, hayotimni soddalashtirishga qaror qildim. Shunda, Xudo va yaqinlarim uchun ko‘proq vaqtim bo‘lardi. Biroq o‘zgarishlar qilish uncha oson emas edi. Misol uchun, mehmonxona va kazino bilan bog‘liq ishda ko‘tarilishni taklif qilishdi, shunda ega bo‘lgan boyligim ikki-uch baravarga oshardi. Lekin bu haqda ibodat qilib, bunday hayot menga to‘g‘ri kelmasligini angladim. Ishdan bo‘shadim, onamning uyiga ko‘chib, garajini yashashga mo‘ljallangan xonaga aylantirdim va restoranlar uchun menyu yasaydigan kichik biznesni boshladim.

Garchi Muqaddas Kitob yordamida hayotimda nima muhimroq ekanini tushungan bo‘lsam ham, Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga borishni xohlamas edim. Opalarim nega qarshi ekanimni so‘rashdi. Men: «Sizlarning Xudoyingiz, Yahova oilalarni buzadi. Butun oilamiz bilan birga Rojdestvo va tug‘ilgan kunlarda yig‘ilishimiz mumkin, lekin sizlar ularni nishonlamaysiz»,— deb javob berdim. Opam yig‘lab: «Boshqa kunlari sen qayerdasan? Sen bilan har qachon bo‘lishga tayyormiz. Ammo sen faqat bayram kunlari, majburiyat yuzasidan kelasan»,— deb aytdi. Bu so‘zlaridan yuragim jiz etdi va men ham yig‘lay boshladim.

Noto‘g‘ri fikrda ekanimni anglab, Yahovaning Shohidlari oilalarini yaxshi ko‘rishiga amin bo‘ldim. Shunday qilib, Yig‘ilish zalida o‘tadigan uchrashuvga borishga qaror qildim. U yerda Muqaddas Kitobni yaxshi tushuntira oladigan Kevin bilan tanishdim va biz tadqiq boshladik.

Kevin xotini bilan boshqalarga Muqaddas Kitobni tushunishga yordam berish uchun vaqt ajratish maqsadida sodda hayot kechirishardi. Ular Afrika va Markaziy Amerikada Yahovaning Shohidlari uchun filiallar qurilishida yordam berish uchun pul yig‘ib u yerga borishardi. Ular juda baxtli edi va bir-birini rosa yaxshi ko‘rishardi. «Qaniydi, men ham shunday yashasam»,— deb o‘ylardim.

Kevin to‘la vaqtli maxsus xizmat qanchalar quvonchli ekanini ko‘rsatuvchi videoni qo‘yib berdi. Men ham bunday yo‘l tutmoqchi ekanimni tushundim. 1995-yili Muqaddas Kitobni olti oy davomida yaxshilab tadqiq qilgach, Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim. «Menga kambag‘allik ham, boylik ham berma»,— deb aytilgan so‘zlarga yarasha ibodat qila boshladim. (Hikmatlar 30:8)

QANDAY FOYDA OLDIM?

Hozir chinakamiga boyman. To‘g‘ri, moddiy emas, ma’nan boyman. Mehribon Nuriyani Gondurasda uchratdim va biz turmush qurdik. Birinchi Panamada, hozir esa Meksikada birga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilamiz. Rostdan ham, Muqaddas Kitobda yozilganiday, «Yahovaning barakasi kishini boyitadi». (Hikmatlar 10:22)