Yahova Shohidlarining to‘ylari qanday o‘tadi?
Yahova Shohidlarining to‘ylari odatda oddiy va muvofiq tarzda o‘tkaziladigan marosim bo‘lib, Muqaddas Kitob asosida qisqa nutq aytiladi. So‘ng kelin-kuyov bazm uyushtirishi ham mumkin a. Masalan, Iso Masih xizmatining boshida Kanax shahrida shu kabi nikoh to‘yiga borgan edi. (Yuhanno 2:1–11)
Nikoh marosimi qanday o‘tadi?
Nikoh marosimida aytiladigan nutq juda muhim bo‘lib, Yahovaning Shohidi tomonidan taxminan 30 daqiqa davomida so‘zlanadi. U samimiy va daldali ruhda bo‘lib, qanday qilib Muqaddas Kitob juftlikka abadiy, sevgiga to‘la va baxtli nikohda yashashga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. (Efesliklarga 5:33)
Ko‘p mamlakatlarda hukumat tomonidan Yahovaning Shohidlariga nikohni qonuniylashtirish huquqi beriladi. Bunday vaziyatda, nutq oxirida juftlik o‘zaro qasam ichadi. Ular shuningdek, bir-biriga uzuk sovg‘a qilishadi. So‘ng bunday huquq berilgan Yahovaning Shohidi ularni er va xotin deb e’lon qiladi.
Boshqa mamlakatlarda nikoh hukumat tomonidan qonuniylashtiriladi. Juftlik buni nikoh nutqidan sal oldin qiladi. Agar kelin-kuyov nikohini qonuniylashtirishdan oldin o‘zaro qasam ichmagan bo‘lsa, nutq oxirida qasam ichishlari mumkin. Bordi-yu, qasam ichishgan bo‘lishsa, buni oldinroq qilishganini ko‘rsatish maqsadida, uni yana bir bor o‘tgan zamonda takrorlashadi. Nutq yakunida, juftlik uchun barakalar tilab Xudoga ibodat qilinadi.
U qayerda o‘tkaziladi?
Ko‘p Yahovaning Shohidlari nikoh marosimini agar mumkin bo‘lsa, Yig‘ilish zalida o‘tkazadi b. Agar juftlik undan so‘ng bazm rejalashtirgan bo‘lsa, uni boshqa joyda o‘tkazadi.
Kimlar kelishi mumkin?
Nikoh marosimi Yig‘ilish zalida o‘tkazilsa, odatda hamma, ya’ni imondoshlarimiz va Yahovaning Shohidi bo‘lmaganlar kelishi mumkin. Bazmga esa, faqat taklif etilgan kishilar keladi.
Mehmonlar qanday kiyinib kelishi kerak?
Yig‘ilish zalida o‘tadigan nikoh marosimiga qanday kiyinib kelish talabi yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobda sodda va marosimga muvofiq tarzda kiyinish borasidagi yo‘l-yo‘riqqa amal qilishadi. Boshqalar ham xuddi shunday yo‘l tutsa, juda minnatdor bo‘lamiz. (1 Timo‘tiyga 2:9) Albatta, bu, bazmga taklif qilganlarga ham tegishli.
Kelin-kuyovga sovg‘alar taqdim etiladimi?
Muqaddas Kitobda saxiy bo‘lishga undalamiz. (Zabur 37:21) Yahovaning Shohidlari to‘yda sovg‘alar ulashishni juda yoqtiradi. (Luqo 6:38) Ammo ular mehmonlardan sovg‘a yoki pul berishni talab qilishmaydi, sovg‘a berganlarning ismlarini hammaga e’lon qilishmaydi. (Matto 6:3, 4; 2 Korinfliklarga 9:7; 1 Butrus 3:8) Bunday odatlar nafaqat Muqaddas Kitobdagi so‘zlarga zid, balki boshqalarni noqulay ahvolga ham solishi hech gap emas.
Qadah ko‘tarib tabrik so‘zlari aytiladimi?
Yo‘q. Yahovaning Shohidlari bunday qilmaydi, chunki bu odat soxta din urf-odatlariga borib taqaladi c. Yahovaning Shohidlari kelin-kuyovga atalgan yaxshi tilaklarini boshqacha yo‘llar bilan bildirishadi.
Kelin-kuyov ustiga guruch yoki shirinliklar sochiladimi?
Yo‘q. Ba’zi joylarda odamlar kelin-kuyov ustiga guruch, shirinliklar yoki boshqa narsalarni sochish odati bor. Ularning o‘ylashicha, bu juftlikka omad, baxt va uzoq umr keltiradi. Lekin Yahovaning Shohidlari bunday xurofot bilan bog‘liq urf-odatlarni qilmaydi. Yahovaning Shohidlari boshqalarga omad tilamaydi, chunki bu Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga zid. (Ishayo 65:11)
Taom va ichimliklar bo‘ladimi?
Yig‘ilish zalida o‘tadigan nikoh marosimida taom va ichimliklar bo‘lmaydi. Ayrim juftliklar bundan so‘ng bazm uyushtirib, u yerda taom va ichimliklar bo‘lishini o‘zlari hal qiladi. (Voiz 9:7) Agar kelin-kuyov bunday qarorga kelishsa, mehmonlari ortiqcha ichib qo‘ymasligi va faqat qonunga muvofiq yoshdagi mehmonlar spirtli ichimliklarni ichishlari uchun g‘amxo‘rlik qilishlari kerak. (Luqo 21:34; Rimliklarga 13:1, 13)
Musiqa va raqslar bo‘ladimi?
Bazm uyushtirishni tanlagan juftlik musiqa va raqslar uchun ham javobgar. (Voiz 3:4) Ular o‘ziga yoqadigan va madaniyatiga yaqin musiqani tanlashar, ammo u didli va mehmonlariga yaxshi ta’sir qiladigan bo‘lishi lozim. Yig‘ilish zalida o‘tadigan nikoh marosimida odatda Xudoning Kalomi asosidagi musiqa qo‘yiladi.
Yahovaning Shohidlari to‘yining qutlov yilini nishonlaydimi?
Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga ko‘ra, bunday qilish man etiladi yoki man etilmaydi deb ayta olmaymiz, shuning uchun Yahovaning Shohidlari uni nishonlash-nishonlamaslikni o‘zlari hal qiladi. Bordi-yu, uni qutlamoqchi bo‘lishsa, buni o‘z turmush o‘rtog‘i bilan yoki do‘stlar-u oila a’zolari bilan nishonlashi mumkin.
a Hududga qarab odatlar, rasm-rusumlar va qonun talablari turlicha bo‘lishi mumkin.
b Nutq so‘zlaydigan birodarga pul to‘lanmaydi va bu marosim Yig‘ilish zalida bepul tarzda o‘tkaziladi.
c Qadah ko‘tarib tabrik so‘zlari aytish qayerdan paydo bo‘lgani haqida «Qo‘riqchi minorasi»ning 2007-yil 15-fevral (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.