Asosiy materiallarga o‘tish

2018-YIL 23-NOYABR
ROSSIYA

Rossiyada imondoshlarimiz hibsga olinib, qamoqqa tashlanmoqda

Rossiyada imondoshlarimiz hibsga olinib, qamoqqa tashlanmoqda

2018-yil oktyabr oyi mobaynida Rossiyaning g‘arbidagi polisiya xodimlari 30 dan oshiq xonadonda reyd o‘tkazdi. Oltita birodarimiz va ikkita opamiz davlat xodimlarining nazarida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanishda ayblanib qamoqqa tashlandi. Natijada 25 ta birodar-u opa-singlimiz nohaq qamoqda o‘tiribdi va 18 ta imondoshimiz uy qamog‘ida.

7-oktyabr, Sichyovka, Smolensk hududi. Mahalliy polisiya va niqob kiygan maxsus kuchlar to‘rtta uyda tintuv o‘tkazib, 43 yoshli Nataliya Sorokina va 41 yoshli Mariya Troshina ismli ikkita imondoshimizni hibsga oldi. Ikki kun o‘tgach esa, Leninskiy nomli tuman sudi ularga 2018-yil 19-noyabr oyigacha qamoq jazosini tayinladi. So‘ng 2018-yil 16-noyabrda Leninskiy nomli tuman sudi bu imondoshlarimizga qo‘shimcha uch oy, ya’ni 2019-yil 19-fevralgacha davom etadigan qamoq jazosini tayinladi.

9-oktyabr, Kirov, Kirov tumani. Kamida 19 ta uyda reyd o‘tkazildi. Beshta oqsoqol hibsga olindi va ularga qamoq jazosi belgilandi. Birodarlardan to‘rttasi (Maksim Xalturin, Vladimir Korobeynikov, Andrey Suvorkov, Yevgeniy Suvorkov) rus millatiga mansub va bittasi, Andrey Onishuk Polsha fuqarosi. Birodar Onishuk Rossiyada e’tiqodi uchun nohaq hibsga olingan daniyalik Dennis Kristensendan keyingi ikkinchi xorij fuqarosi.

18-oktyabr, Dyurtyuli, Bashkortostan Respublikasi. Polisiya xodimlari kamida 11 ta uyda reyd o‘tkazib, pul, bank kartochkalari, shaxsiy xatlar, kompyuter, sim-karta va uyali telefonlarni tortib oldi. Anton Lemeshev ismli oqsoqol hibsga olindi va ikki oyga qamoqqa tashlandi. 2018-yili 31-oktyabrda esa u ozod qilindi va unga uy qamog‘i tayinlandi. Anton Lemeshev hozirgacha uy qamog‘ida.

Imondoshlarimizning uylarida oxiri yo‘q reydlar o‘tkazilishiga va noqonuniy tarzda narsalari olib qo‘yilishiga qaramay, mahalliy birodar-u opa-singillarimiz qamoqda bo‘lganlar uchun ibodat qilishdan va imkon bo‘lganida ularga hamda ularning oilalariga amaliy yordam ko‘rsatishdan to‘xtamayapti. Dunyo bo‘ylab imondoshlarimiz bu vaziyat yechim topmaguncha, Rossiyadagi sadoqatli birodar-u opa-singillarimiz uchun, hatto ba’zilarining ismini tilga olib, Yahovaga iltijolar qilishda davom etadi. (Efesliklarga 6:18)