MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
«Go‘yoki orzu qilish mumkin bo‘lgan barchasiga ega edim»
TUG‘ILGAN YILI: 1962
MAMLAKATI: Kanada
O‘TMISHDA: axloqsiz hayot kechirgan
OLDINLARI
Kanadaning Kvebek provinsiyasidagi eng katta shahar Monrealda tug‘ilganman. Ota-onam opamni, meni va ikkita ukamni ko‘rkam Rozmon degan joyda mehr ila katta qilishgan. Orom baxsh etuvchi tinch hayot kechirishdan zavq olardik.
Kichikligimda Muqaddas Kitobni o‘qishni yoqtirardim. 12 yoshimda undan Isoning hayoti haqida o‘qiganim va bu menga juda yoqib qolgani esimda. Iso boshqalarga sevgi va rahm-shafqatni ko‘rsatgani menga rosa ta’sir qildi. Men u kabi bo‘lishni istagan edim. Ming afsuski, ulg‘ayganim sayin bu xohishim so‘nib qoldi va menga yomon ta’sir qilgan odamlarga qo‘shilib qoldim.
Otam saksofon chalardi va menga nafaqat asbobini berib yubordi, balki musiqaga bo‘lgan kuchli sevgini ham uyg‘otdi. Bu hayotim mazmuniga aylandi. Musiqani rosa yaxshi ko‘rganim uchun vaqt o‘tib, gitara chalishga ham o‘rgandim. Bir nechta do‘stim bilan rok-guruhni tashkillashtirib, bir necha marta konsert bilan chiqdik. Men ba’zi taniqli prodyuserlarning nigohiga tushdim va ular birga ishlashni taklif qildi. Mashhur bir ovoz yozish kompaniyasi bilan kontrakt tuzdim. Musiqam ko‘pchilikka yoqdi va Kvebekda radio orqali u doim eshittirilardi.
Go‘yoki orzu qilish mumkin bo‘lgan barchasiga ega edim. Yosh va mashhur edim, o‘zimga yoqadigan ish anchagina daromad keltirardi. Kunduzi sport zalga borardim, intervyu va dastxatlar berardim, televidenieda chiqib turardim. Kechalari esa, konsert berardim va bazmlarga borardim. Odamlarning ko‘nglini olaman deb stress his qilardim, uni yengish uchun spirtli ichimliklarni iste’mol qiladigan bo‘ldim, keyinroq esa giyohvand moddalariga o‘tgan edim. Buning ustiga, tap tortmas edim va axloqsiz hayot kechirardim.
Baxtli bo‘lib ko‘ringanim uchun ba’zilar menga havas qilardi. Ammo, ayniqsa, yolg‘iz qolganimda ich-ichimdan nimadir yetishmayotganini his etardim. Ruhim tushkun va bezovta edim. Qayg‘ulisi shundaki, mashhurligim cho‘qqisida ikkita prodyuserim OITS (SPID) kasalligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Esankirab qolgan edim. Musiqaga bo‘lgan sevgim so‘nmadi, lekin hayot tarzimdan nafratlanardim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
Muvaffaqiyat qozongan bo‘lsam-da, bu dunyoda mudhish ishlar yuz berayotganini payqardim. Qanaqasiga shuncha ko‘p adolatsizlik bo‘lishi mumkin? Nega Xudo hech narsa qilmayapti deb o‘ylardim. Ko‘pincha Unga murojaat qilib bu savollarni berardim. Safarda bo‘lganimda, yana Muqaddas Kitobni o‘qishni boshladim. Rostini aytsam, ko‘p narsani tushunmadim, lekin oxirat yaqin ekan deb xulosa qildim.
Muqaddas Kitobni o‘qiganda, Iso sahroda 40 kun ro‘za tutganini bilib oldim. (Matto 4:1, 2) Men ham shunday qilaman dedim, ehtimol, o‘shanda Xudo O‘zini menga oshkor etar deb o‘yladim. Shuning uchun qachon boshlash kunini ham belgilab qo‘ydim. O‘sha kunga ikki hafta qolganda, uyimga Yahovaning Shohidlari kelib, eshigimni taqillatdi va men jon deb ularni uyga taklif qildim. Ularning biriga qarab: «Oxirzamonda yashayotganimizni qayerdan bilamiz?» — deb so‘radim. Javoban u Muqaddas Kitobni ochib, 2 Timo‘tiyga 3:1–5ni o‘qib berdi. Men ularni savollarga ko‘mib tashladim, ular esa mantiqiy va qoniqarli javoblar berib, doim Muqaddas Kitob asosida gapirishardi. Bu menga qattiq ta’sir qildi. Ular menikiga bir necha marta keldi va men ro‘za tutishimga hojat yo‘qligini tushundim.
Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladim. Uzun sochimni kaltalatib, Yig‘ilish zalida o‘tadigan barcha uchrashuvlarga boradigan bo‘ldim. U yerda meni iliq kutib olishganini ko‘rib, haqiqatni topganimga ishonch hosil qildim.
Shu bilan birga, Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimga yarasha yashash uchun hayotimni anchagina o‘zgartirishim kerak edi. Masalan, giyohvand moddalarini iste’mol qilishga va axloqsiz hayot tarzimga chek qo‘yishim lozim edi. Qolaversa, xudbin nuqtai nazarimni o‘zgartirib, boshqalarga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishim kerak bo‘ldi. Yolg‘iz o‘zim ikkita farzandni katta qilganim bois, ularning hissiy va ma’naviy ehtiyojlariga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishim kerak edi. Shuning uchun, musiqa bilan bog‘liq bo‘lgan ishimni to‘xtatib, kamroq ish haqi to‘lanadigan zavodga ishga kirdim.
Bu o‘zgarishlarni qilish oson emas edi. Giyohvand moddalariga kelsak, xumorim tutardi va bir necha marta o‘zimni tuta olmaganman. (Rimliklarga 7:19, 21–24) Ayniqsa, axloqsiz hayot tarziga yakun yasash qiyin edi. Bundan tashqari, boshlig‘im talabchan va ish haqim kam edi. Ilgari bor-yo‘g‘i ikki soat ichida topgan pulni uch oy peshona ter bilan ishlab topardim.
Bu og‘ir damlarda doim ibodat qilganim rosa yordam berdi. Shuningdek, hamisha Muqaddas Kitobni o‘qish foydali bo‘ldi. Muayyan oyatlar dalda berib turardi. Masalan, 2 Korinfliklarga 7:1. U yerda: «Tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklaylik»,— deyilgan. Yomon odatlarimdan xalos bo‘lishning imkoni borligini ko‘rsatuvchi yana bir oyat Filippiliklarga 4:13 edi. U yerda: «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman»,— deb yozilgan. Tangri Yahova ibodatlarimga javob berib, Muqaddas Kitobdagi haqiqatga amal qilish mumkinligini tushunishimga ko‘maklashdi. Bu meni Unga hayotimni bag‘ishlashga undadi. (1 Butrus 4:1, 2) Men 1997-yili suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldim.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Shunda aminmanki, o‘tmishdagi hayotimga chek qo‘ymaganimda, allaqachon o‘lgan bo‘lardim. Lekin hozir men chinakam baxtli hayot kechiryapman. Aziz xotinim Elvi ham Xudoning barakasidir. Biz birgalashib to‘la vaqtli xizmatda qatnashamiz va boshqalarga Muqaddas Kitob asosida ta’lim berishdan zavq olamiz. Men bundan juda xursand va mamnunman. Yahova meni O‘ziga jalb qilganidan rosa minnatdorman! (Yuhanno 6:44)