Yahovaning Shohidlari Xolokost davrida nimalarga duch kelgan?
Xolokost davrida Germaniyada va nasistlar bosib olgan hududlarda yashovchi qariyb 35 000 ga yaqin Yahovaning Shohididan taxminan 1 500 tasi halok bo‘lgan. Ular qanday sababga ko‘ra o‘lib ketgani hamma vaziyatlarda ham aniqlanmagan. Bu mavzu ustida hali-hanuz ish olib borilayotgani uchun raqamlar hamda boshqa tafsilotlar vaqt o‘tib yangilanishi mumkin.
Ular qanday halok bo‘lgan?
Qatllar. Germaniyada va nasistlar bosib olgan hududlarda 400 ga yaqin Yahovaning Shohidi qatl qilingan. Ularning aksariyati, sud qaroriga ko‘ra, o‘limga mahkum etilib, boshidan judo qilingan. Boshqalari esa, ishlari sudda ko‘rib chiqilmay turib, yo otib tashlangan yo dorga osilgan.
Qamoqxonadagi og‘ir sharoitlar. Nasistlar konslagerlarlari hamda qamoqlarida 1 000 dan ziyod Shohidlar halok bo‘lgan. Ular o‘lgunga qadar ishlagan va qiynoqlar, ochlik, sovuq, kasallik hamda tibbiy yordam ko‘rsatilmagani dastidan o‘lib ketgan. Bunday vahshiyona munosabat oqibatida qolgan Shohidlar Ikkinchi jahon urushining oxiriga yaqin, ozodlikka chiqqanidan ko‘p o‘tmay, vafot etgan.
Boshqa sabablar. Ba’zi Yahovaning Shohidlari gaz kameralarida qatl qilingan, o‘ldiruvchi tibbiy tajribalar va in’eksiyalar qurboni bo‘lgan.
Ular nega ta’qib qilingan?
Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitob ta’limotlariga qat’iy amal qilgani uchun ta’qib qilingan. Nasistlar hukumati Yahovaning Shohidlaridan Muqaddas Kitobga xilof tarzda ish tutishni talab qilgan, biroq ular o‘z e’tiqodida qat’iy turgan. Ular «odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishga» qaror qilgan. (Havoriylar 5:29) Shohidlar yon bermaganini ko‘rsatuvchi ikkita sohaga diqqat qarataylik.
Siyosiy betaraflik. Bugungi kunda Yahovaning Shohidlari, qayerda yashashidan qat’i nazar, siyosiy masalalarda betaraflikni saqlamoqda. Ular nasistlar tuzumida ham xuddi shunday yo‘l tutishgan. (Yuhanno 18:36)
Ular harbiy xizmatni o‘tamagan yoki urush bilan bog‘liq ishlarni qo‘llab-quvvatlamagan. (Ishayo 2:4; Matto 26:52)
Ular saylovlarda ovoz bermagan va nasistlar tashkilotlariga qo‘shilmagan. (Yuhanno 17:16)
Ular nasistlar bayrog‘ini sharaflamagan va «Xayl Gitler!» deyishdan bosh tortgan. (Matto 23:10; 1 Korinfliklarga 10:14)
Imonda qat’iy turish. Yahovaning Shohidlariga o‘z e’tiqodida turish man etilganiga qaramay, ular imonidan qaytmagan.
Ular birga ibodat qilishda va Allohga topinishda davom etgan. (Ibroniylarga 10:24, 25)
Ular Shohlik haqidagi xabarni va’z qilishdan va Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni tarqatishdan to‘xtamagan. (Matto 28:19, 20)
Ular barcha insonlarni, jumladan, yahudiy millatiga mansub kishilarni ham sevishda davom etgan. (Mark 12:31)
Imondan qaytish haqidagi hujjatga imzo chekishdan bosh tortib, o‘z e’tiqodida qat’iy turgan. (Mark 12:30)
Professor Robert Gervartning ta’kidlashicha, «Uchinchi reyxda diniy qarashlari tufayli ta’qib qilingan insonlar orasida faqatgina Yahovaning Shohidlari bo‘lgan» a. Konslagerlardagi boshqa mahbuslar Yahova Shohidlarining mustahkam pozisiyasini ko‘rib, lol qolgan. Masalan, avstriyalik bir mahbus shunday degan: «Ular urushda qatnashmaydi, aksincha, boshqasini o‘ldirishdan ko‘ra, o‘zlari o‘lib ketishni afzal bilishadi».
Ular qayerda halok bo‘lgan?
Konsentrasion lagerlar. Aksariyat Yahovaning Shohidlari Buxenvald, Daxau, Zaksenxauzen, Mautxauzen, Niderxagen, Noyyengamme, Osvensim, Ravensbryuk va Flossenbyurg kabi konslargerlarda halok bo‘lgan. Ishonchli manbalarga ko‘ra, Zaksenxauzenning o‘zida 200 ga yaqin Yahovaning Shohidi halok bo‘lgan.
Qamoqxonalar. Ba’zi Yahovaning Shohidlari qamoqxonalardagi qiynoqlar dastidan, boshqalari esa so‘roqlar paytida do‘pposlangani uchun o‘lib ketgan.
Qatl joylari. Yahovaning Shohidlari asosan Berlin-Plyotsenze, Brandenburg-Gyorden va Galledagi qamoqxonalarda qatl qilingan. Qolaversa, Shohidlarni taxminan 70 ta boshqa joyda ham qatl qilishgani hujjatlar bilan isbotlangan.
Xolokost qurbonlari
Ismi sharifi: Xelena Gottxold
Qatl joyi: Berlin-Plyotsenze
Turmush o‘rtog‘i va ikkita bolasi bor Xelena bir necha marotaba hibsga olingan. 1937-yili so‘roq paytida unga shu qadar qo‘pol muomala qilishganki, u hatto qornidagi bolasidan ayrilib qolgan. 1944-yili 8-dekabrda uni Berlin-Plyotsenzedagi qamoqxonada gilotinada qatl qilishgan.
Ismi sharifi: Gerxard Libold
Qatl joyi: Brandenburg-Gyorden
Yigirma yasharli Gerxard 1943-yili 6-mayda boshidan judo qilingan. 1941-yili esa uning otasi aynan o‘sha qamoqxonada gilotinada qatl qilingandi. Xayrlashuv xatida u yaqinlari va qaylig‘iga shunday yozgan: «Xudoyimning madadisiz bu yo‘lni bosib o‘tolmasdim».
Ismi sharifi: Rudolf Aushner
Qatl joyi: Galle
1944-yili 22 sentyabrda Rudolfni boshidan judo qilishganida u atigi 17 yoshda edi. Xayrlashuv xatida u onasiga: «Bu yo‘lni ko‘p birodarlar bosib o‘tgan va mening ham qo‘limdan keladi»,— deb yozgan.
a «Hitler’s Hangman: The Life of Heydrish», 105-sahifa