2020-YIL 24-IYUN
KONGO DEMOKRATIK RESPUBLIKASI
Kongo (Kinshasa) filialining hududidagi Yahovaning Shohidlari duch kelgan pandemiya, suv toshqini va qurolli to‘qnashuvlar
Kongo Demokratik Respublikasi va Kongo Respublikasining ba’zi hududlaridagi birodar-u opa-singillarimiz koronovirus pandemiyasidan tashqari, suv toshqini va qurolli to‘qnashuvlar dastidan azob chekishmoqda. Kongo (Kinshasa) filiali ushbu ikkita mamlakatdagi va’zgo‘ylik faoliyatiga g‘amxo‘rlik qiladi. Filial shuningdek, u yerdagi imondoshlarimizga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatadi. Hozirgi kunda filial tomonidan tabiiy ofatlardan talafot ko‘rgan imondoshlarimizga yordam ko‘rsatish maqsadida 57 ta qo‘mita tuzildi. 90 000 dan ziyod birodar-u opa-singillarimizga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
2020-yil 16 va 17-aprel kunlari Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy provinsiyalarida yomg‘ir dastidan suv toshqini yuz berdi va 139 ta va’zgo‘y o‘z uyidan mahrum bo‘ldi. Ular imondoshlarimizning uylarida yashamoqda. O‘sha hududdagi tabiiy ofatlardan talafot ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish qo‘mitalari imondoshlarimizga yashash uchun xonadonlar topishga ko‘maklashishyapti.
Boshqa imondoshlarimiz bu qo‘mitalarning ishlari uchun saxiylik ila xayr-ehsonlar qilishdi. Bir hududda birodarlarimiz 700 kilogramm banan, 400 kilogramm don va 220 kilogramm manioka va manioka barglarini yig‘ib berishdi.
Shuningdek, bir jamoatdagi 60 ta va’zgo‘y to‘qnashuv dastidan jabr ko‘rgan hududdagi 50 ta imondoshimizni o‘z uylariga qabul qilishdi. Ular tabiiy ofatlardan talafot ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish qo‘mitalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari kelishidan oldin ham o‘z oziq-ovqatlarini kelganlar bilan bo‘lishishgan.
Kongo Respublikasining poytaxti bo‘lmish Brazzavildagi birodarimiz ko‘rsatilgan yordam uchun shunday minnatdorlik bildirdi: «Hayot ko‘z ochib-yumguncha o‘zgarib ketishi hech gap emas. Men ishlardim va oddiy oylik olardim. Xotinim ham har xil vaqtincha ishlarni qilardi. Shunday qilib, kun kechirardik. Pandemiya boshlangach esa, ishsiz qoldik. Lekin Yahovadan umidimizni uzmadik. Yeguligimiz tugaganda, bizga yordam berish uchun Yahova biror chora ko‘rardi».
Kinshasa shahrida yashovchi Mbui Ester ismli beva opamiz shunday dedi: «Bir oy avval xo‘jayinim hayotdan ko‘z yumdi va men juda yordamga muhtoj edim. Ishsizman, uchta bolamni boqishim kerak. Bizda buncha ko‘p oziq-ovqat hali bo‘lmagan. Yahovaga rahmat!»
Yahova birodar-u opa-singillarimizga g‘amxo‘rlik qilishini va yordam ko‘rsatish ishlarga baraka berishini tilab ibodat qilamiz. Shuningdek, har bir inson yer yuzida mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladigan paytda zavq ila yashashini orziqib kutyapmiz. (Zabur 72:16)