MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
«Javoblardan ko‘ra savollarim ko‘proq edi»
Tug‘ilgan yili: 1976
Mamlakati: Gonduras
O‘tmishda: cherkov pastori
OLDINLARI
Men Gondurasning La-Seyba shahrida tug‘ilganman. Oilada beshta farzandning kenjasi va yolg‘iz o‘g‘il edim. Oilamizda faqat men kar edim. Oilamiz bilan xavfli hududda yashardik va juda kambag‘al edik. To‘rt yoshligimda otam ishxonasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Shundan keyin hayotimiz yanada og‘irlashib ketdi.
Onam opalarim va menga g‘amxo‘rlik qilishga harakat qilardi, lekin menga kiyim sotib olishga odatda puli yetmasdi. Yomg‘ir yoqqanda issiq kiyimlarim bo‘lmagani uchun sovuq qotardim.
Katta bo‘lganimda gonduras imo-ishora tilini o‘rgandim, natijada boshqa kar insonlar bilan muloqot qilishni boshladim. Ammo onam va opalarim gonduras imo-ishora tilini bilmasdi, ular bir nechta imo-ishora va men bilan gaplashish uchun o‘zlari o‘ylab topgan ishoralarni bilishardi, xolos. Onam meni yaxshi ko‘rgani uchun xavf-xatardan himoya qilardi. U o‘zi bilgan bir nechta imo-ishora yordamida tamaki chekish hamda ichkilikbozlik kabi illatlardan qochish muhimligini tushuntirib berardi. Men bu kabi illatlardan xoli ravishda katta bo‘lganimdan xursandman.
Yoshligimda onam meni katolik cherkoviga olib borardi, lekin u yerda aytib berilayotgan narsalarni imo-ishora tiliga tarjima qilib berishmagani uchun men hech nimani tushunmasdim. Zerikib ketganimdan cherkovga bormay qo‘ydim. O‘shanda o‘n yoshda edim. Ammo Xudo haqida bilim olish istagim so‘nmagandi.
1999-yili 23 yoshligimda injilchilar cherkovining a’zosi bo‘lgan bir ayolni uchratdim. U Qo‘shma Shtatlardan edi. U menga Muqaddas Kitobdan ta’lim berdi va amerika imo-ishora tilini o‘rgatdi. Muqaddas Kitobdan bilib olganlarim menga qattiq yoqqanidan pastor bo‘lishga qaror qildim. Shunday qilib men Puerto-Rikoga ko‘chdim va Kar xristianlarga ta’lim berish jamiyatiga bora boshladim. 2002-yili La-Seybaga qaytganimda, bir nechta do‘stlarimning yordami bilan kar insonlar uchun cherkov tashkil etdim. Keyinchalik o‘sha do‘stlarimdan biriga — Patrisiyaga uylandim.
Pastor sifatida men cherkovimizda gonduras imo-ishora tilida va’z o‘qirdim, Muqaddas Kitob hikoyalariga taalluqli rasmlar ko‘rsatardim hamda kar insonlar tushunishi uchun o‘sha voqealarni sahnalashtirib berardim. Qolaversa, yaqin atrofdagi shaharlarda yashovchi kar insonlarnikiga tashrif buyurib, ularga dalda berardim va muammolarini hal qilishga ko‘maklashardim. Men hatto Qo‘shma Shtatlar hamda Zambiyaga missionerlik sayohatiga borganman. Aslini olganda Muqaddas Kitob haqida uncha ko‘p narsani bilmasdim. Men boshqalarga menga aytib berishgan hamda rasmlardan o‘zim tushunib olgan narsalarni gapirib berardim. Ha, javoblardan ko‘ra savollarim ko‘proq edi.
Bir kuni cherkovimning ba’zi a’zolari men haqimda yolg‘on tarqata boshlashdi. Ularning aytishicha, men piyonista va xotinimga xiyonat qilar ekanman. Bundan xafa bo‘ldim va jahlim chiqdi. O‘shandan keyin Patrisiya va men cherkovni tark etdik.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
Yahovaning Shohidlari biznikiga tez-tez kelib turishardi, lekin men va Patrisiya ularga hech ham quloq solmasdik. Biroq cherkovni tark etganimizdan keyin, Patrisiya Yahovaning Shohidlari Tomas va Lissi ismli er-xotin bilan Muqaddas Kitobni o‘rganishga rozi bo‘ldi. Ular kar bo‘lishmasa-da, imo-ishora tilini bilishini ko‘rib qoyil qoldim. Ko‘p o‘tmay men ham Patrisiyaga qo‘shildim.
Biz amerika imo-ishora tilidagi videolar yordamida bir necha oy tadqiq o‘tdik. Ammo ba’zi do‘stlarimiz Yahovaning Shohidlari insonlar ortidan ergashadi deb ularni yomonlashdi va biz tadqiqni to‘xtatdik. Garchi Tomas Yahovaning Shohidlari insoniy rahbarlar ortidan ergashmasligi to‘g‘risida dalillar ko‘rsatgan bo‘lsa-da, men baribir unga ishonmadim.
Bir necha oy o‘tgach, Patrisiya qattiq tushkunlikka tushdi, u Xudoga ibodat qilib Yahovaning Shohidlari yana eshigimizni taqillatishini so‘radi. Ko‘p o‘tmay Yahovaning Shohidi bo‘lgan bir qo‘shnimiz Patrisiyadan xabar oldi va u Lissidan Patrisiyaning oldiga kelishni iltimos qilishini aytdi. Lissi chinakam do‘st ekanini isbotladi. U har hafta Patrisiyaning yoniga kelib, dalda berardi va tadqiq o‘tkazardi. Menda esa hali-hanuz Yahovaning Shohidlari haqida shubhalar bor edi.
2012-yili Yahovaning Shohidlari gonduras imo-ishora tilida «Haqiqatni bilib olishni istaysizmi?» nomli videoni ko‘rsatish bo‘yicha maxsus kampaniyada ishtirok etishdi. Lissi bizga ham bu videoni ko‘rsatdi. Bu videoni ko‘rib hangu mang bo‘lib qoldim. Chunki men o‘rgatgan ta’limotlarning ko‘pi, jumladan, do‘zax, o‘lmas jon kabilar Muqaddas Kitobga asoslanmagan ekan.
Keyingi hafta Tomas bilan gaplashish uchun Yahova Shohidlarining Yig‘ilish zaliga bordim. Men Tomasga kar insonlarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatni o‘rgatmoqchi ekanimni, faqat buni Yahovaning Shohidi sifatida emas, balki o‘zimning cherkovimni tashkil etib qilmoqchi ekanimni aytdim. G‘ayratga to‘lganimni ko‘rib Tomas meni maqtadi, lekin keyin Efesliklarga 4:5ni ko‘rsatdi-da, haqiqiy masihiylar jamoatida birlik bo‘lishi muhimligiga urg‘u berdi.
Tomas menga amerika imo-ishora tilida «Yahovaning Shohidlari — faol imon, 1-qism. Qorong‘ilikdan» nomli videoni ko‘rsatdi. Ushbu videoda qanday qilib bir guruh odamlar asosiy ta’limotlar to‘g‘risidagi haqiqatni tushunish uchun Muqaddas Kitobni sinchkovlik bilan tadqiq qilganini ko‘rdim. Videoni tomosha qilayotganimda bu insonlar nimalarni his qilganini tushundim. Ular singari men ham haqiqatni izlayotgandim. Bu video tufayli Yahova Shohidlarining e’tiqodlari faqat Muqaddas Kitobga asoslangani uchun ular haqiqatni o‘rgatishayotganiga amin bo‘ldim. Shunday qilib men Muqaddas Kitobni qaytadan tadqiq qilishni boshladim va 2014-yili Patrisiya bilan Yahovaning Shohidlari sifatida suvga cho‘mdik.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Yahova Shohidlarining jamoatlari Xudo singari pok bo‘lgani uchun ularni yaxshi ko‘raman. Unga topinuvchilar so‘zda va boshqalar bilan muomalada pokdir. Ular tinchliksevar va bir-biriga dalda beradi. Shohidlar orasida birlik bor va ular qaysi mamlakatda yashamasin yoki tilga mansub bo‘lmasin, o‘sha-o‘sha Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rgatishadi.
Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rganish menga zavq keltirardi. Masalan, Yahova Qodir Tangri va butun yer yuzining Oliy Hukmdori ekanini bilib oldim. U karlarni ham, eshitadiganlarni ham yaxshi ko‘radi. Xudoning menga bo‘lgan sevgisini qadrlayman. Shuningdek, butun yer yuzi jannatga aylanishini hamda barchamiz mukammal sog‘likka ega bo‘lib, abadiy hayotdan bahramand bo‘lish imkoniga ega ekanimiz haqida bilib oldim. Bularning bari amalga oshadigan kunni intiqib kutyapman!
Patrisiya va men kar insonlarga Muqaddas Kitob haqida gapirishni yaxshi ko‘ramiz. Hozir sobiq cherkovimizning ba’zi a’zolari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazyapmiz. Pastor bo‘lib yurganimda o‘zim ta’lim bergan narsalar borasida savollarim ko‘p edi, ammo hozir bunday emas. Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni o‘rganib, savollarimga qoniqarli javob topdim.