Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyati nima degani?
Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyati (Pensilvaniya) 1884-yili Pensilvaniya (AQSH) qonunlari asosida tashkillashtirilgan savdo-sotiq tashkilot emas. Yahovaning Shohidlari dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan faoliyatini, jumladan, Muqaddas Kitob va unga asoslangan adabiyotlarni nashr etish ishini olib borish uchun undan foydalanadi.
Jamiyat nizomiga ko‘ra, uning maqsadi — «diniy faoliyatni amalga oshirish, ta’lim berish va xayriya ishlarini bajarish» va ayniqsa, «Iso Masih boshqarayotgan Xudoning Shohligi haqida xushxabarni va’z qilish». Unga faqat taklif etilganlar a’zo bo‘lishi mumkin va ular qancha xayr-ehson qilganiga qarab tanlanmaydi. Jamiyat a’zolari va direktorlari Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashiga ko‘maklashishadi.
Yuridik shaxslar
Yahovaning Shohidlari Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyatidan (Pensilvaniya) tashqari turli mamlakatlardagi boshqa ko‘p yuridik shaxslardan foydalanadi. Ba’zilarining nomida «Watch Tower», «Watchtower» («Qo‘riqchi minorasi») degan so‘zlar yoki tarjimasi uchraydi.
Bunday shaxslar yordamida, ular asos topgan paytdan beri yaxshi natijalarga erishdik. Masalan:
Muharririyat va nashriyot ishi. Biz 900 dan ortiq tilda 220 millionga yaqin Muqaddas Kitob va unga asoslangan taxminan 40 milliard adabiyotlarni bosib chiqardik. Shuningdek, jw.org saytida Muqaddas Kitobni bepul tarzda 160 dan ziyod tilda o‘qish hamda «Xudoning Shohligi bu nima?» kabi savollarning javobini topish mumkin.
Ta’lim berish ishi. Muqaddas Kitobga asoslangan dastur bo‘yicha turli maktablarni o‘tkazamiz. Masalan, 1943-yildan boshlab taxminan 9 000 ta Yahovaning Shohidi Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabida qisqa vaqt ichida tinimsiz ta’lim olgan, hozir esa to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida xizmat qilishadi va umumjahon ishimizni mustahkamlab, qo‘llab-quvvatlashadi. Bundan tashqari, millionlab odamlar, jumladan, Yahovaning Shohidi bo‘lmaganlar ham har hafta mahalliy jamoatlarida ta’lim olishadi. Savodxonlik kurslarini ham o‘tkazamiz. Bu kurslar uchun o‘qish va yozishni o‘rganishga mo‘ljallangan adabiyotlarni 120 tilda chiqardik.
Xayriya ishi. Favquloddagi vaziyatlarda — insonlar (masalan, 1994-yili Ruandada genotsid), tabiiy ofat (2010-yili Gaitidagi zilzila) dastidan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatildi.
Garchi bu yuridik shaxslar orqali ko‘p ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, asosiy faoliyatimiz ularga bog‘liq emas. Har bir masihiy xushxabarni va’z qilish va Masihning shogirdlarini tayyorlash kabi Xudoning topshirig‘ini bajarishga mas’uliyatli. (Matto 24:14; 28:19, 20) Aminmizki, faoliyatimiz samarali bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilayotgan Allohimiz bundan buyon ham barakalarini yog‘diradi. (1 Korinfliklarga 3:6, 7)