Yahovaning Shohidlari tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga yordam berishadimi?
Ha, tabiiy ofatlar yuz berganda ko‘pincha Yahovaning Shohidlari yordam berishadi. Galatiyaliklarga 6:10 dagi: «Hammaga, ayniqsa imondoshlarimizga yaxshilik qilaylik»,— degan maslahatga amal qilgan holda, nafaqat imondoshlarimizga, balki Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan insonlarga ham amaliy yordam beramiz. Jabr ko‘rganlarga shu kabi mushkul pallada hissiy va ma’naviy yordam berishga ham harakat qilamiz. (2 Korinfliklarga 1:3, 4)
Tashkilot
Tabiiy ofat yuz bergan hududdagi jamoatlarda xizmat qiladigan oqsoqollar jamoatining barcha a’zolari bilan darrov bog‘lanishga harakat qilib, hol-ahvolini va qanday yordamga muhtoj ekanini so‘rashadi. So‘ng olgan ma’lumotlarni va jabr ko‘rganlar uchun nimalar qilingani haqidagi hisobotni Yahova Shohidlarining mahalliy filialiga jo‘natishadi.
Mabodo, jabr ko‘rgan hududlardagi jamoatlar kerakli yordamni taqdim eta olishmasa, Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zolari kerakli narsalar jo‘natilishi uchun choralar ko‘rishadi. Birinchi asrda ham masihiylar ocharchilik paytida bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishgan. (1 Korinfliklarga 16:1–4) Bu choralarni to‘g‘ri tashkillashtirish uchun mahalliy filial tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish qo‘mitalarini tayinlaydi. Jabr ko‘rganlarga yordamlashish niyatida boshqa hududlardagi Yahovaning Shohidlari vaqt hamda mablag‘ini ayamaydi. (Hikmatlar 17:17)
Moddiy yordam
Yahova Shohidlarining filiallariga yuborilgan xayr-ehsonlar, shuningdek, tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga ham yordam berish maqsadida ishlatiladi. (Havoriylar 11:27–30; 2 Korinfliklarga 8:13–15) Buni ish haqi to‘lanmaydigan ixtiyoriy xizmatchilar amalga oshirishgani tufayli, xayr-ehsonlar ma’muriy xarajatlarga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi. Xayr-ehsonlar ko‘zlangan maqsadda sarflanayotgani tekshiriladi. (2 Korinfliklarga 8:20)