Asosiy materiallarga o‘tish

2019-YIL 11-OKTYABR
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR

2019-yilgi majlisning qisqacha bayoni

2019-yilgi majlisning qisqacha bayoni

2019-yili 5-oktyabr shanba kuni «Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyati (Pensilvaniya)» Nyubergdagi (AQSH, Nyu-York) Yahova Shohidlarining Anjuman zalida o‘zining rasmiy yilgi majlisini o‘tkazdi. Majlisning rasmiy qismidan so‘ng Yetakchi kengash 20679ta tinglovchiga, jumladan, masofaviy ulanganlarga ham, imonni mustahkamlovchi ma’naviy dasturni taqdim etdi. Quyida dasturdagi har bir qismning qisqacha bayoni keltirilgan. *

«Birgina Yo‘lboshchingiz bor. U ham bo‘lsa Masihdir»

Dastur raisi bo‘lib xizmat qilgan birodar Gerrit Lyosh Matto 23:10ga asoslangan kirish nutqida bizning yo‘lboshchimiz qandaydir kishi emas, balki Iso Masih ekanini eslatdi.

Yordam berish ishi — Yahovaning muhtojlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidir

Birodar Stiven Lett boshqalarga astoydil yordam berish va saxiy bo‘lish muhim ekanini tushuntirib o‘tdi. Saxiylik ko‘rsatishimiz mumkin bo‘lgan bir soha — tabiiy ofatlardan talafot ko‘rganlarga yordam berishdir. Birodar Lett 2018 va 2019 xizmat yillari davomida tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar va uni bartaraf etish uchun qilingan yordam ishlari haqida so‘zladi. 900000dan oshiq imondoshimiz bunday ofatlardan jabr ko‘rgan, 700dan ziyod Yig‘ilish zali va 15000ta imondoshimizning uyi shikast yegan yoki butunlay vayron bo‘lgan. Yahovaning Shohidlari bunday yordam ishlariga 49,5 million dollar sarflashdi.

Qolaversa, dasturning mazkur qismida bunday yordam berish ishlaridan foyda olgan va’zgo‘ylarning samimiy minnatdorchilik so‘zlarini o‘z ichiga olgan videolar ham ko‘rsatildi.

«Xudo bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Qani, qurilishni boshlaylik!» | Video

Bu videoda butun dunyodagi taxminan 80000ta bino Yahova Shohidlarining mulkiga qarashli ekani haqida aytildi. Shuningdek, tashkilotimiz binolari qay yo‘sin ta’minlanayotgani, ta’mirlanayotgani va qurilayotgani ham muhokama qilindi.

«Binolarni sotish tarixiga bir nazar» | Video

Mazkur video o‘tmishda Qo‘shma Shtatlar filialining va Bosh idoraning binolarini tanlashga va sotib olishga ko‘maklashgan uchta birodar, ya’ni Marks Larson, Jorj Kauch va Gilbert Nazaroffning intervyularini o‘z ichiga olgan. Bu birodarlar turli binolarni xarid qilishda Yahovaning qo‘lini ko‘rishgani haqida aytib berishdi.

«Yangi qurilish rejalashtirilmoqda» | Video

Ushbu videoda e’lon qilinganidek, Yahovaning Shohidlari media mahsulotlarni Ramapoda (Nyu-York) quriladigan yangi binoda ishlab chiqarishni rejalashtirishmoqda. Mazkur bino Uorvikdagi (Nyu-York) Bosh idoradan taxminan 3 kilometr masofada joylashgan. Bu qurilish 2022-yilda boshlanib, 2026-yilning dekabr oyigacha tugatilishi kutilmoqda. O‘tkazilgan hisob-kitobga ko‘ra, qurilishning avj nuqtasida har kuni 1500ta ixtiyoriy xizmatchi kerak bo‘ladi.

Ramapoda (Nyu-York) quriladigan yangi Baytil binosining loyihasi. Ushbu loyiha studiya, ofislar, yashash binolari va tashrif buyuruvchilar uchun maxsus joy qurishni o‘z ichiga oladi

«Arizalarni to‘ldirish va ko‘rib chiqish uchun mo‘ljallangan yangi dastur» | Video

Mazkur videoda tushuntirilganidek, xizmatini kengaytirmoqchi bo‘lgan va’zgo‘ylar 2020-yil yanvar oyidan boshlab arizalarni jw.org saytida to‘ldirib, ularni jamoatlaridagi oqsoqollar kengashiga jo‘natishlari mumkin bo‘ladi. Shunda oqsoqollar bu arizalarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ladi.

JW.ORG saytidagi audiofayllarni tinglashning yangi usuli

Endi JW.ORG saytidagi audioyozuvlarni «Amazon Alexa» yoki «Google-Assistant» ovozli yordamchisi orqali tanlab, tinglasangiz bo‘ladi.

Shimol tomondan qilingan hujum

Birodar Deyvid Spleyn Yo‘el kitobining 2-bobida tilga olingan chigirtkalar galasi haqidagi bashoratning tushunchasini oydinlashtirdi. Biz ushbu tushuncha «Qo‘riqchi minorasi»da paydo bo‘lishini va uni o‘rganib chiqishni intizorlik bilan kutyapmiz.

«Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning Mattodan to Havoriylargacha kitoblarini o‘z ichiga olgan tadqiq nashri

Muqaddas Kitobning tadqiq nashri yordamida tadqiq o‘tkazing

Birodar Semyuel Xyord «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning onlayn tadqiq nashrining foydali tomonlarini ta’kidlab o‘tdi. Keyin u «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning Mattodan to Havoriylargacha kitoblarini o‘z ichiga olgan tadqiq nashri bosib chiqarilganini e’lon qildi. Va’zgo‘ylar uning nusxasini o‘zlarining mahalliy jamoatlarida buyurtma qilishlari mumkin.

Qiladigan ishimiz ko‘p!

Birodar Entoni Morris masihiylar uchun xushxabarni va’z qilish asosiy vazifa ekanini ta’kidladi. Tashkilotimiz binolari Yetakchi kengashga va’zgo‘ylik faoliyatini tashkillashtirishda va Yahovaning xalqiga ma’naviy ozuqani taqdim etishda xizmat qilmoqda. Birodar Morris «Qo‘riqchi minorasi»ning 1976-yil 15-noyabr sonidagi (ingl.) shunday ruhlantiruvchi so‘zlarni keltirdi: «“Buyuk musibat” boshlanganda, biz har qachongidan ham ko‘proq va’zgo‘ylik ishi bilan band bo‘lishimiz kerak. Hazrati Iso hukmni ijro etish uchun kelishi hamma odamlar, hatto Yahovaning xalqi uchun kutilmaganda yuz beradi, chunki o‘shanda ular har qachongidan ham ko‘proq Yahovaning irodasini bajarish bilan band bo‘lishadi».

Kimdan qo‘rqishimiz kerak?

Birodar Mark Sanderson, Iso bashorat qilganidek, Allohning xalqidan «hamma xalqlar» nafratlanishini tushuntirib o‘tdi. (Matto 24:9) Lekin birodar Sanderson odamlardan emas, Yahovadan qo‘rqishimiz kerakligini aytdi. (Zabur 111:10)

Shuningdek, birodarning nutqida Rossiyadagi ta’qib qilinayotgan imondoshlarimiz ta’qiblardan qo‘rqish hissini qay yo‘sin yengishayotgani haqida ta’sirli video ko‘rsatildi. Ushbu nutq va video Yahovaning barcha xizmatchilarini xuddi shunday ruhni rivojlantirishga undadi.

Butunlay hushyormisiz?

Birodar Jeffri Jekson Yunoncha yozuvlarda tom ma’noda «hushyor» ma’nosini bildiruvchi ibora ishlatilgan oyatlarning amaliy tomonini ko‘rsatdi. Shuningdek, u ushbu oxirzamonda «har narsada hushyorlikni saqlash»da (tom ma’noda «mukammal darajada hushyor bo‘lish») davom etish muhimligiga e’tibor qaratdi. (1 Butrus 1:13)

Bular uchun qayg‘urasizmi?

Birodar Kennet Kuk 2020-yil uchun Matto 28:19-oyat tanlanganini e’lon qildi. Yillik oyat quyidagi so‘zlarni o‘z ichiga oladi: «Shuning uchun boringlar,.. shogird tayyorlanglar. Ularni... suvga cho‘mdiringlar». Qolaversa, birodar Kuk Yahovaga hayotini bag‘ishlashni va suvga cho‘mishni istovchi qalbi pok insonlarga ko‘maklashish kerakligini aytib o‘tdi.

Yilgi majlis kabi ma’naviy dasturlar bizni Yahovaga tinmay xizmat qilishda jon kuydirishga undaydi.

^ 2- x.b. Yilgi majlisning to‘liq dasturi 2020-yil yanvar oyida jw.org saytiga qo‘yiladi.