Asosiy materiallarga o‘tish

2020-YIL 21-APREL
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR

2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi. JW.ORG sayti

Saytimizdan har qachongidan ham ko‘proq odam foydalanmoqda

2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi. JW.ORG sayti

Dunyo bo‘ylab barcha koronavirusdan azob chekmoqda. Bu paytda Yahovaning Shohidlari Qutlug‘ Kechlik mavsumida ko‘proq va’z qilish uchun jon kuydirib harakat qildi. Natijada Muqaddas Kitob asosida tasalli izlash va yuz berayotgan voqealardan xabardor bo‘lish uchun ko‘proq odam saytimizdan foydalanmoqda. Mart oyida saytimizga kirganlarning soni oldingi oyga qaraganda 50 foizga oshdi va har qachongidan ko‘proq odam Muqaddas Kitob tadqiqini so‘radi.

Pandemiya boshlanganidan beri saytimizga kirayotganlarning soni tobora oshib bormoqda. Fevral oyida saytimizga har kuni taxminan ikki million odam kirgan va bu odatiy ko‘rsatkich. Mart oyida saytimizga kunda kirganlarning soni uch milliondan oshdi. Koronavirus bilan bog‘liq maxsus yangiliklar chiqqan kunlari esa bu son to‘rt yarim milliondan ziyod bo‘ldi. 2020-yil 7-aprel kuni saytimizga yetti milliondan oshiq odam kirdi va ularning aksariyati maxsus ertalabki topinish dasturini hamda Qutlug‘ Kechlik nutqini tomosha qildi.

Pandemiya paytida saytimizga kirganlar soni nihoyatda o‘sdi; Qutlug‘ Kechlik marosimi kuni eng yuqori ko‘rsatkich yetti milliondan oshdi

Yahova Shohidlarining Uorvikda (Nyu-York) joylashgan bosh idorasidagi MEPS dasturlash bo‘limining noziri Martin Klayv quyidagicha dedi: «Yilning bu paytida ko‘p odam Qutlug‘ Kechlik marosimi qayerda va qachon o‘tkazilishini bilish uchun saytimizga kiradi. Bu yili ko‘p qiziquvchilar mahalliy jamoatlar bilan birga yig‘ila olmas edi, shuning uchun 2020-yilgi maxsus nutqni va Qutlug‘ Kechlik nutqini 500 dan oshiq tilda saytimizga joylashtirdik. Mazkur nutqlarni millionlab odam yo tomosha qildi, yo yuklab oldi. Ushbu pandemiya paytida saytimizga shuncha ko‘p odam kirayotgani jw.org sayti nafaqat Yahovaning Shohidlari, balki boshqalar ham Muqaddas Kitob asosida yo‘l-yo‘riq va tasalli olishida muhim o‘rin egallashini ko‘rsatmoqda».

Saytimizdan maxsus nutqni (to‘q sariq) va Qutlug‘ Kechlik nutqini (havo rang) yuklab olganlar soni

Saytimizga kirayotganlarning ko‘pi sog‘lik, kasallikdan saqlanish, jumladan, stress va tashvishlanish borasida ma’lumot izlayotgani ajablanarli emas. Shuningdek, anchagina odam oxirzamon alomati hamda Vahiy kitobining 6-bobidagi to‘rtta chavandoz borasida Muqaddas Kitob asosida ko‘proq ma’lumot izlayapti.

E’tiborlisi shuki, onlayn Muqaddas Kitob tadqiqlarini so‘raganlarning soni ham o‘sdi. Odatda bu son kuniga taxminan 250 ta bo‘lardi. Mart oyi davomida bu son 40 foizga oshib, kuniga taxminan 350 tani, oyiga esa deyarli 11 000 ta so‘rovni tashkil qildi. Qutlug‘ Kechlik va uning ertasi kuni 1000 dan oshiq odam jw.org saytiga kirib, Muqaddas Kitob tadqiqini so‘radi.

Iso: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir»,— deb aytgan edi. (Matto 5:3) Ushbu og‘ir paytlarda shuncha ko‘p odam tasalli va ma’naviy yordam izlab Yahova hamda Uning tashkilotiga murojaat qilayotganini ko‘rishdan xursandmiz. (2 Korinfliklarga 1:3, 4)