Asosiy materiallarga o‘tish

2020-YIL 29-MAY
MALAVI

Malavida millionlab odamlar jamoat yig‘ilishlarida qatnashyapti

Malavida millionlab odamlar jamoat yig‘ilishlarida qatnashyapti

Malavidagi Filial qo‘mitasi jamoat yig‘ilishlarining dasturlari mahalliy televidenie va radio orqali taqdim etilishini tashkillashtirdi. Malavida 100 000 dan ziyod Yahovaning Shohidi bor. Biroq dasturlarni televideniedan ko‘radigan va radiodan tinglaydigan Yahovaning Shohidi bo‘lmagan ko‘pdan-ko‘p insonlar ham bor. U yerdagi tele-radio kompaniyalarda ishlaydiganlarning aytishicha, dam olish kunlari bu dasturlarni ikki million kishi televidenie orqali ko‘radi, sakkiz million kishi esa radio orqali tinglaydi.

Boshqa ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi Malavidagi birodarlarimiz ham COVID-19 pandemiyasi dastidan Yig‘ilish zallarida uchrashuvlar o‘tkazishmayapti. Jamoatlardagi deyarli hamma va’zgo‘ylar televizor yoki radioga ega. Shu yo‘sin, hatto Internetga ega bo‘lmagan va video orqali ulana olmaydigan imondoshlarimiz ham jamoat yig‘ilishlari dasturlaridan foyda olishmoqda.

Dasturlar mamlakatdagi asosiy tilda, chicheva tilida eshittiriladi. Televidenie orqali taqdim etiladigan dastur esa malavi imo-ishora tilida ko‘rsatiladi. Shuningdek, ommaviy yig‘ilishdan tashqari videolarimiz yoki Muqaddas Kitobning badiiy qiroati ham qo‘yib beriladi. Dasturning oxirida tomoshabin va tinglovchilar jw.org saytiga kirib, boshqa tillarda qo‘shimcha ma’lumot olishga chorlanadi.

Bu dasturlar tufayli Yahovaning Shohidlari haqidagi har xil noto‘g‘ri ma’lumotlar bartaraf etilmoqda. Bitta kishi shunday deb yozdi: «Oxirgi bir necha hafta radio orqali ma’ruzalaringizni eshitib kelyapman. Ular orqali sizlar haqingizda odamlar tarqatgan yolg‘onlar fosh bo‘lyapti. Ma’ruzalaringiz boshqa dinlarnikidan juda farq qiladi. Ular qalbga ta’sir qilyapti!» Bu kishi va oila a’zolari Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi.

Malavidagi filialda ommaga ma’lumot taqdim etish bo‘limida xizmat qiladigan Augustine Semo shunday dedi: «Tele-radio dasturlari birodarlarimiz muntazam ravishda ma’nan oziqlanib turishi uchun zo‘r yordam bo‘lyapti. Qolaversa, Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan ko‘pgina odamlarga ham Muqaddas Kitob asosidagi ta’limotlarni bilib olishga hissa qo‘shyapti. Malavida vaziyat o‘zgarganda, Yig‘ilish zallarimizga ko‘pgina yangi insonlar kelishiga umid qilamiz».

Shunday mushkul paytda Malavidagi imondoshlarimiz va boshqalar ma’nan oziqlanishga imkoni borligidan juda xursandmiz. Bu ishonchli xizmatkorga bo‘lgan minnatdorchiligimizni kuchaytirmoqda, chunki u barchaga ma’naviy rizq-ro‘z berilishiga ishontirmoqda. (Matto 24:45)