Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Endi, o‘zimdan uyalmayman»

«Endi, o‘zimdan uyalmayman»
  • Tug‘ilgan yili: 1963

  • Mamlakati: Meksika

  • O‘tmishda: ko‘cha bolasi; o‘zini keraksiz his qilgan

OLDINLARI

Men Meksikaning shimolidagi Syudad-Obregon shahrida tug‘ilganman. Men to‘qqizta farzandning beshinchisiman. Biz shahar chetida yashardik, dadamning kichkina fermasi bor edi. U yerni juda yaxshi ko‘rardik, oilamiz ahil va baxtiyor yashardi. Afsuski, men besh yoshda bo‘lganimda bo‘ron yuz berib, fermamizni yakson qildi va biz boshqa shaharga ko‘chishga majbur bo‘ldik.

Dadamning ishi yurishayotgan edi. Lekin u spirtli ichimliklarga berilib ketdi. Bu butun oilamizga ta’sir qildi. Men va ikkita akam dadamning sigaretlarini o‘g‘irlab, chekardik. Bor-yo‘g‘i olti yoshimda ilk bor spirtli ichimlikdan mast bo‘lib qoldim. Ko‘p o‘tmay, ota-onam ajrashdi va xulqim rosa yomonlashdi.

Onam boshqa kishi bilan yashay boshlaganda, bizni ham olib ketdi. U kishi bir tiyin ham bermasdi va onamning topgani bizga yetmas edi. Opa-akalarim va men ishlar edik, lekin bu eng asosiy narsalarga zo‘rg‘a yetardi. Boshqalarning oyoq kiyimlarini tozalardim, non, gazeta, saqich va hokazolarni sotardim. Boylar uylarining yonidagi axlat qutilarida yegulik ham qidirib yurardim.

O‘n yoshda bo‘lganimda, bitta kishi shahar axlati yig‘iladigan bir joyda ishlashga meni chaqirdi. Men rozi bo‘lib, maktabni tashladim va uydan ketdim. U menga kuniga bir dollardan ham kamroq pul va axlatdan topilgan oziq-ovqat berardi. Axlatdan topilgan narsalardan o‘zim uchun kulbacha yasab, u yerda yashardim. Atrofimdagi odamlar so‘kinib, axloqsiz hayot kechirardi. Ko‘plari giyohvand moddalarini iste’mol qilib, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygandi. Bu hayotimdagi eng dahshatli damlar edi va men har tunda yig‘lab, qo‘rquvdan titrardim. Qashshoq va savodsiz bo‘lganim dastidan o‘zimdan rosa uyalardim. O‘sha yerda taxminan uch yil yashab, Meksikaning boshqa shtatiga ko‘chib ketdim. U yerda dalalarda mehnat qilardim va gul, paxta, kartoshka terib, shakarqamish yig‘ardim.

Shu kabi axlat joyda taxminan uch yil yashaganman

To‘rt yildan keyin Syudad-Obregonga qaytdim. U yerda tabib bo‘lgan ammam uyidan menga bir xona ajratib berdi. Kechalari yomon tushlar ko‘radigan bo‘ldim va hatto hayotimga qasd qilish xayollari chulg‘ab oldi. Tunlarning birida shunday deb Xudoga murojaat qildim: «Ey, Xudo, agar bor bo‘lsang, O‘zingni menga ochib ber. Senga butun umr xizmat qilaman. Haq din bor bo‘lsa, uni topishimga yordam ber».

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Men ma’nan chanqoq ekanimni doim his qilardim. Hatto bolaligimda ko‘pgina turli cherkovlarga borardim, ammo hammasidan ko‘nglim qolib ketdi. Muqaddas Kitob va Xudo haqida bilish ehtiyojim birortasida ham qondirilmadi. Ayrimlarida u yerga boradigan kishilar boylik payidan bo‘lsa, boshqalarida axloqsiz hayot kechirardi.

Yoshim 19 da bo‘lganda, pochcham Yahovaning Shohidlari unga Muqaddas Kitobda butlarga sajda qilish borasida nima yozilganini ko‘rsatishganini aytdi. U Chiqish 20:4, 5 ni keltirib, o‘yma tasvirlarni yasamasligimiz kerakligini aytdi va 5-oyatni o‘qib berdi. U yerda: «Ularga sajda va xizmat qilmanglar. Chunki Men, Xudoyingiz Yahova mutlaq sadoqatni talab qiladigan Tangriman»,— deyilgan. So‘ng menga quyidagicha savol berdi: «Xudo mo‘jizalarni bunday tasvirlardan foydalanib ko‘rsatsa yoki ularni topinishimizda qo‘llashimizni istasa, nega unda ularni man etyapti?» Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi. Bundan keyin bir necha marta Muqaddas Kitobdagi mavzular borasida suhbatlar qurdik. Bunday suhbatlarni rosa yaxshi ko‘rardim, vaqt uchib ketganday bo‘lardi.

Keyinchalik, pochcham meni Yahova Shohidlarining uchrashuviga olib bordi. U yerda eshitgan va ko‘rganlarim menga qattiq ta’sir qildi. Hatto yoshlar ham dasturda qatnashib, sahnadan turib bemalol gapirishardi. Ichimda: «Bu yerdagilar rosa zo‘r ta’lim olar ekan!» — deb o‘yladim. Sochim uzun bo‘lganiga va pala-partish kiyinganimga qaramay, ular meni iliq kutib olishdi. Bitta oila meni yig‘ilishdan keyin tushlikka taklif qildi.

Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilgach, Tangri Yahova mehribon Ota sifatida moddiy, ijtimoiy, irqiy yoki olgan ta’limimizga qaramay bizga g‘amxo‘rlik qilishini bilib oldim. Ha, U yuzxotirchilik qilmaydi. (Havoriylar 10:34, 35) Xullas, ma’naviy ehtiyojlarim qondirila boshladi. Hayot mazmunini topib, baxtiyor bo‘ldim.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Hayotim yuz foizga o‘zgardi! Chekishni tashladim va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishni to‘xtatib, so‘kinmaydigan bo‘ldim. Bolaligimda qiynagan salbiy tuyg‘ulardan qutulib, yomon tushlar ko‘rmaydigan bo‘ldim. Endi, bolaligimdagi azoblarim va savodsizlik dastidan hissiy jarohatlarim ortda qolib, o‘zimni keraksiz his etmayapman.

Yahovani yaxshi ko‘radigan turmush o‘rtog‘im bor va u meni juda ham qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir men ko‘chma nozir sifatida Xudoga xizmat qilib, jamoatlarga tashrif buyuraman va imondoshlarimga ta’lim beraman. Muqaddas Kitob to‘g‘ri yo‘lga solish kuchiga ega bo‘lgani va u orqali Xudo bizga ta’lim berayotgani uchun, endi, o‘zimdan uyalmayman.

Menga ham yordam berishganday, xotinim bilan boshqalarga ko‘maklashishdan zavq topamiz