20202-YIL 16-APREL
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR
2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi. Afrika
Dastur televidenie va radio orqali uzatildi
2020-yili Qutlug‘ Kechlik marosimi o‘tgan yillaridan boshqacha bo‘ldi. Afrikaning turli hududlarida marosim dasturi ilk bor tele va radiostansiyalar orqali bir qancha tilda uzatildi.
Bu tufayli Qutlug‘ Kechlik dasturini 407000 dan oshiq va’zgo‘y tomosha qildi. Dasturni tomosha qilgan qiziquvchilar soni esa aniq emas. Shuningdek, dastur 150 milliondan ziyod aholi yashaydigan hududda uzatilgani bois, uni qancha odam ko‘rgani noma’lum.
COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo bo‘ylab aksariyat odamlar Qutlug‘ Kechlik nutqini videokonferensiya orqali tomosha qildi. Afrikadagi ko‘p va’zgo‘ylar esa Internet va mobil aloqa xizmati juda qimmat bo‘lgan hududlarda yashagani bois, dasturni internet orqali tomosha qilish yoki yuklab olish imkoniga ega emas. Shuning uchun Yetakchi kengash muayyan filiallar xususiy hamda davlat tele va radiostansiyalari bilan shartnoma tuzishiga ruxsat berdi. Natijada Qutlug‘ Kechlik dasturini uzatish bu filiallarga uncha qimmatga tushmadi.
Qutlug‘ Kechlikdan oldin 11ta filialdagi — Angola, Benin, Kamerun, Kot-d’Ivuar, Kongo Demokratik Respublikasi, Gana, Malavi, Mozambik, Senegal, Zambiya va Zimbabvedagi — birodarlar tele va radiostansiyalar bilan bog‘lanishdi hamda Qutlug‘ Kechlik nutqi 16ta mamlakatdagi 36tadan oshiq hududda keng ommaga uzatilishini kelishib olishdi.
Angola
Hammasi bo‘lib oltida radiostansiya Qutlug‘ Kechlik dasturini oltita til, ya’ni ibinda, kikongo, kimbundu, nyaneka, portugal va mbundu tillarida uzatishga rozi bo‘ldi. Dastur radio orqali mamlakatning aholi eng zich joylashgan ayrim hududlarida eshittirildi.
Kongo Demokratik Respublikasi
Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan bir qiz, oilasi Yahovaning Shohidlariga qarshi bo‘lgani uchun, Qutlug‘ Kechlik dasturini yolg‘iz tomosha qilmoqchi edi. Ammo u nutqni tomosha qilishga hali tayyorlanayotganida, otasi mehmonxonadan: «Ana, boshlandi!» — deb uni chaqirdi. U xonaga kirganida butun oilasi Qutlug‘ Kechlik dasturini tomosha qilish uchun yig‘ilib o‘tirganini ko‘rib hayron qoldi. Uning butun oilasi, ya’ni o‘n kishi dasturdan bahramand bo‘ldi.
Luena yaqinidagi qishloqda yashovchi Yahovaning Shohidi bo‘lmagan bir kishi shunday dedi: «Bizning pastorlarimiz hech narsa qilishmadi. Sizlar esa hatto COVID-19 pandemiyasi paytida ham Xudoga topinishda davom etyapsiz. Biz sizlarga qo‘shilamiz!»
Gana
Davlat telestansiyasi Qutlug‘ Kechlik dasturini tvi tilida namoyish etishga rozi bo‘ldi. Bu stansiya odamlarni dasturni ko‘rishga taklif qilish uchun hatto reklama ham ko‘rsatdi. Qutlug‘ Kechlik dasturini uzatishdan tashqari, bu telestansiya «Iso nima uchun o‘lgan?» va «Nega Alloh azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ymoqda?» nomli videolarni hamda «Yaqindir yangi dunyo» va «Jannat yaqindir» nomli musiqali videolarni namoyish etdi.
Senegal
Bitta imondoshimiz: «Odamlar Yahova to‘g‘risida televidenie va radio orqali bilib olishdi. Bu juda ajoyib! Bu katta baraka va biz baxtiyormiz. Xudoyimiz Yahova bilan faxrlanamiz!» — dedi.
Boshqa imondoshimiz esa shunday deb bo‘lishdi: «Qutlug‘ Kechlik nutqi televidenie orqali namoyish etilishini eshitganimda, bunday deb o‘yladim: “COVID-19 dastidan Kechlikka taklif qilish kampaniyasini amalga oshira olmagandik. Ammo dastur televidenie orqali namoyish etilsa, baribir ko‘p odamlar uni ko‘rishi mumkin”. Men tezda o‘zim tadqiq o‘tadigan odamlar, takroriy tashriflarim va Yahovaning Shohidi bo‘lmagan barcha tanishlarimga telefon qilib, dastur televidenie orqali uzatilishini aytdim. Men tadqiq o‘tadigan to‘qqiz kishi va ularning oila a’zolari nutqni tomosha qilishdi. Ziginshorda televidenie orqali dasturni tomosha qilgan bir qarindoshim bu mavzuda ko‘proq suhbatlashishni so‘radi va men jon deb rozi bo‘ldim».
Bu o‘zgacha tadbir Yahova uchun «imkonsiz narsa yo‘q» ekanining yana bir isboti. (Matto 19:26)