Asosiy materiallarga o‘tish

2019-YIL 11-OKTYABR
DUNYO BO‘YLAB YANGILIKLAR

JW Internet-televideniesiga besh yil bo‘ldi!

JW Internet-televideniesiga besh yil bo‘ldi!

Oxirgi besh yil davomida umumjahon birodarligimiz JW Internet-televideniesidagi oylik ko‘rsatuvdan bahramand bo‘lib kelmoqda. 2020 xizmat yili va undan keyingi yillar uchun mo‘ljallangan JW Internet-televideniesidagi ko‘rsatuvlarni intiqib kutar ekanmiz, 2014-yili oktyabrda ilk bor shunday ko‘rsatuv chiqqanidan boshlab erishilgan ajoyib yutuqlarning ayrimlarini ko‘rib chiqaylik.

185 ta tilga tarjima qilingan. Dastlab JW Internet-televideniesidagi oylik ko‘rsatuv faqat ingliz tilida chiqardi. Keyinchalik 2015-yili may oyida Yetakchi kengash ushbu ko‘rsatuv qo‘shimcha 40 dan ziyod tillarga tarjima qilinishiga ruxsat bergandi. Endi esa, atigi to‘rt yil o‘tgach, ushbu ko‘rsatuv o‘rtacha hisobda 185 ta tilga tarjima qilinyapti.

Butun dunyodan jamlangan. JW Internet-televideniesidagi oylik ko‘rsatuv umumjahon birodarlikka mo‘ljallangani uchun, bora-bora ko‘proq videolar butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan video guruhlari tomonidan tayyorlanmoqda. Odatda oylik ko‘rsatuv olis joylardagi, jumladan, Efiopiya, Islandiya, Mongoliya, Saypan oroli, Tuvalu va Ugandaning chekka hududlaridagi jamoatlar haqida qisqacha ma’lumot beruvchi videolavha bilan tugaydi. JW Internet-televideniesidagi oylik ko‘rsatuv 230 ta mamlakatda, jumladan, subantarktika mintaqasida joylashgan doimiy aholisi yo‘q Xerd va Makdonald orollarida ham tomosha qilinadi. Yangi ko‘rsatuv chiqqanidan keyin uni ko‘rganlar yoki yuklab olganlarning o‘rtacha oylik ko‘rsatkichi taxminan 8,6 millionni tashkil etadi.

Videolar xilma-xilligi. Besh yil ichida chiqqan oylik ko‘rsatuvlar umumiy hisobda 60 soatdan ziyod vaqtni qamrab olgan. Ushbu ko‘rsatuvlar nutqlarni, intervyularni, hayotiy voqealarni, yangiliklarni va sahnalashtirilgan videolarni o‘z ichiga oladi. «The Best Life Ever» nomli ingliz tilidagi ilk taronaning chiqishi bilan musiqali videolar oylik ko‘rsatuvning ajralmas qismiga aylangan. Ushbu taronalar 368 ta tilga tarjima qilinmoqda.

Olib boruvchilar. Dastavval har bir ko‘rsatuvni faqat Yetakchi kengash a’zolari olib borishardi. Keyinchalik ko‘rsatuvni olib borishda Yetakchi kengash qo‘mitalarining yordamchilari ko‘maklashib, ba’zida ko‘rsatuvga boshlovchilik qilishdi. Umumiy hisobda oylik ko‘rsatuvlarni olib borishda yoki bunda yordam berishda 29 ta har xil birodar qatnashgan.

Minnatdorchilik izhorlari. Insult bo‘lib, uning nojo‘ya oqibatlari bilan kurashib kelayotgan Qo‘shma Shtatlardagi bir birodarimiz taronalar uchun minnatdorligini bildirib, quyidagicha dedi: «Ma’naviy mavzulardagi ajoyib musiqalar hayotimga yangicha qarashga va ushbu sinovga dosh berishimga yordamlashdi. Bu musiqalar masihiylarga xos fazilatlarni rivojlantirishimga qanchalik ko‘p yordam berganidan lol qoldim. Shu sovg‘a uchun kattadan-katta rahmat!»

Saraton dastidan yosh o‘g‘lini yo‘qotgan Qo‘shma Shtatlardagi bir oila 2016-yil noyabrda chiqqan oylik ko‘rsatuvni tomosha qilgandan keyin shunday so‘zlarni aytishdi: «“Jannat yaqindir” nomli musiqali videoni ko‘rib, yig‘lab yubordik. Biz o‘zimizni videodagi jannatda tasvirlangan ota-onaday his qildik. Hissiy og‘riqqa boshqa chiday olmayman, deb o‘ylaganimda, Yahova doimo bizni tushunayotganiga va bu azobni yengishga ko‘maklashishiga ishontiradi. Ushbu video Yahovaga chin qalbdan qilgan ko‘plab ibodatlarimizga javob bo‘ldi».

Ukrainadagi bir juftlik oylik ko‘rsatuvlar uchun minnatdorchiligini quyidagicha bildirdi: «JW Internet-televideniesi tufayli Yetakchi kengash a’zolari oilamizning a’zolaridek bo‘lib qolishdi!»

Yahova shunday oylik ko‘rsatuvlar orqali butun dunyodagi xizmatchilarini birlashtirayotganidan nihoyatda minnatdormiz! (1 Butrus 2:17)