2020-YIL 4-MAY
SERRA-LEONE
«Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar» endi krio tilida ham mavjud
Bu nashr chiqqani Serra-Leoneda radio va televidenie orqali e’lon qilindi
2020-yili 26-aprelda Serra-Leoneda 2 000 dan ziyod va’zgo‘y «Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar» krio tilida chiqqani haqida e’lon qilinganda juda xursand bo‘ldi.
Birodarlarimiz ushbu nashrni e’lon qilish maqsaddagi maxsus uchrashuv uchun birgalashib yig‘ila olishmadi, chunki hokimiyat koronavirus pandemiyasi tufayli barcha yig‘inlarni man etgan edi. Shuningdek, Serra-Leonedagi ko‘pgina imondoshlarimiz, ayniqsa kichik shahardagilar, elektron moslamalari bo‘lmagani uchun bu dasturga video orqali ham ulana olishmasdi.
Serra-Leonedagi faoliyatimizni nazorat qilayotgan Liberiyadagi Filial qo‘mitasi Yetakchi kengashning Maorif qo‘mitasiga murojaat qildi. Ular bu nashr chiqqanini e’lon qilib qisqacha dasturni oldindan yozib olishni so‘radi. Ruxsat olgach, imondoshlarimizga bu dasturni televidenie orqali tomosha qila olishi yoki radiodan tinglashi mumkinligi aytildi. Lekin u qay maqsadda tashkillashtirilgani aytilmagan edi.
Maxsus dasturdan bir necha kun oldin bu yangi nashr konvertga solinib, imondoshlarimizning uylariga yuborilgan edi. Konvert ustida uni maxsus dasturdan so‘ng ochish mumkinligi aytilgan edi.
Serra-Leoneda ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qiladigan Megan Diaz opamiz bu dasturdagi e’lonni eshitgach, shunday dedi: «Men Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadigan bir ayol menga qo‘ng‘iroq qilib, nutqni tinglash uchun vaqt ajratganini va Yahova bu nashr chiqishiga ko‘maklashganidan xursand ekanini aytdi. Ertaga tadqiqimizda ushbu yangi nashrdan foydalanamiz».
Krio tilida gapiradigan Tounkara ismli kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqi o‘tkaziladi. U quyidagicha dedi: «Yunoncha yozuvlar krio tilida chiqqani Tangri Yahova Uning kalomi hamma odamlarga yetishini xohlayotganini ko‘rsatmoqda. Bu nashr odamlarga ta’lim olishga ko‘maklashadi va ular uni farzandlariga ham o‘rgata olishiga hissa qo‘shadi. Bu tarjima bizning tilimizda chiqqanidan juda ham xursandman!»
Serra-Leonedagi imondoshlarimizning ko‘pi ingliz tili asosida paydo bo‘lgan kreol tillariga kiradigan krio tilida gapiradi. To‘rtta tarjimon uni krio tiliga ikki yarim yil davomida tarjima qildi. 27-aprel dushanba kuni uning elektron nusxasi jw.org saytiga joylashtirildi.
Serra-Leonedagi birodar-u opa-singillarimiz bilan birga krio tilidagi ushbu yangi nashr chiqqanidan xursandmiz. Bu nashr samoviy Otamiz Yahovaning yana bir «yaxshi va mukammal hadyasi»dir. (Yoqub 1:17)