MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
Hayotimdagi eng zo‘r mukofot
TUG‘ILGAN YILI: 1967
MAMLAKATI: FINLYANDIYA
O‘TMISHDA: PROFESSIONAL TENNISCHI
OLDINLARI
Men Finlyandiyadagi Tampere shahrining chetida tinch, yam-yashil hududida ulg‘ayganman. Oila a’zolarim uncha xudojo‘y bo‘lmagan, lekin ta’lim-tarbiya va yaxshi xulq tarafdorlari edi. Onam nemis millatiga mansub, kichikligimda G‘arbiy Germaniyaga, bobom va buvimnikiga tez-tez borib turardim.
Sportni bolaligimdan yaxshi ko‘raman. Kichikligimda sportning hamma turlari bilan shug‘ullanardim, ammo deyarli 14 yoshimda tennisni tanladim. 16 yoshga kelib men kuniga ikki yoki uch marta mashq qilardim, ya’ni ikki marta professional mashqlar va kechki payt o‘zim shug‘ullanardim. O‘yinning har xil jarayonlari meni o‘ziga tortardi; tennis o‘ynash ham aqlan, ham jismonan kuchimni talab qilardi. Garchi do‘stlarim bilan uchrashib, pivo ichishni yoqtirgan bo‘lsam-da, giyohvand moddalarini-yu spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaganman. Tennis jon-u dilim bo‘lib, hayotimda birinchi o‘rinda turgan.
Men 17 yoshimda Professional tennischilar uyushmasi o‘tkazadigan o‘yinlarda qatnashadigan bo‘ldim *. Bir nechta o‘yinda g‘olib chiqib, mamlakatimizda taniqli bo‘lib ketdim. 22 yoshimda dunyoning 50ta mashhur tennischilari qatoridan joy oldim.
Bir necha yil mobaynida dunyo bo‘ylab o‘tgan o‘yinlarda professional tennischi sifatida qatnashdim. To‘g‘ri, chiroyli joylarni ko‘rganman, lekin shu bilan birga ko‘pgina jiddiy muammolarning ham, jumladan, jinoyat, giyohvandlik va atrof-muhit muammolarining guvohi bo‘ldim. Masalan, Qo‘shma Shtatlarda bo‘lganimda, ba’zi shaharlarning jinoyat avjiga chiqqan hududlariga borish tavsiya etilmasdi. Bular dastidan ko‘nglim g‘ash edi. Bundan tashqari, hatto yaxshi ko‘rgan ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam-da, kun oxirida ich-ichimdan qoniqish hissini tuymas edim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
Men uchrashib yurgan Sanna ismli ayol Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi. U diniy mavzularga qiziqish ko‘rsatganidan bir oz hayron bo‘ldim, ammo tadqiq o‘tishiga qarshilik ko‘rsatmadim. 1990-yili biz turmush qurdik va u kelasi yil suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldi. Menga keladigan bo‘lsak, Xudo borligiga ishongan bo‘lsam-da, o‘zimni xudojo‘y deb bilmas edim. Kichikligimda Germaniyada buvim menga Muqaddas Kitobni o‘qib bergani va hatto qanday ibodat qilish kerakligini o‘rgatgani esimda edi.
Bir kuni Sanna bilan Yahovaning Shohidi bo‘lgan bitta juftliknikiga mehmonga borganimizda, eri Kari Muqaddas Kitobdagi «oxirzamon» haqidagi bashoratni ko‘rsatdi. (2 Timo‘tiyga 3:1–5) Bu menga rosa ta’sir qildi, o‘shanda men nega dunyoda shu qadar ko‘p yovuzliklar bo‘layotganini tushundim. O‘sha kuni din masalasida uncha ko‘p gaplashmadik. Biroq o‘sha kundan boshlab Kari bilan Muqaddas Kitob asosida suhbatlar quradigan bo‘ldik va bilib olayotganlarimning hammasi to‘g‘ri ekanini tushundim. Men juda band, tez-tez safarlarga borishim kerak bo‘lgani uchun Kari bilan muntazam ravishda uchrasha olmas edik, lekin u taslim bo‘lmagan. Tadqiqlarda bergan savollarimga u xatlar orqali menga javob berardi. Hayotdagi muhim savollarning bari Muqaddas Kitobda mantiqan tushuntirilayotganini ko‘rib, sekin-asta asosiy mavzuni — Xudoning Shohligi ostida Uning niyati butkul amalga oshishini tushundim. Xudoning ismi Yahova ekanini va Uning biz uchun qilgan ishlarini bilish menga rosa ta’sir qildi. (Zabur 83:18) Qalbimni junbishga keltirgani to‘lov qurbonlik edi; Xudo uni majburiyat yoki rasmiyatchilik emas, balki sevgi tufayli taqdim etgan ekan. (Yuhanno 3:16) Qolaversa, Xudoning do‘sti bo‘lishim va jannatda tinchlikda abadiy yashashim mumkinligini bilib oldim. (Yoqub 4:8) Shunda: «Minnatdor ekanimni qanday ko‘rsata olaman?» — deb o‘ylanib qoldim.
Hayotimga diqqat bilan nazar soldim. Muqaddas Kitobdan olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta ekanini bilib, o‘zgalar bilan bilimlarimni baham ko‘rish istagi paydo bo‘lganini his etdim. (Havoriylar 20:35) Professional sportchi bo‘lib, o‘yinlarda qatnashish uchun yiliga deyarli 200 kun uydan uzoq bo‘lardim. Butun oilamning diqqati faqat menga, ya’ni mashqlarim, kun tartibim va ishimga qaratilgan edi. Men o‘zgarishim kerakligini tushundim.
Professional sportni din tufayli qoldirish qarorim ko‘pchilikka g‘alati bo‘lib ko‘rinishini bilardim. Lekin Yahovani yanada yaxshiroq tanib-bilish orqali tennisda sazovor bo‘lish mumkin bo‘lgan sovrindan ko‘ra qimmatliroq abadiy hayotga ega bo‘lish imkoni borligini bildim. Shu bois qarorimdan qaytmaslik osonroq bo‘ldi. Boshqalarning gap-so‘zlariga e’tibor bermaslikka bel bog‘ladim, bu men chiqargan qaror edi. Bu bosimga qarshi turishimga ayniqsa Muqaddas Kitobdagi Zabur 118:6 qo‘l keldi. U yerda: «Yahova men tomonda ekan, qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!» — deyilgan.
O‘sha paytlarda ba’zi homiylar menga ko‘p yillar davomida professional tennisda ishtirok etib, hech narsadan xavotirlanmay, boy hayot kechirishga hissa qo‘shadigan kelishuvni taklif qilishdi. Ammo men qaror chiqarib bo‘lgan edim va bu taklifga rozi bo‘lmay, uyushmadan ketdim. Muqaddas Kitob tadqiqini davom ettirdim va 1994-yil 2-iyulda suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldim.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Menga keladigan bo‘lsak, Xudo haqida fikr yuritish uchun muayyan qiyinchilikka duch kelmaganman. Haqiqatni izlaganman deb ham ayta olmayman. Fikrimcha, farovon hayot kechirib, hech narsada muhtojlik ko‘rmaganman. Lekin Muqaddas Kitobdagi haqiqat xuddi meni kutib turganday edi va hayot mazmunliroq ekanini tushundim. Hayotim tasavvur qilganimdan ham yaxshiroq bo‘ldi. Oilam yanada mustahkam bo‘lib, har qachongidan ham yakdildir. Quvonchlisi shundaki, uchta o‘g‘lim izimdan ergashdi. Ular sportchi emas, masihiy bo‘lishdi.
Hozir ham tennis o‘ynashni yoqtiraman. Ko‘p yillardan beri tennis bilan bog‘liq ishlarda qatnashib pul topaman, masalan, murabbiylik qilaman va tennis o‘quv markazida ishlayman. Lekin hozir sport hayotimda birinchi o‘rinda emas. Ilgari, eng zo‘r tennischi va g‘olib bo‘lish uchun har hafta ko‘p soatlar mobaynida mashq qilardim. Hozir esa to‘la vaqtli xizmatchiman. Hayotimni o‘zgartirgan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni boshqalarga o‘rgatib, ularga amal qilishiga yordam berishga vaqtimni sarflayotganimdan baxtiyorman. Tangri Yahova bilan bo‘lgan do‘stligimni va ajoyib kelajak borasidagi umidim haqida boshqalarga e’lon qilishni hayotimda birinchi o‘ringa qo‘yib behad xursandman. (1 Timo‘tiyga 6:19)
^ 3- x.b. Professional tennischilar uyushmasi tumanlar aro professional erkak tennischilar o‘rtasida o‘yinlarni tashkillashtiradi. Bu uyushma tashkil etgan bir nechta professional o‘yin tufayli g‘oliblar ochko to‘play olardi va sovrin sifatida pulga sazovor bo‘lardi. O‘yinlarda to‘plangan ochkolar esa tennischi jahon o‘yinlarida qatnashish-qatnashmasligiga ta’sir qilardi.