2020-YIL, 26-MAY
ITALIYA
Italiyada tez yordam bo‘limidagi shifokor bilan intervyu
Birodarimiz Jandomeniko Gulla Erba shahridagi (Komo, Italiya) kasalxonada tez yordam bo‘limida ishlaydi. U COVID-19 pandemiyasi tufayli ko‘p qiyinchiliklarga duch keldi. Lekin u imoni tufayli ichki xotirjamlikni saqlab, boshqalarga ko‘proq tasalli bera olyapti. (2 Korinfliklarga 1:4) Buni Italiya filialidagi ommaga ma’lumot taqdim etadigan bo‘lim u bilan o‘tkazgan intervyudan ko‘rsak bo‘ladi.
Quyida birodarimiz Gulla bilan o‘tkazilgan intervyu parchasi keltirilgan. Aniqlik uchun oz-moz tahrir etildi.
Ushbu pandemiya paytida qanday vaziyatlarga duch kelyapsiz?
Jandomeniko Gulla: Hamma narsa qo‘qqisdan boshlanib ketdi. COVID-19 go‘yo sunamiday bo‘ldi. Bu kasallikka chalingan ko‘proq bemorlarni davolash maqsadida kasalxonamiz bo‘limlarida o‘zgarishlar qilindi. Vaziyat xavfli bo‘lgani uchun oila a’zolar, qarindoshlar va do‘stlar bemorlarni ko‘rishga kelishi mumkin emas. Faqat men ular bilan qo‘ng‘iroqlashib, bemorlarning ahvoli haqida aytib beraman. Bir safar, yarim kechada bir bemorning o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilib, onasi o‘layotganini aytishimga to‘g‘ri keldi. Telefon orqali videokonferentsiya qildim. Bu tufayli o‘g‘li hatto hushsiz bo‘lib yotgan onasini so‘nggi bor ko‘ra oldi. Bu juda ham qayg‘uli vaziyat edi.
Muqaddas Kitobdan bilib olgan narsalar sizga qay yo‘sin tasalli beryapti?
Jandomeniko Gulla: Ba’zi hamkasblarim vahimada bo‘lib, siqilib ketyapti. Men Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganim esa, ichki xotirjamlikni saqlashimga juda yordam beryapti. Tangri Yahova bizni ushbu og‘ir vaqtlar uchun tayyorlagani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu pandemiya Muqaddas Kitobdagi bashoratlar amalga oshayotganining yana bir isbotidir. Bu menga siqilmaslikka yordam beryapti. Oxirgi payt imonim juda ham mustahkamlanganini his etyapman.
Yahovadan olgan tasalli boshqalarga tasalli berishingizga qanday qo‘l kelyapti?
Jandomeniko Gulla: Xudoning kuchini boshqacha tarzda his etadigan bo‘ldim. Bu menga oilam va ishdagilarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashyapti. Pandemiya dastidan qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan birodarlarimga ham yordam berishga hissa qo‘shyapti.
Yahova oilangizga tasalli berishingizga qanday yordam berayotganini batafsilroq aytib bering.
Jandomeniko Gulla: Garchi ish vaqtim uzaygan bo‘lsa ham, oilam bilan Yahovaga topinish uchun qo‘limdan kelganini qilishga jon kuydiryapman. Bu xotinimni mustahkamlayotganini ko‘ryapman. Biz bir-birimizga juda ham yaqin bo‘lib qoldik. Oilaviy topinish, 3 yoshli qizalog‘im Jinevraga ham tasalli berishimga yordam beryapti. U ham vaziyat o‘zgarganini tushunib turibdi va: «Dadajon, ishga bormang. Siz ham kasal bo‘lib qolasiz» yoki «Qo‘rqyapman, dadajonim uyga qaytmasa-chi?!» — deb aytgan so‘zlaridan xavotirlanayotganini bilamiz. Uni tinchlantirish uchun saytimizdagi taronalarni qo‘yamiz, u barini unutib jilmayishni boshlaydi.
Hamkasblaringizga qanday qilib tasalli berasiz?
Jandomeniko Gulla: Yaqinda hamkasbim bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik. U bilan ilgari ishlagan kasalxonada bir necha yil oldin tanishgan edim va Muqaddas Kitob haqida gaplashib turardik. U tadqiqni pandemiya boshlanishidan sal avval boshlab, uni davom ettirishga qaror qilgan edi. Hozir u bilan videokonferentsiya orqali har hafta gohida, hatto ikki marta bog‘lanamiz. Menga rosa dalda berib, u shunday dedi: «Muqaddas Kitobni tadqiq qilganim yaxshiroq yashashimga ko‘maklashyapti. Ortiqcha tashvishlanmayapman. Masalan, nega dunyoga kelganmiz, nega bu pandemiya yuz berdi kabi ko‘p savollarning javoblarini bilib olyapman. Ega bo‘layotgan ishonchim kuchli bo‘lishimga va kelajakka umid bog‘lashimga yordam beryapti».
Jamoatdagi birodar-u opa-singillarga qay yo‘sin tasalli bera olyapsiz?
Jandomeniko Gulla: Afsuski, jamoatimizdagi opamiz [Daniela Sgreva] COVID-19 ga yo‘liqdi va uni zudlik bilan kasalxonaga olib borish kerak edi. Tez yordamda ishlaydigan ikkita birodarimiz bilan bog‘lanib, uni kasalxonaga olib kelishni so‘radim. Birodarlar unikiga borish uchun 50 dan ziyod kilometr yo‘l bosishdi. Ularni ko‘rib opamiz rosa suyundi. Uni kasalxonaga olib kelishganda, u qattiq qo‘rquvda edi. Ammo bizga qarab darrov tinchlandi. Opamiz bilan so‘rashdim. Atrofida nafaqat shifokorlar, birinchi navbatda ma’naviy birodarlari turgani uchun u xotirjam edi. Birodarlarimiz ko‘rsatgan sevgi va yordami tufayli u nihoyatda kuchli edi. Minnatdorlikka to‘la bu opamiz: «Yahova bizga nima kerakligini yaxshi biladi. Lekin bu safar U kutganimdan ham ortig‘ini qildi»,— deb aytdi.
Har kuni Yahovaga va Uning kuchiga ko‘proq tayanyapman. Ishimga mashinada borib kelaman va saytimizdagi taronalarni tinglayman. Bu menga kun bo‘yi ma’nan va hissan kuchli bo‘lishimga yordam beryapti. Yahova meni qo‘llab-quvvatlayotganidan minnatdorman. «Yahova doim biz tomonda» nomli taronani tinglayotib: «Yahova doim men tomonda. Qo‘limdan tutib, qurbonliklarim qadrli ekanini tushunishimga yordam beradi»,— degan so‘zlarni takrorlayman.