Asosiy materiallarga o‘tish

2018-YIL 29-NOYABR
ROSSIYA

Dennis Kristensenni xalqaro huquq himoyachilari qo‘llab-quvvatlamoqda

Dennis Kristensenni xalqaro huquq himoyachilari qo‘llab-quvvatlamoqda

Dennis Kristensen e’tiqodi tufayli 525 kundan ko‘proq vaqt davomida qamoqda o‘tiribdi. Bu vaqt mobaynida u taxminan 50 marotaba sud oldida turgan. Oryol shahridagi Jeleznodorojniy tuman sudida bu ish dekabrning o‘rtasigacha ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda. Birodarimiz qamoqda bir yarim yil davomida umuman taslim bo‘lmayapti. Bu, u uchun butun dunyo bo‘ylab ibodat qilayotgan millionlab imondoshlarimizning duolarini Yahova eshitayotganidan dalolat.

Dennis akamiz Rossiya va boshqa mamlakatlardan sevgi va dalda baxsh etuvchi yuzlab otkritka va rasmlar olmoqda. 30-oktyabrda bo‘lib o‘tgan sudda birodarimiz uni qo‘llab-quvvatlash uchun kelganlarga oyna orqali bir nechta xat va rasmlarni ko‘rsatdi.

Sudda, tanaffus paytida Dennis Kristensen oyna orqali daldali so‘zlar yozilgan bir nechta xatni ko‘rsatdi. 2018-yil, 30-oktyabr

Dennisning ishiga umumjahon birodarligimiz va huquq himoyachilari juda ko‘p e’tibor qaratmoqda. 2017-yili 21-iyulda Moskvadagi «Memorial» nomli huquq himoyachilarining markazi tomonidan Dennis «siyosiy mahbus» deb tan olindi. 2018-yili 20-iyunda fuqarolar jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya prezidenti ixtiyoridagi kengash Bosh prokuraturaga murojaat qilib, Yahovaning Shohidlarini ta’qib qilish qanchalik qonunga muvofiq ekanini tekshirishni aytgan. 2018-yili 26-sentyabrda xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha Qo‘shma Shtatlardagi komissiya tomonidan Dennis Kristensen «din tufayli vijdon tutquni» deb tan olindi.

Ochiq sudda Yahova Shohidlarining yuridik shaxslari faoliyati man etilishi ko‘rib chiqilayotganda, Rossiya hukumati bu alohida shaxslarning huquqlariga ta’sir qilmaydi degan kafillik bergan. Ammo hukumat va polisiya xodimlari harakatlaridan bu kafillikka rioya etilmayotganini ko‘ryapmiz. Ekstremizmga oid qonunlarga ishora qilingan holda xodimlar tomonidan Dennis Kristensen va boshqa ko‘pgina imondoshlarimiz hibsga olindi. Bu yili butun Rossiya bo‘ylab tezkor tadbirlar o‘tkazish va hibsga olish harakatlari avj oldi. Hozirda 25 ta birodar-u opa-singillarimiz qamoqda, 18 tasi uy qamog‘ida va 40 dan oshiq imondoshimizning erkinligi turlicha cheklangan. Kristensen birodarimizning ishi qanday yakun topishi, Rossiyaning deyarli 30 ta tumanidagi 90 dan ziyod Yahovaning Shohidlariga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlariga ham ta’sir qiladi.

Umumjahon birodarligimiz Tangri Yahovaga ibodat qilib, e’tiqodi tufayli ustidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan birodar-u opa-singillarimiz mahkam va jasur bo‘lishini so‘rashda davom etmoqda. Ha, Xudo «tanlanganlari uchun adolatni o‘rnatadigan» vaqtni intiqib kutyapmiz. (Luqo 18:7)