Yahovaning Shohidlari dafn marosimi borasida qanday nuqtai nazarda?
Dafn marosimi borasidagi nuqtai nazar va odatlarimiz Muqaddas Kitob ta’limotlariga asoslangan bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Yaqin insonimiz hayotdan ko‘z yumganda qayg‘uramiz. Iso Masihning shogirdlari ham yaqinlaridan judo bo‘lganda azob chekkan. (Yuhanno 11:33–35, 38; Havoriylar 8:2; 9:39) Shuning uchun, dafn marosimini tantanali mehmondorchilik payti deb bilmaymiz. (Voiz 3:1, 4; 7:1–4) Aksincha, qayg‘urayotgan insonlarga tasalli berib, yupatish uchun boramiz. (Rimliklarga 12:15)
O‘lganlar hech narsani sezmaydi. Millatimiz va madaniyatimiz qanday bo‘lmasin, Muqaddas Kitobga asoslanmagan rasm-rusumlardan va o‘lganlar tiriklarga ta’sir qila oladi, degan ta’limotdan qochamiz. (Voiz 9:5, 6, 10) Bu, marhumning boshida uxlamay chiqish, dabdabali urf-odatlar-u ma’rakalar, o‘lgan kishiga atab qurbonlik keltirish, u bilan gaplashish va bevalik bilan bog‘liq rasm-rusumlarni o‘z ichiga oladi. Bunday odatlardan yiroqlashib, Muqaddas Kitobdagi: «Ulardan ayrilib ketinglar... nopokka qo‘l tekkizmanglar»,— degan amrga bo‘ysunamiz. (2 Korinfliklarga 6:17)
O‘lganlarning tirilishiga umid bor. Muqaddas Kitobda aytilishicha, o‘lganlar tiriladi va o‘lim boshqa bo‘lmaydigan zamon keladi. (Havoriylar 24:15; Vahiy 21:4) Birinchi asrda bo‘lgani kabi, bu umid bizga ham motam paytida haddan oshib ketmaslikka yordam beradi. (1 Salonikaliklarga 4:13)
Muqaddas Kitobga ko‘ra, kamtar bo‘lish kerak. (Hikmatlar 11:2) Dafn marosimlarini «o‘z mol-mulki bilan maqtanib», jamiyatdagi o‘rnini yoki moddiy farovonlikni ko‘rsatish uchun bahona, deb bilmaymiz. (1 Yuhanno 2:16) Biz vaqtichog‘lik qilish uchun serhasham dafn marosimlarini o‘tkazmaymiz. Shuningdek, boshqalarni lol qoldiradigan qimmat tobutlarni buyurtma qilmaymiz va bashang kiyimlarni kiymaymiz.
Dafn marosimi bilan bog‘liq nuqtai nazarimizni boshqalarga o‘tkazmaymiz. Bu borada quyidagi prinsipga amal qilamiz: «Har birimiz o‘zimiz uchun Xudoga hisobot beramiz». (Rimliklarga 14:12) Lekin imkon bo‘lsa, e’tiqodimizni «muloyimlik va kamoli ehtirom bilan» tushuntirishga harakat qilamiz. (1 Butrus 3:15)
Yahova Shohidlarining dafn marosimi qanday o‘tadi?
Joy. Agar oila a’zolari dafn marosimini o‘tkazishga qaror qilsa, uni istagan joyda, masalan, Yig‘ilish zalida, xonadonda, krematoriyda yoki mozorda o‘tkazishi mumkin.
Marosim jarayoni. Yaqinini yo‘qotganlarga tasalli berish maqsadida o‘lim va tirilishga bo‘lgan umid haqida Muqaddas Kitobga asoslangan nutq so‘zlanadi. (Yuhanno 11:25; Rimliklarga 5:12; 2 Butrus 3:13) Nutq paytida marhumning fazilatlari, shuningdek, sadoqatli bo‘lishda u qanday o‘rnak qoldirgani aytib o‘tilishi mumkin. (2 Shohlar 1:17–27)
Muqaddas Kitobga asoslangan hamd-u sano qo‘shig‘i kuylanishi mumkin. (Kolosaliklarga 3:16) Marosim taskin beruvchi ibodat ila yakunlanadi. (Filippiliklarga 4:6, 7)
Pul to‘lash. Nutq so‘zlagan, jumladan, dafn marosimidagi xizmatlar uchun o‘z hissasini qo‘shgan imondoshlarga haq to‘lanmaydi va jamoat uchrashuvlarida ham xuddi shunday. (Matto 10:8)
Kim kelishi mumkin? Yahovaning Shohidi bo‘lmagan kishilar ham Yig‘ilish zalida o‘tadigan dafn marosimiga kelsa bo‘ladi. Boshqa uchrashuvlarimiz singari, dafn marosimiga ham barcha tashrif buyurishi mumkin.
Yahovaning Shohidlari boshqa din vakillari o‘tkazadigan dafn marosimiga borishadimi?
Bu borada har bir masihiy Muqaddas Kitob bo‘yicha tarbiyalangan vijdoniga asoslanib o‘zi qaror chiqaradi. (1 Timo‘tiyga 1:19) Ammo Muqaddas Kitobga asoslanmaydigan diniy urf-odatlarda qatnashmaymiz. (2 Korinfliklarga 6:14–17)