Asosiy materiallarga o‘tish

Nima uchun Yahovaning Shohidlari muayyan bayram va marosimlarni nishonlamaydi?

Nima uchun Yahovaning Shohidlari muayyan bayram va marosimlarni nishonlamaydi?

 Bayram Xudoga ma’qul kelish-kelmasligini Yahovaning Shohidlari qanday aniqlaydi?

 Muayyan bayramni nishonlash-nishonlamaslik borasida Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobni asos deb biladi. Ba’zi bayramlar Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bunday vaziyatlarda Yahovaning Shohidlari o‘sha bayramlarda ishtirok etmaydi. Boshqa bayramlarga kelsak, Yahovaning har bir Shohidi «Allohga va bandalariga qarshi gunoh qilmay», vijdonini toza saqlashga intilib, shaxsiy qaror chiqaradi. (Havoriylar 24:16)

 Quyida Yahovaning Shohidlari qaysidir bayramda ishtirok etishdan avval o‘zlariga beradigan ba’zi savollar keltirilgan a.

  •   Bayram Muqaddas Kitobga zid ta’limotga asoslanganmi?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Ularning orasidan chiqinglar, ulardan ayrilib ketinglar,— demoqda Yahova,— va bundan buyon nopokka qo‘l tekkizmanglar». (2 Korinfliklarga 6:15–17)

     Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan soxta ta’limotlardan butunlayin ayrilib ketish uchun Yahovaning Shohidlari quyidagi xususiyatlarni o‘z ichiga olgan bayramlarda ishtirok etmaydi.

     Masalan, xudolarga sajda qilish yoki boshqa e’tiqod bilan bog‘liq bayram va marosimlar. Iso payg‘ambar: «Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et»,— deb ta’kidlagan. (Matto 4:10) Shu bois, Yahovaning Shohidlari Rojdestvo, Pasxa yoki 1-may kuni kabi bayramlarni nishonlamaydi. Sababi, mazkur bayramlarning ildizi Tangri Yahovaga emas, boshqa xudolarga sajda qilishga borib taqaladi. Qolaversa, ular quyida keltirilgan bayramlarni ham nishonlamaydi.

    •  Kvanzaa. Bu so‘z suaxili tilidagi «matunda ya kwanzaa» iborasidan kelib chiqqan bo‘lib, «ilk hosil» degan ma’noni anglatadi. Bu degani, bayramning ildizi Afrika tarixidagi ilk hosil bayramiga borib taqaladi. («Ensyslopedia of Blask Studies») Garchi ba’zilar Kvanzaani diniy bayram deb hisoblamasa-da, bir ensiklopediyada mazkur bayramda ilk hosilni «ilohiy zotlarga va ajdodlarga minnatdorchilik bildirish maqsadida» qurbonlik sifatida keltirilgani aytilgan. Afro-amerikaliklarning Kvanzaa bayrami o‘sha bayram asosida vujudga kelgan. («Ensyslopedia of Afrisan Religion»)

      Kvanzaa

    •  O‘rta kuz bayrami. Bu bayram kuni odamlar oy ma’budasiga sajda qilgan. («Holidays, Festivals, and Selebrations of the World Distionary») Bu paytda ayol kishilar ma’buda oldida muk tushib ta’zim qilgan. («Religions of the World — A Somprehensive Ensyslopedia of Beliefs and Prastises») Mazkur bayram Xitoy va Vetnam hududlarida keng nishonlanadi.

    •  Navro‘z. «Bu bayramning tarixi zardushtiylik diniga taqalib, zardushtiylar kalendarining muqaddas kunlaridan biri». («United Nations Edusational, Ssientifis and Sultural Organization») Bir ensiklopediyaga binoan, «bu bayram odatda 21-mart kuni boshlanib, ko‘pgina davlatlarda yangi yilning birinchi kuni hisoblanadi». («Ensyslopedia Britannisa») «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasiga» ko‘ra, bu «bahorgi teng kunlikka (21 yoki 22-mart), ya’ni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga to‘g‘ri keladi». Bir manbada shunday deyilgan: «Zardushtiylik dini tarix qa’rida qoldi. Biroq bu dinga xos ko‘pgina odatlar, bayramlar, rasm-rusumlar hozirgi paytgacha saqlanib qolgan. Albatta, ular ichida eng kattasi Navro‘z bayramidir». («Odatnoma. Birinchi kitob»)

    •  Yangi yil bayrami. Bu bayramning kelib chiqishi to‘g‘risida bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Rim hokimi Yuliy Sezar miloddan avvalgi 46-yilda 1-yanvarni yangi yilning boshlanishi deb belgilagan. [...] Yanvar oyi Yanus atalmish xudoning ismidan kelib chiqqan. Uning biri oldinga, biri orqaga qaraydigan ikkita yuzi bo‘lgan». («The World Book Ensyslopedia») «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»ga binoan, «Yanus — Rim mifologiyasida eshik, kirish-chiqish, keyinchalik — har qanday ishning boshi (shu jumladan, inson hayotining ham boshlanishi) hamda bitimlar va ittifoqlar xudosi» hisoblanadi.

       Choymomo marosimi. «Qadimda odamlar kuchli yel, quyun yoki dovul sifatida namoyon bo‘ladigan hamda ekin-tikinlarni payhon qilib, daraxtlarning mevasini to‘kib, katta ziyon yetkazadigan shamolni yovuz kuch alomati deb bilishgan. Bevaqt esgan shamolni to‘xtatish va hosil nobudgarchiligining oldini olish maqsadida bu tabiiy hodisaga turli sehr-jodu amallar bilan ta’sir ko‘rsatishga harakat qilishgan». («O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»)

     Irim yoki omadga ishonish bilan bog‘liq bayramlar. Muqaddas Kitobda «Omad xudosi uchun dasturxon yozganlar» «Yahovani tark etganlar» orasida ekani aytilgan. (Ishayo 65:11) Shu bois, Yahovaning Shohidlari quyidagi bayram va marosimlarda qatnashmaydi.

    •  Mushkulkushod. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ga ko‘ra, «kishining mushkulini oson qilish, ishini yurgizish maqsadida qilinadigan duo va irim-sirimlar va uni o‘tkazish yig‘ini» hisoblanadi.

    •  Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil (Xitoy yoki Koreya Yangi yili). «Yilning bu paytida oila a’zolar, do‘stlar-u qarindoshlar har qachongidan ham ko‘proq harakat qilib, bir-birini ularga omad kulib boqishiga ishontiradi, xudolarga va ruhlarga sajda qiladi hamda yangi yilda barakalar tilaydi». («Moonsakes and Hungry Ghosts —Festivals of Shina») Xuddi shunga o‘xshab Koreyada nishonlanadigan Yangi yilda «ajdodlarga sajda qilish, yovuz ruhlarni haydash maqsadida rasm-rusumlarni bajarish va bir-biriga omad tilashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yangi yilda ularni nimalar kutayotganini bilish maqsadida, fol ochishadi». («Ensyslopedia of New Year’s Holidays Worldwide»)

      Xitoy Yangi yili

     O‘lmas jon haqidagi uydirmalarga asoslangan bayram va marosimlar. Muqaddas Kitobda jon o‘lishi aniq qilib aytilgan. (Hizqiyo 18:4) Mana shu sababli, Yahovaning Shohidlari jon o‘lmasligi haqidagi uydirmani olg‘a surish bilan bog‘liq quyidagi bayram va marosimlarda qatnashmaydi.

    •  Xudoyi. «Marhumlar ruhiga bag‘ishlab yoki biror illatdan eson-omon qutulganligi uchun xudo yo‘liga qilinadigan sadaqa, qurbonlik, ziyofat». («O‘zbek tilining izohli lug‘ati»)

    •  Xatmi qur’on. «Marhumlar arvohiga atab qur’on tushirish va shu munosabat bilan o‘tkaziladigan diniy marosim, kichik ziyofat». («O‘zbek tilining izohli lug‘ati»)

    •  Chxusok. Bir manbaga ko‘ra, koreyaliklarning bu bayrami «o‘lganlarning ruhiga atab taom va sharob keltirish odatini» o‘z ichiga oladi. Bu udum «odam vafot etganidan keyin uning ruhi tanasidan chiqib, yashashda davom etishiga bo‘lgan ishonch» bilan bog‘liq. («The Korean Tradition of Religion, Sosiety, and Ethiss»)

     Sirli va g‘ayritabiiy kuchlar bilan bog‘liq bayram va marosimlar. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Folbin, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi, belgilarga qarab fol ochuvchi, sehrgar, issiq-sovuq qiluvchi, arvoh chaqiruvchi bilan maslahatlashadigan, folbin yoki o‘liklarga murojaat qiluvchi... Yahova uchun jirkanchdir». (Qonunlar 18:10–12) Sirli va g‘ayritabiiy kuchlarning har qanday turidan, jumladan, folbinlikning turi bo‘lmish munajjimlikdan yiroqda bo‘lish maqsadida, Yahovaning Shohidlari Xellouin yoki quyidagi bayram-u marosimlarda ishtirok etmaydi.

    •  Bibi seshanba. «Ip yigiruvchi xotinlarning muqaddas sanalgan afsonaviy homiysi (piri) bo‘lib, taqvodor xotinlar uning sharafiga seshanba kunlari maxsus marosim o‘tkazadi». («O‘zbek tilining izohli lug‘ati»)

    •  Songkran. Osiyoliklarning bu bayramining nomi «sanskrit tilidagi... so‘zdan kelib chiqqan bo‘lib, “o‘tish” yoki “o‘zgarish” degan ma’noni anglatadi va [bu bayramda] quyosh Hamal burji tomon o‘tishi nishonlanadi». («Food, Feasts, and Faith — An Ensyslopedia of Food Sulture in World Religions»)

     Isoning qurbonligidan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotgan Musoning Tavrot kitobidagi bayramlar. Muqaddas Kitobda: «Tavrot Masihda tugayapti»,— deb aytilgan. (Rimliklarga 10:4) Masihiylar qadimgi Isroil xalqiga berilgan Tavrot kitobidagi prinsiplarni qo‘llab, foyda olishadi. Ammo masihiylar u yerda keltirilgan bayramlarda, ayniqsa, Masih bilan bog‘liq bayramlarda qatnashmaydi. Chunki ular Masih allaqachon kelganiga ishonadi. Muqaddas Kitobda: «Bularning barchasi kelajakning soyasi, asli esa Masihdadir»,— degan so‘zlar yozilgan. (Kolosaliklarga 2:17) Mazkur bayramlar o‘z vazifasini bajarib bo‘lgani va hozirda ulardagi ayrim udumlar Muqaddas Kitobda yozilganlarga zid bo‘lgani bois, Yahovaning Shohidlari quyidagi bayramlarni nishonlamaydi.

    •  Hanukka. Bu bayram Quddusdagi ma’bad qayta bag‘ishlanganini eslatib turadi. Ammo Muqaddas Kitobda Iso «odam qo‘llari bilan qurilmagan, yerga oid bo‘lmagan, yanada buyuk va mukammal chodirda [yoki ma’badda]» Oliy ruhoniy bo‘lgani aytilgan. (Ibroniylarga 9:11) Masihiylar uchun bu ramziy ma’bad Quddusdagi ma’badning o‘rnini egalladi.

    •  Rosh-Ashona. Bu ibroniylar kalendarining birinchi kuni. Qadimda bu kuni Xudoga o‘zgacha qurbonliklar keltirilardi. (Sahroda 29:1–6) Ammo Iso Masih «qurbonliklar va nazrlar keltirilishi to‘xtatilishiga» sabab bo‘ldi. Endi Xudoning nazarida ular hech qanday ahamiyatga ega emas. (Doniyor 9:26, 27)

  •   Bu bayram din bilan bog‘liq ishlarda qatnashishga undamaydimi?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Hazratimizga ishongan kishi bilan unga ishonmaydigan odam orasida qanday sheriklik bo‘lishi mumkin? Shuningdek, Allohning ma’badi bilan butlar o‘rtasida qanday kelishuv bo‘la oladi?» (2 Korinfliklarga 6:15–17)

     Garchi Yahovaning Shohidlari boshqalar bilan tinchlikni saqlashga intilib, ularning e’tiqodini hurmat qilsa-da, boshqa dinlar bilan bog‘liq ishlarda qatnashishga undaydigan bayramlar-u marosimlarda ishtirok etmaydi.

     Ular turli dindagi odamlar birgalashib o‘z e’tiqodini olg‘a suradigan diniy bayramlarda yoki biron ruhoniyni e’zozlaydigan marosimlarda ishtirok etmaydi. Qadimda Xudo xalqini o‘zga xudolarga sajda qiladigan odamlar yashaydigan yerga olib kirishidan avval ularga shunday degan: «Ular bilan ham, ularning xudolari bilan ham ahd qilmanglar. [...] Bordi-yu, ularning xudolariga xizmat qiladigan bo‘lsangiz, tuzoqqa tushgan bo‘lasizlar». (Chiqish 23:32, 33) Shu bois, Yahovaning Shohidlari quyida keltirilgan bayramlarda qatnashmaydi.

    •  Loykratxong. Tay xalqining ushbu bayramida «odamlar barglardan idishlar yasaydi, ichiga sham yoki xushbo‘y shox-shabba soladi. So‘ng idishlarni suvga oqizib yuboradi. Odamlar idishlar o‘zi bilan yomonlikni oqizib ketishiga ishonadi. Bayramda Buddaning muqaddas hisoblanadigan oyoq izi xotirlanadi». («Ensyslopedia of Buddhism»)

    •  Milliy tavba qilish kuni. Papua-Yangi Gvineyaning bir gazetasida keltirilgan hokimiyatning rasmiy iqtibosiga ko‘ra, bu bayramda ishtirok etadiganlar «xristian dinining asoslari bilan rozi» ekanini ko‘rsatishadi. U yerda aytilishicha, bu bayramni nishonlash mamlakatda xristianlarning prinsiplarini olg‘a surishga yordam beradi. («The National»)

    •  Vesak. Buddaviylarning muqaddas bayramlari orasida eng muqaddas kun. Bu kun Buddaning tug‘ilgan kuni, mutlaq haqiqatga yetishgani, uning o‘limi yoki nirvanaga yetishgani, ya’ni intilishning eng oliy holati, maqsadiga erishganiga bag‘ishlangan kun. («Holidays, Festivals, and Selebrations of the World Distionary»)

      Vesak

     Muqaddas Kitobda keltirilmagan diniy urf-odatlar bilan bog‘liq marosimlar. Iso din ulamolariga shunday degan: «O‘z urf-odatingizni deb Allohning kalomini bekor qilyapsizlar». Shuningdek, Iso ularning topinishi behuda ekanini va ular «insoniy amrlarni» o‘rgatib yurishganini ta’kidlagan. (Matto 15:6, 9) Mazkur so‘zlarga amal qilgan holda, Yahovaning Shohidlari ko‘pgina diniy marosimlarda qatnashmaydi.

    •  Qirq. «Odatnoma. Birinchi kitob»ga ko‘ra, «marhum xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan qadimiy marosim. Marosimning nomi “qirq” bo‘lsa-da, aslida marhum vafotining 37, 39- kunlari (albatta toq bo‘lishi kerak) o‘tkaziladi. Sharq xalqlarida 40 soni magik xususiyatlarga ega hisoblanadi. Shuningdek, marhumning ruhi qirq kungacha yaqinlari atrofida bo‘lishi va undan keyin belgilangan joyga ketishi haqida qarashlar ham mavjud». Mazkur manbada, Yetti, Qa’da, Yigirma va Yil to‘g‘risida ham ma’lumot topishingiz mumkin.

    •  Bibi Maryamning me’roji. (Успение Пресвятой Богородицы) Bu bayram Isoning onasi jismoniy tanada osmonga ko‘tarilgan degan ta’limotga asoslangan holda nishonlanadi. Bir ensiklopediyada aytilishicha, «ilk masihiylar uchun bu notanish bo‘lgan va Muqaddas Kitobda ham bunga ishora qiladigan hech qanday ma’lumot keltirilmagan». («Religion and Sosiety —Ensyslopedia of Fundamentalism»)

    •  Bibi Maryam begunoh tug‘ilgan. «Muqaddas Yozuvlarda [Maryam] begunoh bo‘lib tug‘ilgani haqida aytilmagan... [Bu] haqida cherkov o‘rgatadi». («New Catholic Encyclopedia»)

    •  Aqiqa. Ba’zi madaniyatlarda «yangi tug‘ilgan bolaga ism qo‘yish “qorin sochi” (bolaning tug‘ilgandagi sochi)ga qaychi urish bilan bog‘liq odat. Johiliyat davridagi turli ma’bud va ma’budalarga atab qilinadigan qurbonliklar o‘rniga» ayrim madaniyatlarda «farzand tug‘ilganligining shukronasi sifatida bir qo‘y so‘yib (imkoniyatga qarab) Aqiqa marosimini o‘tkazish joriy etilgan». («O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»)

    •  Qurbon va Ro‘za hayiti. Ba’zi madaniyatlarning «diniy bayrami». «Qurbon hayiti haj marosimi va qurbonlik qilish bilan, ro‘za hayiti esa ramazon oyi nihoyasida og‘iz ochish bilan bog‘liq». («O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi») Shuningdek, «vafotiga yil to‘lmagan kishini hayit kunlari yo‘qlab aza tutish, eslash marosimi; ma’raka» o‘tkaziladi. («O‘zbek tilining izohli lug‘ati»)

  •   Bayramda odam, tashkilot yoki milliy ramzlardan biri ulug‘lanadimi?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yahova shunday demoqda: “Odamga umid bog‘lagan, inson kuchiga tayangan, yuragi Yahovadan uzoqlashgan odam la’natidir”». (Yeremiyo 17:5)

     Garchi Yahovaning Shohidlari odamlarga minnatdorchilik bildirib, hatto ular uchun ibodat qilsa-da, quyidagi bayram va marosimlarda ishtirok etmaydi.

     Boshqaruvchini yoki mashhur biron kishini ulug‘laydigan bayramlar. Muqaddas Kitobda quyidagi so‘zlar keltirilgan: «O‘z foydangiz uchun odamga tayanmang, axir u dimog‘dagi nafas kabidir. Undan qanday naf bor?» (Ishayo 2:22) Shu bois, Yahovaning Shohidlari, masalan, hukumat rahbarlarining tug‘ilgan kunini nishonlamaydi.

     Bayroqni sharaflash bilan bog‘liq marosimlar. Muqaddas Kitobda: «O‘zingizni butlardan saqlanglar»,— deb aytiladi. (1 Yuhanno 5:21) Shuning uchun Yahovaning Shohidlari bayroqni sharaflash bilan bog‘liq marosimlarda qatnashmaydi. Ko‘pincha davlat madhiyasi kuylanganda, odamlar bayroqni sharaflab, unga tiz cho‘kish yoki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishi bilan najotni Xudodan emas, balki siyosiy rahbarlardan va hukumatdan kutishayotganini ko‘rsatishadi. Garchand bugungi kunda ayrim odamlar bayroqni sajda qilinadigan narsa deb bilmasa-da, tarixchi J. X. Karltonning yozishicha, bayroq sajda qilishning asosiy ob’ekti bo‘lib, millatchilik ruhining belgisidir.

     Muqaddas kishilarni ulug‘laydigan bayramlar yoki marosimlar. Xudodan qo‘rqqan kishi havoriy Butrusga ta’zim qilganida nima yuz bergan edi? Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Butrus: “Turing, axir men ham sizga o‘xshagan odamman-ku”,— deb uni turg‘izib qo‘ydi». (Havoriylar 10:25, 26) Na Butrus, na boshqa havoriylar o‘zgacha ulug‘vorlik yoki hurmatni qabul qilgan ekan, Yahovaning Shohidlari muqaddas deb sanalgan kishilarni ulug‘laydigan bayramlarda ishtirok etmaydi. Shuningdek, ular quyida keltirilgan marosimlarda qatnashmaydi.

    •  Mavlud. «Muhammad payg‘ambarning tug‘ilgan kuni va uning sharafiga beriladigan ziyofat». («O‘zbek tilining izohli lug‘ati») Ba’zi mamlakatlarda «Mavlud kuni duolar, payg‘ambar sha’niga madhiyalardan iborat she’rlar o‘qiladi». («O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»)

    •  Muchal to‘yi. «Insonning har 12-yilda bir o‘z yili kelishi munosabati bilan is chiqarib, belgi beriladi». («O‘zbek udumlari»)

      Muqaddas Gvadelupaning kuni

    •  Muqaddas Gvadelupaning kuni. Bu Meksikani qo‘riqlaydigan muqaddas ayol xotirasiga bag‘ishlanib, u Isoni dunyoga keltirgan Maryam deb hisoblanadi. U 1531-yili mo‘jizaviy tarzda qishloqda yashovchilarga ko‘ringaniga ishonadi. («The Greenwood Ensyslopedia of Latino Literature»)

    •  Ism to‘yi. Bir kitobda aytilishicha, «bola cho‘qintirilganda unga avliyoning ismi berilgan yoki kishi cherkovdagi marosimda o‘z imonini tan olgan kun» nomiga bag‘ishlangan bayram. Shuningdek, mazkur kitobda yozilishicha, «bu kuni diniy urf-odatlarga qat’iy amal qilinadi». («Selebrating Life Sustoms Around the World —From Baby Showers to Funerals»)

     Siyosiy yoki ijtimoiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq marosimlar. Muqaddas Kitobda: «Insonlarga umid bog‘lagandan ko‘ra, Yahovadan panoh topgan afzalroq»,— deb aytilgan. (Zabur 118:8, 9) Yahovaning Shohidlari dunyodagi muammolarni Xudo emas, odamlar yecha oladi degan fikrga qo‘shilmasligini ko‘rsatish maqsadida, siyosiy yoki ijtimoiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan Bolalar kuni yoki Xotin-qizlar bayramida ishtirok etmaydi. Bundan tashqari, ular Ozodlik kuni yoki shunga o‘xshash bayramlarda qatnashmaydi. Aksincha, ular irqchilik va tengsizlik kabi muammolarni Xudoning Shohligi yechishiga ishonadi. (Rimliklarga 2:11; 8:21)

  •   Bu bayram biron xalqni boshqasidan ustun qo‘yadimi?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havoriylar 10:34, 35)

     Garchi Yahovaning Shohidlari tug‘ilib-o‘sgan yerini yaxshi ko‘rsa-da, biron xalqni boshqasidan ustun qo‘yadigan quyidagi bayram-u marosimlarda qatnashmaydi.

     Qurolli kuchlarni ulug‘laydigan marosimlar. Iso urushning tarafdori bo‘lmagan, aksincha, u izdoshlariga: «Dushmanlaringizni sevinglar hamda sizlarni ta’qib qilayotganlar uchun ibodat qilinglar»,— deb aytgan. (Matto 5:44) Shu bois, Yahovaning Shohidlari harbiylarni ulug‘laydigan, jumladan, quyidagi bayramlarda qatnashmaydi.

    •  Anzak milliy bayrami. «Anzak so‘zi “Avstraliya va Yangi Zelandiya qurolli kuchlari”ni anglatadi». «Vaqt o‘tib Anzak milliy bayrami urushda halok bo‘lganlarni xotirlash kuniga aylandi». («Historisal Distionary of Australia»)

    •  Harbiy veteranlar kuni. (Xotira va qadrlash kuni, Pominalnoe voskresene) Bu bayramlar «qurolli kuchlar va urushlarda qatnashganlarni» ulug‘lashga bag‘ishlanadi. («Ensyslopædia Britannisa»)

     Biron xalq tarixi yoki mustaqilligi bilan bog‘liq bayramlar. Bu borada Iso izdoshlariga: «Men dunyoga tegishli bo‘lmaganim singari, ular ham dunyoga tegishli emas»,— deb aytgan edi. (Yuhanno 17:16) Yahovaning Shohidlari muayyan xalq tarixi haqidagi ma’lumotlarni yoqtirsa-da, quyidagi bayramlarda ishtirok etishmaydi.

    •  Avstraliya kuni. Bir ensiklopediyaga binoan, mazkur bayram «1788-yili ingliz askarlari bayrog‘ini ko‘tarib, Avstraliyani yangi mustamlaka deb e’lon qilgan kun»ni xotirlashga bag‘ishlanadi. («Worldmark Ensyslopedia of Sultures and Daily Life»)

    •  Gay Foks kuni. «1605-yili Gay Foks va Katolik cherkovining boshqa a’zolari qirol Jeyms I va [Angliya] Parlamentini to‘ntarish fitnasini amalga oshira olmagani kuni milliy bayram» sifatida nishonlanadi. («A Distionary of English Folklore»)

    •  Mustaqillik kuni. Ko‘pgina davlatlar «milliy mustaqillikka erishgan kunini omma oldida yildan-yilga nishonlaydigan bayram». («Merriam-Webster’s Unabridged Distionary»)

  •  Bu bayramda tiyiqsiz yoki axloqsiz harakatlar olg‘a suriladimi?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «O‘tmishda sizlar boshqa xalqlar xohlaganiday axloqsiz xulqqa, shahvoniy hirsga, sharobxo‘rlik, aysh-ishrat, ichkilikbozlik va jirkanchli butparastlikka berilib yashaganingiz yetar». (1 Butrus 4:3)

     Mazkur prinsipga amal qilgan holda, Yahovaning Shohidlari ichkilikbozlik va zo‘ravonlik olg‘a suriladigan bayramlarda qatnashmaydi. Ular do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘radi va spirtli ichimliklarni muayyan miqdorda qabul qilishi mumkin. Muqaddas Kitobda keltirilgan quyidagi prinsipga amal qilish uchun ular qo‘lidan kelganicha harakat qiladi: «Eysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar, hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilinglar». (1 Korinfliklarga 10:31)

      Shu bois, Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobda qoralangan axloqsiz xulqni olg‘a suradigan karnavallarda yoki shunga o‘xshash bayramlarda ishtirok etishmaydi. Yahudiylarning Purim bayrami shular jumlasidandir. Avvaliga bu bayram yahudiylar mil. avv. beshinchi asrda omon qolishganini xotirlash bilan bog‘liq bo‘lgan. Ammo bir manbaga ko‘ra, bu bayramni Mardi Gras yoki Karnavalning yahudiycha nusxasi deb aytish mumkin. «Bu bayramda qatnashadiganlarning ko‘pi turli kiyimlarni (ko‘pincha ayollarning kiyimini) kiyib, o‘zini isyonkorona ruhda tutadi, spirtli ichimliklarni haddan ortiq iste’mol qiladi va qattiq shovqin-suron ko‘taradi». («Essential Judaism»)

Yahovaning Shohidlari muayyan bayramlar va marosimlarni nishonlamasa-da, oila a’zolarini yaxshi ko‘radimi?

  Ha. Muqaddas Kitobga ko‘ra, odamlar oila a’zolarining e’tiqodi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularni sevishi va hurmat qilishi lozim. (1 Butrus 3:1, 2, 7) To‘g‘ri, Yahovaning Shohidi muayyan bayramda qatnashmay qo‘ysa, oila a’zolarining ba’zilari achchiqlanishi, xafa bo‘lishi yoki ularga nisbatan xiyonat qilinganday his etishi mumkin. Shu sababli, Yahovaning ko‘pgina Shohidlari qarindoshlarini o‘z sevgisida ishontirish, qarorining sabablarini muloyimlik ila tushuntirish va boshqa paytlari ularni yo‘qlab borish uchun tashabbus ko‘rsatadi.

Yahovaning Shohidlari boshqalarni qaysidir bayramni nishonlamaslikka undaydimi?

 Yo‘q. Yahovaning Shohidlari har bir inson shaxsan qaror chiqarishi kerak deb hisoblaydi. (Yoshua 24:15) Ular odamlarning e’tiqodi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, «har turli insonlarni hurmat qiladi». (1 Butrus 2:17)

a Ushbu maqolada Yahovaning Shohidlari qatnashmaydigan barcha bayramu marosimlar va ular amal qiladigan hamma ilohiy prinsiplar keltirilmagan.