Asosiy materiallarga o‘tish

Koreyadagi O oilasi Qutlug‘ Kechlik marosimida birga. Ikki qizi va otasi (chapda) uyida marosimni o‘tkazishyapti. Onasi (o‘ngda) kasalxonada, videokonferensiya orqali ular bilan birga

2020-YIL 22-APREL
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR

2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi. Osiyo

Yaponiya va Janubiy Koreyadagi imondoshlarimiz keksaligiga va zaif sog‘ligiga qaramay Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkazishdi

2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi. Osiyo

COVID-19 pandemiyasi sababli, Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkazish ayniqsa kasalxonadagi va qariyalar uyidagi imondoshlarimiz uchun oson kechmadi. Chunki, ko‘p yerlarda ularga o‘sha binolarni tark etish yoki begonalarning kelishi ruxsat etilmadi. Bu qiyinchiliklarga qaramay, aziz imondoshlarimiz mahalliy oqsoqollarning ko‘magi bilan yildagi eng muhim marosimni o‘tkaza olishdi.

Janubiy Koreya

Nadju shahrida 91 yoshli Chom Sun Li va 88 yoshli E Sun Kvon opalarimiz 96 yoshli qiziquvchi ayol bilan Qutlug‘ Kechlikni birga o‘tkazishdi. Ular yashayotgan qariyalar uyidagi bitta shifokor Yahovaning Shohidi. U o‘z uyida jamoati bilan bog‘lanib marosimni o‘tkazgach, yana qariyalar uyiga qaytib bordi va opalarimizga jw.org saytidagi dasturni tomosha qilishga ko‘maklashdi. Ularga timsollarni ham olib keldi.

Iyjonbu shahrida Che Chxol Chxve birodar 14 ta imondoshimiz yashaydigan qariyalar uyida ishlaydi. Pandemiyaga qaramay, bu birodar ularga va qiziquvchi insonlarga marosim video orqali uzatilishiga g‘amxo‘rlik qildi. Bundan so‘ng ba’zi kishilar bilan Muqaddas Kitob tadqiqi boshlandi.

59 yoshli Te Sun Kim opamiz Chxonanda yashaydi. Bu opamiz saraton kasalligiga chalingani besh yil oldin ma’lum bo‘ldi. Qattiq og‘riqlar tufayli uni yaqinda kasalxonaga joylashtirishdi. U yotgan xonada Chon Mi Kim ismli boshqa opamiz ham bor edi. U 69 yoshda va saratonga chalingan. Bu opalarimiz pandemiya tufayli kasalxonani tark eta olishmas edi. Lekin mahalliy oqsoqollarning yordami tufayli o‘z jamoatlari bilan videokonferensiya orqali Qutlug‘ Kechlikni qoldirishmadi.

Ikki opamiz ham minnatdorchiligini bildirib, oqsoqollarga xat jo‘natishdi. Ular quyidagicha yozishdi: «Qutlug‘ Kechlik marosimini qoldirmaslikka va COVID-19 pandemiyasi hamda yomon sog‘ligimizga qaramay, imondoshlarimiz bilan zavq ila vaqt o‘tkazishga yordam berganingiz uchun katta rahmat».

Yaponiya

Mie prefekturasida (Yaponiya) yashaydigan 70 yoshli Miyoko Fujivara opamiz kasalxonada edi. U yerda Internet bo‘lmagani uchun, jamoati bilan birga dasturni video orqali tomosha qilish uchun bog‘lana olmasdi. Ammo mahalliy oqsoqol va uning xotini Qutlug‘ Kechlik nutqining yozuvini mobil telefoni orqali opamizga yuborishdi. Shu yo‘sin, u o‘z xonasida marosim yozuvini tomosha qila oldi.

Dzama shahrida (Kanagava prefekturasi) 102 yoshli Yuki Takeuchi opamiz qariyalar uyida istiqomat qiladi. Qutlug‘ Kechlik marosimidan avval uning qizi bilan kuyovi unga non va sharobni olib kelishdi. Keyin esa opamiz ular bilan telefon orqali bog‘lanib marosimni o‘tkaza oldi.

Kuyovi, Mimura birodarimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Qaynonam 1954-yili suvga cho‘mgan edi va hech qachon marosimni qoldirmagan. Garchi bu yili Qutlug‘ Kechlik o‘zgacha bo‘lgan bo‘lsa ham, uni qoldirmaganidan juda mamnun».

Aminmizki, ushbu aziz imondoshlarimiz Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkaza olishi uchun mahalliy oqsoqollarning yordami bilan qilgan harakatlari Tangri Yahovaning nazaridan chetda qolmadi. (Ibroniylarga 6:10)