2020-yil 5-MAY
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR
Imondoshlarimiz pandemiya dastidan yaqinlarini yo‘qotganlarga tasalli bermoqda
Garchi qo‘limizdan kelgancha koronavirusdan himoyalanishga harakat qilsak-da, ayrim birodar-u opa-singillarimiz ushbu virus dastidan hayotini yo‘qotishdi. (Voiz 9:11) Afsuski, hozirda dunyo bo‘ylab 872 nafar aziz imondoshlarimiz COVID-19 virusini yuqtirib vafot etishdi. Imondoshlarimiz judolik azobidan qiynalayotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tezda harakatga tushishdi. (1 Korinfliklarga 12:26) Shunday qiyin damlarda barchamiz Filippiliklarga 4:7 da aytilganidek, tinchlik beruvchi Allohga tayanamiz.
Italiyaning shimolidagi Bolsano shahrida maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Unnyutzer Xannchen opamiz Yahovaning xalqi bir-birini qo‘llab-quvvatlashini o‘zida his etdi. Afsuski, uning eri, Unnyutzer Manfred akamiz 2020-yil 28-mart kuni koronavirusdan vafot etdi. Manfred akamiz qariyb 58-yil to‘la vaqtli maxsus xizmatda ishtirok etdi, xotini esa u bilan birga deyarli 54-yil xizmat qildi. Birgalikda ular 25-yil tuman nozirlik xizmatida bo‘lishdi. Videokonferensiya orqali o‘tkazilgan dafn marosimida turli mamlakatlardan 1000dan ziyod imondoshlarimiz ishtirok etishdi.
Xannchen opamiz shunday dedi: «Imondoshlarimdan juda minnatdorman. Ular meni hech ham yolg‘iz qoldirishmadi, hatto bir soatga ham. Men ko‘p mehr ko‘rdim! Ular menga g‘amxo‘rlik qilib, Muqaddas Kitob yordamida dalda berib, zaruriy ehtiyojlarimni qondirishdi. Birodar-u opa-singillarimning hammasini yaxshi ko‘raman».
Monkada Mariya Xose va Darvin judolik azobini chekib, g‘amxo‘rlik ko‘rgan yana bir juftlikdir. Ular Ekvadorda kechua tilda so‘zlashuvchi hududda xizmat qilishadi. Afsuski, Mariya opamizning ota-onasi bir-biridan olti kun farq bilan kasallikka chalinib vafot etishdi. Uning 56 yoshli onasi Fabiola Santana Jordan doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilgan, otasi 60 yoshli Rikardo Jordan esa Guayakil shahridagi Praderas jamoatida xizmatkor bo‘lgan. Shuningdek, Mariya opamizning ikkita aka-ukasi ham COVID-19 virusi bilan kasallanishdi, lekin tuzalishdi.
Yuragi tilka-pora bo‘lgan Mariya opamiz oila a’zolarini hissiy tomonlama qo‘llab-quvvatlash va dafn marosimini o‘tkazishga yordamlashish uchun to‘r soatlik yo‘lga tushishga tayyor edi. Ammo eri bilan ibodat qilib mulohaza yuritgach, Guayakilga borish oqilona emas degan qarorga kelishdi. Shunga ular qarindoshlari bilan videokonferensiya orqali bog‘lanishdi. Mariya opamiz shunday dedi: «Qarindoshlarimiz bilan uchrashganimizda o‘zimizning hamda boshqalarning salomatligini xavf ostiga qo‘ygan bo‘lardik».
Albatta, Mariya opamiz o‘zi aytganiday «azob chekib qayg‘urgan», biroq u va eri ma’naviy faoliyatni to‘xtatishmadi. Ha, ular tinmay Yahovaga ibodat qilib yo‘l ko‘rsatishini so‘rashdi. Mariya opamiz va eri Iso Masihning o‘limini xotirlash marosimiga tayyorlanib, qiziquvchilarni taklif etishni va Isoning yer yuzidagi oxirgi kunlari haqida yozilgan oyatlarni o‘qishni davom ettirishdi. Shuningdek, ular xatlar yozib va’zgo‘ylik qilishni va videokonferensiya orqali jamoat yig‘ilishlarida qatnashishni to‘xtatishmadi. Mariya opamizning imondosh bo‘lmagan to‘qqizta qarindoshi videokonferensiya orqali ispan tilida o‘tadigan Qutlug‘ Kechlikka qo‘shilishga rozi bo‘lishdi.
«Tadqiq o‘tayotgan kishilar Qutlug‘ Kechlik nutqini tinglash uchun elektron qurilma yordamida qiynalib bo‘lsa ham, bog‘lanishga harakat qilganini ko‘rish juda daldali edi»,— dedi Mariya opamiz. Keyin u shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Oila a’zolarim boshqa mamlakatlarda yashaganiga qaramay, marosimga qo‘shilganini ko‘rish menga o‘zgacha quvonch baxsh etdi».
Mariya opamiz yana shularni aytdi: «Bu voqeadan ko‘rinib turibdiki, vaziyatimiz qanchalik achinarli bo‘lmasin, xizmatda faol bo‘lish og‘riqni yengishga va Yahovaning barakasini ko‘rishga yo‘l ochadi».
Ushbu pandemiya davrida dunyo bo‘ylab yashayotgan imondoshlarimiz yaqinlarini yo‘qotgan kishilar bilan birga qayg‘urmoqda. Biz azob chekayotganlar uchun ibodat qilib turamiz. Kelajakda Tangri Yahova hamma azoblarning sababini, xususan o‘latlarni bartaraf qilib, hayotdan ko‘z yumgan barcha sodiq xizmatchilarini tiriltiradigan vaqtni kutyapmiz. (1 Korinfliklarga 15:21, 22)