Nima uchun Yahovaning Shohidlari qon quyishga qarshi?
Keng tarqalgan noto‘g‘ri fikrlar
Mish-mish: Yahovaning Shohidlari tibbiyotga yoki davolanish muolajalariga ishonishmaydi.
Fakt: O‘zimiz va oila a’zolarimiz uchun qo‘limizdan kelgancha eng yaxshi tibbiy muolajalarni topishga intilamiz. Sog‘ligimiz bilan muammolarga duch kelsak, qonsiz tibbiy muolajalarini taqdim eta oladigan shifokor va jarrohlarga murojaat qilamiz. Tibbiyot sohasidagi yutuqlarni juda qadrlaymiz. Darhaqiqat, Yahovaning Shohidlari bo‘lgan bemorlarga yordam berish maqsadida ishlab chiqarilgan qonsiz muolajalar bugungi kunda hamma joyda keng qo‘llanilmoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda har bir bemor tanlash imkoniga ega bo‘lib, qon quyish tufayli bo‘ladigan xavf-xatarlardan, masalan, qon orqali yuqadigan kasallik, immunitet reaksiyalari va tibbiyot xodimlarining xatolaridan himoyalanishi mumkin.
Mish-mish: Yahovaning Shohidlari Xudoga bo‘lgan ishonch davolaydi, deb o‘ylashadi.
Fakt: Xudoga bo‘lgan ishonch davolaydi, deb o‘ylamaymiz.
Mish-mish: Qonsiz muolajalari juda qimmat.
Fakt: Qon quyishdan holi tibbiyot muolajalari qimmat emas a.
Mish-mish: Har yili ko‘pgina Yahovaning Shohidlari, jumladan, bolalar qon quyishdan voz kechgani tufayli o‘ladi.
Fakt: Bu umuman asossiz. Jarrohlar muntazam ravishda yurak bilan bog‘liq jarrohlik, ortopedik jarrohlik va organ transplantatsiyasi kabi murakkab jarrohliklarni qon quymay o‘tkazishmoqda b. Qon quymay davolangan bemorlar, jumladan, bolalar ham, qon quyib davolangan bemorlarga qaraganda jarrohlikdan so‘ng odatda tezroq yoki hatto yaxshiroq tuzalishmoqda c. Nima bo‘lganda ham, hech kim bemor qon quyishdan voz kechsa o‘ladi yoki rozi bo‘lsa, hayotini saqlab qoladi deb kafolat bera olmaydi.
Nima uchun Yahovaning Shohidlari qon quyishga qarshi?
Bu avvalambor diniy e’tiqodimiz bilan bog‘liq. Ham Eski, ham Yangi ahdda o‘zimizni qondan saqlashimiz lozimligi aniq aytilgan. (Ibtido 9:4; Levilar 17:10; Qonunlar 12:23; Havoriylar 15:28, 29) Bundan tashqari, Allohning nazarida qon hayotni bildiradi. (Levilar 17:14) Shunday ekan, nafaqat Allohga itoatli bo‘lganimiz uchun, balki Uni hayotni ato etgan Shaxs sifatida hurmat qilganimiz uchun qondan saqlanamiz.
O‘zgaruvchan fikrlar
Bir vaqtlari umuman olganda tibbiyot sohasida, qonsiz muolajalardan foydalanish aqlsizlik va hatto o‘z joniga qasd qilish deb hisoblanardi. Lekin oxirgi yillar ichida bunday nuqtai nazar keskin o‘zgardi. Masalan, 2004-yili tibbiyot ta’lim jurnalida chop etilgan bir maqolada shunday fikr yozilgan: «Yahovaning Shohidlari bo‘lgan bemorlar uchun ishlab chiqarilgan ko‘pgina usullar yaqin kelajakda oddiy hol bo‘lib qoladi» d. Kardiologiya sohasiga oid muammolarga bag‘ishlangan jurnalning bir maqolasida, 2010-yili shunday deyilgan: «Qonsiz muolajalarning qo‘llanilishi faqat Yahovaning Shohidlari bilan chegaralanib qolmasligi lozim, bu jarrohlikning ajralmas qismi bo‘lib qolishi kerak». («Heart, Lung and Circulation»).
Hozirgi paytda butun dunyo bo‘ylab minglab shifokorlar murakkab qonsiz jarrohliklarni amalga oshirish uchun qon saqlash usullaridan foydalanishmoqda. Bunday usullar hatto rivojlanayotgan mamlakatlarda qo‘llanilmoqda va Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan bemorlar ham ulardan foydalanish istagini bildirishmoqda.
a «Transfusion and Apheresis Science», 33- jild, № 3, 349-sah. qarang.
b «The Journal of Thoracic and Cardiovascular Surgery», 134-jild, № 2, 287–288- sah.; «Texas Heart Institute Journal», 38-jild, № 5, 563-sah.; «Basics of Blood Management», 2- sah.; va «Continuing Education in Anaesthesia, Critical Care & Pain», 4-jild, № 2, 39- sah. qarang.
c «The Journal of Thoracic and Cardiovascular Surgery», 89- jild, № 6, 918-sah.; va «Heart, Lung and Circulation», 19-jild, 658-sah. qarang.
d «Continuing Education in Anaesthesia, Critical Care & Pain», 4-jild, № 2, 39-sah.