MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
Nihoyat otam bilan til topishdim
TUG‘ILGAN YILI: 1954
MAMLAKATI: Filippin
O‘TMISHDA: shafqatsiz otasidan qochib ketgan
OLDINLARI
Ko‘pgina sayyohlar Filippinning Pagsanyan shahri yaqinidagi mashhur sharsharani ko‘rishga keladi. Otam Nardo Leron bu yerda qashshoqlikda ulg‘aygan. Davlatdagi nohaqlik, polisiyaning bosimi va ishi tufayli u badjahl va darg‘azab bo‘lib qolgan.
Ota-onamiz biz sakkizta farzandni boqish uchun og‘ir mehnat qilardi. Ko‘pincha ular guruch yetishtirish yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun uzoq vaqtga toqqa ketishardi. Akam Rodelio va men o‘z holimizga tashlab qo‘yilgan edik va tez-tez och qolardik. Bola bo‘lsak-da, o‘ynashga vaqtimiz bo‘lmas edi. Yetti yoshdan boshlab har birimiz ota-onamizga yordam berish uchun kokoslar ortilgan og‘ir yuklarni tik tog‘ yo‘llari bo‘ylab tashishga majbur edik. Agar yuk haddan ziyod og‘ir bo‘lsa, uni sudrashimiz kerak edi.
Otamizning do‘pposlashiga chidardik, ammo u onamizni urishini ko‘rish og‘riqliroq edi. Uni to‘xtatishga urinardik, lekin qo‘limizdan hech narsa kelmasdi. Akam Rodelio bilan ulg‘ayganimizda otamizni o‘ldirishga yashirincha kelishib oldik. Bizni sevadigan otaga muhtoj edim.
Otamning zo‘ravonligidan to‘yib ketgandim va g‘azabda edim, shu yo‘sin, 14 yoshimda uydan qochib ketdim. Bir muncha vaqt ko‘chada yashadim va marixuana chekishni boshladim. Oxiri qayiqchi bo‘lib ishga kirdim; sayyohlarni sharsharaga tashirdim.
Bir necha yil o‘tib Manilada universitetda o‘qiy boshladim. Lekin dam olish kunlari ishlash uchun Pagsanyanga borardim va o‘qishga kam vaqt qolardi. Hayotim og‘ir va maqsadsiz edi. Ustiga-ustak, xavotirlarimga barham berishda marixuana bilan qoniqmay qoldim. Men metamfetamin, kokain va geroinni tatib ko‘rdim. Giyohvand moddalari tufayli jinsiy axloqsizlik bilan shug‘ullanardim. Hayotim qashshoqlik, nohaqlik va azob-uqubatga to‘la edi. Hukumatdan nafratlanardim va muammolarimda ularni aybdor deb bilardim. Xudodan: «Nega hayot bunday?» — deb so‘rardim. Turli dinlar haqida o‘rganishga harakat qildim-u, savollarimga javob topa olmadim. Ruhimni ko‘tarish maqsadida giyohvand moddalarini ko‘proq qabul qila boshladim.
1972-yili Filippindagi talabalar hukumatga qarshi isyon ko‘tardi. O‘sha isyonlardan biriga qo‘shildim va u zo‘ravonlik bilan yakun topdi. Ko‘plarni hibsga olishdi va bir necha oydan keyin mamlakatda harbiy holat e’lon qilindi.
Men yana ko‘chada qoldim va bu safar isyonda qatnashganim tufayli qo‘rqqandim. Giyohvand moddalariga pul topish uchun o‘g‘rilik qilardim. Oxiri, boy hamda chet ellik kishilar bilan pul evaziga jinsiy axloqsizlik qilardim. Yashaymanmi yo o‘lamanmi menga farqi yo‘q edi.
O‘sha paytlari onam va ukam Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi. Otamning bundan qattiq jahli chiqdi va u Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni yoqib tashladi. Lekin ular taslim bo‘lishmadi va Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mishdi.
Bir kuni Yahovaning Shohidi otamga yer yuzida adolat tiklanishi haqidagi Muqaddas Kitobda keltirilgan va’da bilan bo‘lishgan. (Zabur 72:12–14) Bu umid unga shunchalik ta’sir qilganidan u tadqiqni boshlagan. Otam Muqaddas Kitobdan nafaqat Xudoning adolatli boshqaruv haqidagi va’dasini, balki U er va otadan nimani talab qilishini ham bilib olgan. (Efesliklarga 5:28; 6:4) Ko‘p o‘tmay, otam, aka-uka va singillarimning barchasi Yahovaning Shohidi bo‘lishgan. Uydan uzoqda bo‘lganim sabab, bulardan bexabar edim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
1978-yili Avstraliyaga ko‘chib o‘tdim. Hatto shunday boy va farovon mamlakatda ham tinchlik topa olmadim. Spirtli ichimlik va giyohvand moddalarini hanuzgacha iste’mol qilardim. O‘sha yili menikiga Yahovaning Shohidlari keldi. Ular menga yer yuzida tinchlik bo‘lishi to‘g‘risida Muqaddas Kitobda yozilganlarni ko‘rsatishdi va bu menga yoqdi. Ammo ular bilan ehtiyotkorlik ila muomala qilardim.
Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, bir necha haftaga Filippinga qaytdim. Oila a’zolarim otamiz yaxshi tarafga o‘zgarish uchun rosa harakat qilganini aytdi. Lekin qalbim shu qadar g‘azabga to‘lganidan, o‘zimni undan olib qochardim.
Singlim nega hayot azob-uqubat va adolatsizlikka to‘la ekanini Muqaddas Kitob asosida tushuntirib berdi. Shunda hayotda oz tajribaga ega bo‘lgan o‘smir qiz savollarimga javob bera olganidan hayron qoldim. Ketishimdan avval otam menga «Yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz» * nomli kitobni berdi. U: «Bunday yashashni bas qil. Bu kitobdan izlayotgan narsangni topasan»,— deb aytdi. Otam meni Avstraliyaga qaytganimda Yahovaning Shohidlari bilan bog‘lanishga undadi.
Otamning maslahatiga quloq soldim va Brisbendagi uyim yaqinida Yahova Shohidlarining Yig‘ilish zalini topdim. Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladim. Muqaddas Kitobdagi, masalan, Doniyor 7-bob va Ishayo 9-bobdagi bashoratlaridan shuni ko‘rdimki, kelajakda Xudoning adolatli Shohligi boshqarar ekan. Shuningdek, yerda jannat bo‘lishini va quvonib yashashimizni bilib oldim. Xudoga ma’qul kelishni istardim; buning uchun his-tuyg‘ularimni nazorat qilishim, giyohvand moddalari va spirtli ichimliklarga chek qo‘yishim hamda axloqsiz hayot tarziga yakun yasashim kerak edi. Birga yashayotgan qiz bilan munosabatlarni uzdim va yomon odatlarimdan qutuldim. Yahovaga bo‘lgan ishonchim oshgani sayin, boshqa o‘zgarishlarni qila olishim uchun yordam so‘rab, Yahovaga ibodat qilardim.
Bora-bora shuni tushundimki, men olayotgan bilim insonni chinakamiga o‘zgartira olarkan. Muqaddas Kitobga ko‘ra, harakat qilsak «yangi o‘zlikni» kiya olamiz. (Kolosaliklarga 3:9, 10) Bunga intilar ekanman, otam ham o‘zgarayotgani to‘g‘risida eshitganlarim rost bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab qoldim. Unga darg‘azab bo‘lish va yomon munosabatda bo‘lishning o‘rniga, u bilan tinch munosabatlarga erishishni istadim. Xullas, otamni kechirdim va bolalikdan beri meni tark etmagan nafratni qo‘yib yubordim.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Yoshligimdan boshqalarga ergashib buzg‘unchilik qilib, zarar keltirardim. Muqaddas Kitobdagi yomon odamlar bilan muloqot qilish haqidagi ogohlantiruv chin ekaniga amin bo‘ldim. Aynan yomon odamlar bilan muloqot qilish meni yo‘ldan ozdirgan edi. (1 Korinfliklarga 15:33) Lekin Yahova Shohidlarining orasida ishonchli do‘stlarga ega bo‘ldim va bu yaxshi tarafga o‘zgarishimga yordam berdi. Qolaversa, ularning orasida qadrli turmush o‘rtog‘im Loretani uchratdim. Birgalikda boshqalarga ular Muqaddas Kitobdan qanday foyda olishlari mumkinligini o‘rgatamiz.
Muqaddas Kitob tufayli otam men tasavvur qilmagan darajada o‘zgardi — u mehribon er va kamtarin, tinchliksevar masihiy bo‘ldi. 1987-yili Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mganimdan keyin oila a’zolarim bilan yig‘ildik. O‘shanda otam umrimda ilk bor meni quchoqladi!
35-yildan oshiq vaqt davomida ota-onam birgalikda Muqaddas Kitobdagi umidni boshqalar bilan bo‘lishdi. Otam mehnatkash va boshqalarga yordam beradigan insonga aylandi. O‘sha yillar mobaynida uni hurmat qilishga va yaxshi ko‘rishga o‘rgandim. Uning o‘g‘li ekanimni aytishdan faxrlanardim! Otam 2016-yili hayotdan ko‘z yumdi. Uni ijobiy fikrlar bilan eslayman. Chunki ikkalamiz ham Muqaddas Kitob ta’limotlariga amal qilish uchun shaxsiyatimizni o‘zgartirganimizni bilaman. Endi, oldingidek nafratni his etmayman. Shuningdek, barcha yerdagi oilalar duch kelayotgan qiyinchiliklarga chek qo‘yishni va’da qilayotgan samoviy Otamni, Tangri Yahovani, topganim uchun minnatdorman.
^ 12- x.b. Bu kitob Yahovaning Shohidlari tomonidan chiqarilgan, ammo hozir chop etilmaydi.