Yahovaning Shohidlari nimalarga ishonadi?
Yahovaning Shohidlari Iso payg‘ambarning ta’limotlariga amal qilamiz va havoriylar qilgan ishlariga taqlid qilishga intilishadi. Bu maqolada asosiy ta’limotlarimiz qisqacha sanab o‘tilgan.
Xudo. Biz barcha narsani yaratgan Qodir Tangri haq Xudoga topinamiz. Allohning ismi Yahova. (Zabur 83:18; Vahiy 4:11) U Ibrohim, Muso va Iso payg‘ambarning Xudosidir. (Chiqish 3:6; 32:11; Yuhanno 20:17)
Muqaddas Kitob. Muqaddas Kitobni Xudoning muqaddas ruhi ta’siri ostida insonlar uchun yozilgan kitob deb bilamiz. (Yuhanno 17:17; 2 Timo‘tiyga 3:16) E’tiqodimiz «Eski ahd» va «Yangi ahd»dan iborat bo‘lgan Muqaddas Yozuvlar tarkibiga kirgan barcha 66 ta kitobga asoslangan. Jeyson Deyvid Bedun ismli ilohiyotshunos Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida shunday deb aytgan: «Ular Muqaddas Kitobda nima deb aytilganini oldindan belgilamay, ta’limotlari va ishlarini Muqaddas Kitobning asl nusxasiga asoslashadi» a.
Biz to‘liq Muqaddas Kitobni tan olsak ham, u yerda yozilganlarni so‘zma-so‘z qabul qilmaymiz. Muqaddas Kitobning ayrim parchalari ramziy ma’noda yozilganini tushunamiz. (Vahiy 1:1)
Iso Masih. Biz Iso Masihning ta’limotlariga amal qilib, o‘rnagiga taqlid qilamiz va uni Najotkorimiz hamda Xudoning O‘g‘li sifatida hurmat qilamiz. (Matto 20:28; Havoriylar 5:31) Shuning uchun o‘zimizni uning izdoshlari, masihiy deb hisoblaymiz. (Havoriylar 11:26) Biroq Muqaddas Kitobdan u Qodir Tangri emasligini va uchlik haqidagi ta’limot Muqaddas Yozuvlarga asoslanmasligini bilib oldik. (Yuhanno 14:28)
Xudoning Shohligi. Bu Shohlik odamning qalbida emas, u osmondagi mavjud bo‘lgan hukumat. U inson hukumatlarining barini yo‘q qilib, Xudoning yerga nisbatan maqsadini amalga oshiradi. (Doniyor 2:44; Matto 6:9, 10) Xudoning Shohligi buni yaqinda ro‘yobga chiqaradi, chunki Muqaddas Kitobdagi bashoratga ko‘ra, biz «oxirzamonda» yashayapmiz. (2 Timo‘tiyga 3:1–5; Matto 24:3–14)
Iso Masih Xudoning osmondagi Shohligida Shoh. U 1914-yili shohlik qilishni boshlagan. (Vahiy 11:15)
Najot. Iso Masihning to‘lov qurbonligi tufayli gunoh va o‘limdan xalos bo‘lish mumkin. (Matto 20:28; Havoriylar 4:12) Bu to‘lovdan foyda olish uchun odamlar nafaqat Iso Masihga ishonishlari, balki hayot tarzini o‘zgartirib, suvga cho‘mishlari lozim. (Matto 28:19, 20; Yuhanno 3:16; Havoriylar 3:19, 20) Haqiqiy imon insonning ishlari orqali ko‘rinadi. (Yoqub 2:24, 26) Ammo bu najotga, unga sazovor bo‘lganimiz uchun emas, faqat «Allohning inoyati» tufayli ega bo‘la olamiz. (Galatiyaliklarga 2:16, 21)
Osmon. Tangri Yahova, Iso Masih va sadoqatli farishtalar osmonda yashaydi b. (Zabur 103:19–21; Havoriylar 7:55) 144 000 kishi ham Xudoning Shohligida Iso Masih bilan birga hukm surish uchun tiriltiriladi. (Doniyor 7:27; 2 Timo‘tiyga 2:12; Vahiy 5:9, 10; 14:1, 3)
Yer yuzi. Alloh yerni insonlar abadiy yashashi uchun yaratgan. (Zabur 104:5; 115:16; Voiz 1:4) Xudo itoatli odamlarga mukammal sog‘lik va yer yuzidagi abadiy hayotni ato etadi. (Zabur 37:11, 34)
Yovuzlik va azob-uqubatlar. Bir farishta Xudoga qarshi chiqqanidan beri yovuzlik va azob-uqubatlar mavjud. (Yuhanno 8:44) «Shayton» va «Iblis» deb ataladigan bu isyonkor shaxs Odamato bilan Momohavoni unga qo‘shilishga undagan. Buning oqibati ularning avlodlariga ta’sir qilgan. (Ibtido 3:1–6; Rimliklarga 5:12) Shayton ko‘targan masalalarni hal qilish uchun, Xudo yovuzlik va azoblar bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan, lekin ular abadiy davom etishiga U yo‘l qo‘ymaydi.
O‘lim. O‘lgan odamlar hech narsani bilmaydi. (Zabur 146:4; Voiz 9:5, 10) Ular otashli do‘zaxda azob chekmaydi.
Xudo milliardlab insonlarni hayotga qaytaradi. (Havoriylar 24:15) Biroq tiriltirilgach, Xudoning me’yorlarini bilishdan bosh tortgan kishi birato‘la yo‘q bo‘lib ketadi. (Vahiy 20:14, 15)
Oila. Biz Alloh nikoh uchun ilk bor o‘rnatgan me’yorni, ya’ni bitta erkak kishi bitta ayol kishi bilan turmush qurishi kerakligini va ajrashish uchun faqat bitta sabab, jinsiy axloqsizlik ekanini tan olamiz. (Matto 19:4–9) Muqaddas Kitobdagi dono maslahatlar tufayli oilalar muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonamiz. (Efesliklarga 5:22–6:1)
Topinishimiz. Xoch va boshqa tasvirlardan foydalanmaymiz. (Qonunlar 4:15–19; 1 Yuhanno 5:21) Quyida topinishimizning asosiy omillari keltirilgan:
Xudoga ibodat qilish. (Filippiliklarga 4:6)
Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilish. (Zabur 1:1–3)
Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimiz ustida mulohaza yuritish. (Zabur 77:12)
Ibodat qilish uchun yig‘ilish, Muqaddas Kitobni tadqiq qilish, hamd-u sanolar kuylash, ma’naviy fikrlarni muhokama qilish va imondoshlarimiz hamda boshqalarga dalda berish. (Kolosaliklarga 3:16; Ibroniylarga 10:23–25)
«Shohlik haqidagi xushxabar»ni va’z qilish. (Matto 24:14)
Yig‘ilish zallarini va Muqaddas Kitob asosidagi umumjahon faoliyati uchun xizmat qiladigan boshqa binolarni qurish hamda ularni ta’mirlash ishida qatnashish. (Zabur 127:1)
Tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga yordam berish. (Havoriylar 11:27–30)
Tashkilotimiz. Tashkilotimiz ko‘pgina jamoatlardan tashkil topgan va har bir jamoat uchun oqsoqollar kengashi g‘amxo‘rlik qiladi. Lekin ular ruhoniylar tabaqasi deb hisoblanmaydi va xizmati uchun ularga pul to‘lanmaydi. (Matto 10:8; 23:8) Biz ushr to‘lamaymiz va yig‘ilishlarimizda hech kim pul yig‘maydi. (2 Korinfliklarga 9:7) Faoliyatimiz xayr-ehson evaziga qoplanadi.
Xalqaro bosh idorada xizmat qiladigan Yetakchi kengash, ma’nan yetuk masihiylarning kichik guruhi butun dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlariga yo‘l-yo‘riq taqdim etadi. (Matto 24:45)
Birligimiz. Butun dunyo bo‘ylab bir xil ta’limotlarga ishonamiz. (1 Korinfliklarga 1:10) Shuningdek, oramizda ijtimoiy, irqiy, milliy yoki tabaqali bo‘linishlar bo‘lmasligiga harakat qilamiz. (Havoriylar 10:34, 35; Yoqub 2:4) Yakdilmiz, lekin shaxsiy tanlovga ham egamiz. Har bir Yahovaning Shohidi Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga yarasha qarorlar chiqaradi. (Rimliklarga 14:1–4; Ibroniylarga 5:14)
Xulq-atvorimiz. Yurish-turishimizda beg‘araz sevgini namoyon etishga intilamiz. (Yuhanno 13:34, 35) Xudoni ranjitadigan ishlardan, jumladan, Muqaddas Kitobga zid bo‘lgani uchun qon quyishdan bosh tortamiz. (Havoriylar 15:28, 29; Galatiyaliklarga 5:19–21) Tinchlikka intilamiz va urushlarda qatnashmaymiz. (Matto 5:9; Ishayo 2:4) Yashayotgan mamlakat hukumatini hurmat qilib, Xudoning me’yorlariga zid bo‘lmagan qonunlariga bo‘ysunamiz. (Matto 22:21; Havoriylar 5:29)
Boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimiz. Iso: «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving»,— degan. Qolaversa, u masihiylar «dunyoga tegishli emas» deb aytgan. (Matto 22:39; Yuhanno 17:16) Shuning uchun, hammaga yaxshilik qilishga urinamiz, biroq shu bilan birga siyosiy masalalarda betaraflikni saqlab, boshqa dinlarning ishiga aralashmaymiz. (Galatiyaliklarga 6:10; 2 Korinfliklarga 6:14) Lekin bu masalalarda boshqalar chiqargan qarorni hurmat qilamiz. (Rimliklarga 14:12)
Yahovaning Shohidlari nimalarga ishonishi haqida savollaringiz bo‘lsa, saytimizda, filiallarimiz birida, sizga yaqin bo‘lgan Yig‘ilish zalida yoki Yahova Shohidlarining biri bilan suhbatlashib ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.
a «Truth in Translation», 165-sah. qarang.
b Xudoga qarshi chiqqan farishtalar ruhiy shaxslar, lekin ular osmondan uloqtirilgan. (Vahiy 12:7–9)