Asosiy materiallarga o‘tish

Minos Kokkinakis boshqa birodarlar bilan surgunda (chap tarafda) va keyinchalik keksaligida (o‘ng tarafda)

2019-yil 7-YANVAR
GRESIYA

Va’z qilish huquqi uchun olib borilgan yarim asrlik kurash

Va’z qilish huquqi uchun olib borilgan yarim asrlik kurash

Chamasi 80-yil avval mahbuslarga to‘la kema Egey dengizidagi Gresiya oroli — Amorgosga kelib to‘xtaydi. Mahbuslar orasida birodar Minos Kokkinakis ham bor edi. Bu orolda u 13 oy surgunlikda yashashi kerak edi. Gresiya sudi hech qanday tergov o‘tkazmay turib, birodar Minos Kokkinakisni prozelitizmni taqiqlovchi yaqinda qabul qilingan qonunni buzganlikda ayblaydi. 1938–1992-yillarda Gresiya diktatori Ioannis Metaksas tomonidan o‘rnatilgan ushbu qonunni buzganligi uchun hibsga olingan 19 147 nafar Yahovaning Shohidi orasida u birinchisi edi. O‘nlab yillar davomida mazkur davlatdagi yuzlab Shohidlar xushxabarni jasorat ila va’z qilgani uchungina do‘pposlangan, hibsga olingan va qamoqqa tashlangan.

Birodar Kokkinakis taxminan 30 yoshga to‘lganida o‘z e’tiqodi haqida boshqalarga aytish huquqi uchun kurashishni boshlaydi va bu kurash yarim asrga cho‘ziladi. U 60 dan ko‘proq marta hibsga olinadi, olti yildan ziyod umrini qamog‘-u orollardagi surgunlarda o‘tkazadi. U yerlarda uni va boshqa Shohidlarni mudhish sharoitlarda saqlashadi. Birodar Kokkinakis 77 yoshga kirganida uni so‘nggi bor hibsga olishadi. Mazkur choraga shikoyat bildirgan holda, u Gresiya Oliy sudigacha boradi, lekin baribir mag‘lubiyatga uchraydi. Shunda birodar Kokkinakis Gresiya uning din erkinligi huquqini buzayotganini ta’kidlab, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHES) shikoyat arizasini beradi. 1993-yili esa 84 yoshni qoralagan Minos Kokkinakis dunyoga ovozasi ketgan bu ishda g‘alaba qozonadi. O‘shanda IHES ilk bor davlatni din erkinligi huquqini buzganlikda ayblaydi. * 2018-yili ushbu tarixiy qaror chiqarilganiga 25-yil bo‘ldi. Xalqaro ijtimoiy huquq professorining fikricha, IHES bugungi kunga qadar din va e’tiqod erkinligi borasidagi boshqa qarorlarga qaraganda mazkur qarorga eng ko‘p murojaat qiladi.

Rossiya kabi kuchli davlatlar ko‘plab birodarlarimizga o‘z diniga bemalol e’tiqod qilishni taqiqlayotgan bir paytda birodar Kokkinakisning ishi hanuzgacha dolzarbligini yo‘qotmayapti.

Birodar Kokkinakisning imoni va xizmatdagi qat’iyati — xushxabarni va’z qilish yo‘lida ta’qiblarga uchrayotgan barcha uchun a’lo o‘rnakdir. U Xudoga sadoqatni saqlagan va uning g‘alabasi butun dunyodagi Yahova Shohidlarining huquq va erkinliklarini himoya qilishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. (Rimliklarga 1:8)

^ 3- x.b. Minos Kokkinakis 1999-yili yanvarda olamdan o‘tdi.