Yahovaning Shohidlari oilalarni buzadimi yoki mustahkamlaydimi?
Biz, Yahovaning Shohidlari, o‘zimizning ham, boshqalarning ham oilalarini mustahkamlashga harakat qilamiz. Chunki Xudoni oila Asoschisi sifatida hurmat qilamiz. (Ibtido 2:21–24; Efesliklarga 3:14, 15) Dunyo bo‘ylab ko‘pgina odamlar Alloh Muqaddas Kitobda yozdirib qo‘ygan prinsiplarni qo‘llab, oilasi baxtli va mustahkam bo‘lishiga harakat qilishyapti.
Qanday qilib Yahovaning Shohidlari oila mustahkam bo‘lishiga yordam bermoqda?
Allohning Kalomidagi maslahatlarga amal qilish uchun jon kuydiramiz. Chunki bu bizga yaxshi er, xotin va ota-ona bo‘lishga yordam beryapti. (Hikmatlar 31:10–31; Efesliklarga 5:22–6:4; 1 Timo‘tiyga 5:8) Muqaddas Kitobdagi dono maslahatlar hatto diniy e’tiqodi turlicha bo‘lgan oilalarga muvaffaqiyatli bo‘lishga ko‘maklashyapti. (1 Butrus 3:1, 2) Turmush o‘rtog‘i Yahovaning Shohidi bo‘lgan, o‘zi esa Yahovaning Shohidi bo‘lmagan odamlarning so‘zlariga e’tibor beraylik:
«Nikohimizning ilk olti yili ko‘p janjallashib, bir-birimizdan jahlimiz chiqardi. Ammo xotinim Iveti Yahovaning Shohidi bo‘lganidan keyin, muloyimroq va sabrliroq bo‘lib qoldi. Uning bunday o‘zgargani nikohimizni asrab qoldi». (Klauir, Braziliya)
«Erim Chansa Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganida, unga qarshilik ko‘rsatganman. Chunki ular oilalarni buzadi, deb o‘ylaganman. Vaqt o‘tib, Muqaddas Kitob aslida oilamni saqlab qolganini anglab yetdim». (Agnes, Zambiya)
Va’zgo‘ylikda odamlarga Allohning Kalomidagi ilohiy dono maslahatlar hayotning quyidagi sohalarida qanday yordam berishini ko‘rsatamiz:
Er va xotin turli diniy e’tiqodga ega bo‘lishi nikohda kelishmovchiliklarni tug‘diradimi?
Shuni tan olish kerakki, bo‘lib turadi. Masalan, «Sofres» kompaniyasining 1998-yilgi hisobotiga ko‘ra, turmush o‘rtoqlarning biri Yahovaning Shohidi bo‘lgani uchun 20 ta oiladan 1 tasida jiddiy muammolar paydo bo‘lgan.
Iso Masih uning izdoshlari ba’zan umr yo‘ldoshi tarafidan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligi haqida bashorat qilgan edi. (Matto 10:32–36) Tarixchi Vil Dyurant, Rim imperiyasida yashagan «masihiylar oilalarni buzishda ayblanganini» a ta’kidlagan. Bugun ham ba’zi Yahovaning Shohidlarini shunday deb ayblashadi. Xo‘sh, bu rostmi?
Yahovaning Shohidlari oilalarni buzadi deb ayblashgan va ularni sudga berishganda, Inson Huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi chiqargan qarorida oiladagi mojarolarda Yahovaning Shohidi emas, «yaqinining diniy e’tiqodiga, bu bilan bog‘liq ishlarni qilishga bo‘lgan huquqini tan olmasligi va hurmat qilmasligi» sabab bo‘ladi deb ta’kidladi. Sud: «Bu kabi vaziyat e’tiqodi turlicha bo‘lgan oilalarda sodir bo‘lishi oddiy hol va Yahovaning Shohidlari bundan mustasno emas»,— deb qo‘shib qo‘ydi b. Ammo Yahovaning Shohidlari boshqalar ularning diniy e’tiqodini qabul qilmasa ham, Muqaddas Kitobdagi quyidagi maslahatga amal qilishga intilishadi: «Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar... Iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar». (Rimliklarga 12:17, 18)
Nega Yahovaning Shohidlari faqat imondoshi bilan turmush qurishadi?
Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi «Hazratimizga tegishli bo‘lishi», ya’ni o‘z imondoshi bilan turmush qurishi kerak degan yo‘l-yo‘riqqa amal qilishadi. (1 Korinfliklarga 7:39) Bu ham Muqaddas Kitobga asoslangan, ham foydali. Misol uchun, oila va nikoh mavzusida bir jurnalning 2010-yilgi maqolasida «agar juftlikning dini, urf-odati va e’tiqodi bir xil bo‘lsa», munosabatlari yaxshiroq bo‘ladi deyilgan c.
Biroq Yahovaning Shohidlari imondoshlarini Yahovaning Shohidi bo‘lmagan turmush o‘rtoqlarini tashlab ketishga undamaydi. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Agar qaysidir birodarning xotini imondosh bo‘lmasa-yu, u bilan yashashga rozi bo‘lsa, xotinini tashlab ketmasin. Xotin ham eri imondosh bo‘lmasa-yu, u bilan yashashga rozi bo‘lsa, erini tark etmasin». (1 Korinfliklarga 7:12, 13) Yahovaning Shohidlari bu maslahatga amal qilishadi.